O‘zbekiston | 12:49 / 11.06.2024
10864
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirda ushlangan "narkokurer" qo‘lidagi giyohvand moddalarni yutib yuborishga urindi

Fuqaro geroinni yutib yuborganda giyohvandlik moddasi uning hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin edi. PPX xodimlari bu ishning oldini olib, uning hayotini asrab qolgan.

Illustrativ foto

Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvand modda bilan ushlangan fuqaro geroinni yutib yuborishga uringan. Bu haqda Kun.uz’ga Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Dolzarb oylik” tezkor profilaktik tadbirlaridan birida Chilonzor tumanida post patrul xizmati xodimlari tomonidan fuqarolardan birining hayoti saqlab qolingan va giyohvandlik moddasining tarqalishi oldi olingan.

Fuqaro jinoyatini yashirish maqsadida yonida bo‘lgan geroinni yutib yubormoqchi bo‘lganda PPX xodimlari uni to‘xtatib qolgan. Fuqaro geroinni yutib yuborganda giyohvandlik moddasi uning hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin edi.

Chilonzor tumani IIO FMB tergov bo‘limi bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur olingan daliliy ashyolarning og‘irligi 4.81 gramm geroin ekani aniqlangan.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga ko‘ra, mazkur jinoyat uchun 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid