Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Muzliklar uzra katta raqobat: Grenlandiya AQShga nega kerak?
Tramp Grenlandiyani “ixtiyoriy-majburiy” tarzda sotib olmoqchi. Daniya ko‘nmasa, iqtisodiy va harbiy bosim o‘tkazishini ham ochiqcha aytyapti. Xo‘sh, Qo‘shma Shtatlar muzliklardan iborat orolni nega to‘laqonli o‘ziniki qilmoqchi? O‘zi bu orolning xalqaro huquqiy maqomi qanday?
Grenlandiya – dunyodagi eng katta orol. Uning geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati oxirgi paytlarda nihoyatda oshib ketdi. Yevropa va Shimoliy Amerika o‘rtasidagi strategik joylashuvi orolni AQShning ballistik raketalarga qarshi mudofaa tizimi uchun muhim nuqtaga aylantiradi. Uning mineral boyliklari esa Amerikaning Xitoy eksportiga qaramlikni kamaytirish ambitsiyalarini o‘zida aks ettiradi.
Grenlandiyaning huquqiy maqomi
Grenlandiya 2,1 million kilometr kvadratdan ortiq maydonga ega bo‘lib, hududining qariyb 80 foizi muzliklardan iborat. Aholisi 57 ming kishi. Orol 1814 yilda Daniya tomonidan egallangan. 1979 yilda keng ko‘lamli o‘zini o‘zi boshqarish vakolatini qo‘lga kiritgan. Ya’ni ta’lim, sog‘liqni saqlash, soliq va budjet siyosati kabi ichki masalalar mustaqil tarzda ko‘rib chiqiladi, faqatgina mudofaa va tashqi siyosat masalalari bilan hamon Daniya shug‘ullanadi.
2009 yilgi kelishuvga ko‘ra, Grenlandiya mustaqillik e’lon qilish huquqiga ega. Ammo, baliqchilik va qirollik tomonidan ajratiladigan katta subsidiyalarga bog‘liqlik sabab, bu masala kun tartibida faol muhokama qilinmaydi. Orol mustaqil davlat emas, ammo ichki boshqaruvda juda katta vakolatlarga ega avtonom hudud.
Grenlandiyada shu qadar ko‘p muz to‘planganki, u butunlay erisa, dunyo okeani sathi 7,4 metrga ko‘tarilishi mumkin. Ushbu hudud AQShning bir qator shtatlari va Yevropa mamlakatlari iqlimining shakllanishida ham juda muhim rol o‘ynaydi.
Trampga Grenlandiya nega kerak?
Grenlandiyaning yalpi ichki mahsuloti 3 mlrd dollarni tashkil etadi. Bu AQSh uchun juda kichkina iqtisodiy ko‘rsatkich. Biroq hududning umumiy salohiyati juda yuqori. Orol zamonaviy texnologiyalar va yashil energetika uchun zarur nodir qazilma metallar va boshqa qimmatli minerallar zaxiralariga ega. Bundan tashqari, Grenlandiya qirg‘oqlari yaqinida 52 mlrd barrel neft bo‘lishi mumkinligi ham taxmin qilinyapti. Ayni shu omil orolning strategik ahamiyatini yanada oshiradi.
Yevropa va Shimoliy Amerika o‘rtasidagi strategik joylashuvi Grenlandiyani – AQShning ballistik raketalarga qarshi mudofaa tizimi uchun muhim hududga aylantiradi. AQSh bu yerda sovuq urushdan beri raketadan erta ogohlantiruvchi tizimlarini saqlaydi. Orolda Qo‘shma Shtatlarning Pituffik harbiy bazasi ham joylashgan. Shu sababli Tramp ilgari ham, ikkinchi muddati boshida ham AQSh yurisdiksiyasi Grenlandiyaga tatbiq etilishi kerakligini bir necha bor aytgan. U mineral resurslarga boy orolni nazoratga olish uchun harbiy kuch ishlatishni istisno qilmayapti. Ammo, asosiy urg‘u – hududni tinch yo‘l bilan qo‘lga kiritish.
O‘tmishda Luiziana va Alyaskani sotib olish masalalari ham avvaliga bahsli bo‘lgan, lekin bugungi kunda ular AQSh iqtisodiyoti va geosiyosiy mavqeyini kuchaytirgan, uzoqni ko‘zlab qabul qilingan qarorlar sifatida e’tirof etiladi.
Kritik minerallar urushi
Kritik minerallar yashil energetika tizimlari, yarimo‘tkazgichlar, batareyalar va mudofaa qurilmalari ishlab chiqarish uchun muhim xomashyodir. Ushbu sanoatda Xitoy yetakchi hisoblanib, alyuminiy, litiy va kobalt ishlab chiqarishning yarmidan ko‘piga, nodir metallarining 90 foiz va tabiiy grafitning 100 foiz qismiga egalik qiladi. Sodda qilib aytganda Vashington Pekinga bu borada juda ham qaram bo‘lib qolgan.
Birinchidan, kritik minerallar va nodir metallarga bog‘liqlik rivojlangan harbiy texnologiyalarni ishlab chiqarish va yangilari ustida tadqiqot olib borishni AQShda Xitoydagiga qaraganda qimmatroq qiladi. Natijada zamonaviy qurollar poygasida Xitoyning imkoniyatlari yuqori o‘ringa chiqadi. Bugungi kunda harbiy harakatlarning eng muhim vositasiga aylangan dronlarni misol tariqasida oladigan bo‘lsak, mazkur uskunalarning parvoz qilish davomiyligini oshirish va batareyalarini takomillashtirishda kritik minerallar va nodir metallar muhim o‘rin tutadi. Batareyalar sohasida ortda qolish AQShga masofadan boshqariladigan texnologiyalar borasida ham Xitoy bilan raqobatlashishni murakkablashtiradi. Chunki strategik aloqani ta’minlash uchun ma’lum masofalarda joylashtirilgan radar qurilmalarining samaradorligi batareyalarga bog‘liq.
Ikkinchidan, iqtisodiy raqobat va biznes manfaatlar to‘qnashuvida ham Xitoy AQShga qaraganda yaxshiroq holatda bo‘ladi. Masalan, elektr mashinalar sanoatida BYD Trampning hamkori Ilon Maskka tegishli Tesla’ga jiddiy raqib sanaladi. 2025 yilda Xitoy giganti 2,25 millionta elektromobil sotishga erishgan bir paytda, Ilon Maskning kompaniyasi 1,64 millionta elektrokar sota oldi. Natijada BYD jahon elektromobil bozorida birinchi marta, bo‘lganda ham juda katta farq bilan Tesla’ni ortda qoldirdi. Ma’lumki, elektr mashinalar batareyalarini ishlab chiqarish kritik minerallar va nodir metallarga bog‘liq. Batareyalar bilan bir qatorda, Xitoy cheklovlar ro‘yxatida asosiy o‘rinlarni egallaydigan galiy va germaniy minerallari yarimo‘tkazgichlar sanoatida muhim tarkibiy qism hisoblanadi. Yarimo‘tkazgichlar esa o‘z navbatida sun’iy intellekt tizimlari samaradorligini ta’minlab beradi. Bu Xitoy mikroelektronika sohasida AQShga bog‘liq bo‘lganidek, AQSh ham Xitoyning xomashyolarisiz murakkab vaziyatda qolish ehtimoli borligini anglatadi.
Ekspansiyami yoki kelishuv?
Bir necha kun oldin Tramp Grenlandiya Rossiya yoki Xitoy qo‘liga o‘tib ketmasligi uchun hududni AQShning o‘zi egallashi lozimligini aytdi.
«Mamlakat mulkka egalik qilishi va ijaraga olingan joyni emas, o‘z mulkini himoya qilishi kerak, biz Grenlandiyani himoya qilishimiz kerak bo‘ladi», – dedi Tramp BBC jurnalistining savoliga javoban.
U Vashington bunga erishish uchun «oddiy yo‘l»dan ham, «og‘ir yo‘l»dan ham borishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. AQSh Grenlandiyani aynan qanday yo‘l bilan o‘z nazoratiga olishi mumkin? Xalqaro ekspertlar buning bir qancha ehtimoliy ssenariylarini ko‘rib chiqishyapti.
Eng radikal va ehtimoli kam variant – orolni kuch bilan egallash. Albatta, AQSh dunyodagi eng qudratli harbiy salohiyatga ega mamlakat sifatida, Grenlandiyani kuch bilan bosib olishga qodirligiga shubha yo‘q. Shunga qaramay, rasman ittifoqchining hududini okkupatsiya qilish – ham strategik, ham operativ jihatdan amerikaliklar Venesuelada o‘tkazgan operatsiyadan butunlay farq qiladi. AQSh armiyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri intervensiyaga qo‘l uradigan bo‘lsa, «ko‘ngilsiz voqealar bilan» to‘qnash kelishi mumkin, deb hisoblaydi ekspertlar.
Hatto Grenlandiyani kuch bilan bosib olishga muvaffaq bo‘lgan taqdirda ham, agar aholining katta qismi ularni bosqinchi sifatida qabul qilsa, kelgusida amerikaliklar orolning salohiyatidan to‘liq foydalanishi qiyin bo‘ladi. Bundan tashqari, bunday qadam NATO bo‘yicha ittifoqdosh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvni anglatadi va keng ko‘lamli xalqaro inqirozni keltirib chiqaradi.
Aksariyat tahlilchilar fikricha, agar Tramp Grenlandiyani to‘liq bosib olish g‘oyasini amalga oshirmoqchi bo‘lsa, u Daniyani bunga boshqa yo‘llar bilan rozi bo‘lishga majbur qiladi. Bu variantdagi muhim instrument – pul bilan bog‘liq. Grenlandiya aholisi – atigi 57 ming kishini tashkil etadi va orol ko‘p jihatdan Kopenhagendan keladigan subsidiyalarga qaram bo‘lib qolgan. Vashingtonning yirik investitsiyalari Grenlandiya aholisi uchun jozibali bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Masalan, Tramp orolning har bir fuqarosiga AQShga qo‘shilishi uchun 100 ming dollargacha pul to‘lamoqchiligi haqida xabarlar chiqdi. Bu summa istiqbolda yanada oshirilishi ham mumkin.
The Economist AQSh rasmiylari Grenlandiya Mikroneziya va Marshall orollariga o‘xshash tarzda AQSh bilan erkin assotsiatsiya shartnomasini imzolashi bo‘yicha reja ustida ishlayotgani haqida yozdi. Bunda rasman suverenitet saqlab qolinadi – biroq Vashington orolga o‘z harbiylarini joylashtirishi mumkin. Buning evaziga Grenlandiya AQSh bilan bojsiz savdo qilish huquqini qo‘lga kiritadi.
Eng real variant – suverenitetni rasman o‘zgartirmasdan, investitsiyalar, bazalar va strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Bu amaldagi status-kvo. Grenlandiya asta-sekin mustaqillikka intiladi, AQSh bilan yaqinlashadi va iqtisodiy imtiyozlar olish uchun Amerika va Daniya o‘rtasidagi ziddiyat asosida o‘yin qiladi. AQSh, o‘z navbatida, oroldagi harbiy ishtirokini kengaytiradi va foydali qazilma konlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish bo‘yicha shartnomalarga ega bo‘ladi. O‘z navbatida grenlandiyaliklarning aksariyati Daniyadan uzil-kesil mustaqil bo‘lish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, AQSh tarkibiga qo‘shilishga mutlaqo qarshi.
Mavzuga oid
22:51 / 14.01.2026
Daniya Grenlandiyaga ilg‘or harbiy bo‘linmalarni yuboradi
20:56 / 14.01.2026
Tramp ma’muriyati Grenlandiyani 700 milliard dollarga sotib olmoqchi
20:27 / 14.01.2026
AQSh 75 mamlakat fuqarolari uchun viza berishni to‘xtatadi
16:48 / 14.01.2026