Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi, “Toshkent-AERO” IBK tezkor tuzilmalari va “Elektron tijorat” bojxona posti xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki holat aniqlandi.

Tekshiruv jarayonida xorijdan kelgan jo‘natmalardan birining ichida 414 gramm, yana birida esa 490,5 gramm og‘irlikdagi “gashish” giyohvandlik vositasi borligi fosh qilingan.

Ma’lum bo‘lishicha, har ikkala holatda ham giyohvandlik vositasi internetdagi narkodo‘konlardan birining kuratori, hozirda Tailandda istiqomat qilayotgan 32 yoshli fuqaro tomonidan yuborilgan.

Ma’lumot o‘rnida, “Elektron tijorat” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari 2023–2025 yillar davomida xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali 14 kgga yaqin giyohvandlik vositalari, 150 kgdan ziyod psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni olib o‘tishga urinish bilan bog‘liq 73 ta holatga chek qo‘ygan.

Tegishli tartibda protsessual harakatlar olib borilmoqda.