Jahon | 08:05 / 17.06.2023
22600
2 daqiqa o‘qiladi

NATO Rossiyaga nisbatan yangi strategiya bo‘yicha kelisha olmadi

NATO mudofaa vazirlari Sovuq urush tugaganidan keyin birinchi marta Rossiya uchun yangi strategiya bo‘yicha kelisha olmadi. Veto Turkiya tomonidan geografik farqlar, jumladan, Kipr bilan bog‘liq bo‘lgan jihatlar tufayli qo‘yildi.

Foto: Reuters

Bryusseldagi ikki kunlik yig‘ilishda NATO mudofaa vazirlari Rossiyaga nisbatan yangi strategiya bo‘yicha kelisha olmadi. 16 iyun, juma kuni NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg uchrashuv ishtirokchilari faqatgina “o‘z pozitsiyalarini birlashtirishga” muvaffaq bo‘lganini aytdi, deb xabar bermoqda Reuters.

Veto Turkiya tomonidan qo‘yilgan, deya xabar beradi agentlik NATOning ismi oshkor etilmagan yuqori martabali diplomatiga tayanib. Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara hujjatdan “geografik jihatlar”, jumladan, Kipr tufayli norozi bo‘lgan. Orolning shimoliy qismi 1974 yildan beri o‘zini “Shimoliy Kipr Turk Respublikasi” deb ataydi, biroq Turkiyadan boshqa hech bir davlat tomonidan mustaqil mamlakat sifatida tan olinmagan.

Xuddi shu manbaga ko‘ra, AQSh Turkiya hali ham o‘z e’tirozlarini qaytarib olishiga umid qilmoqda, keyin esa yangi strategiya iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida qabul qilinishi mumkin.

Hozir muhokama qilinayotgan NATOning Rossiyaga nisbatan yangi strategiyasi Sovuq urush tugaganidan beri birinchisi. Shundan so‘ng, ittifoq mamlakatlari o‘ttiz yil davomida Rossiyani asosiy tahdid deb hisoblamadi. 

Strategiya, Reuters agentligiga ko‘ra, alyansning Rossiyaga qanday munosabatda bo‘lishini ko‘rsatadigan “minglab sahifali harbiy hujjatlar”ni o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid