O‘zbekiston | 15:48 / 03.07.2024
2677
2 daqiqa o‘qiladi

Alkogol va giyohvand moddalar iste’moli yiliga 3,2 mln kishining o‘limiga sabab bo‘layotgani ma’lum qilindi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Yer yuzida qariyb 400 mln kishi alkogol va giyohvand moddalar iste’mol qilishdan aziyat chekmoqda.

Spirtli ichimliklar iste’moli yiliga 2,6 mln kishining umriga zomin bo‘lmoqda. Bu dunyodagi barcha o‘lim holatlarining 4,7 foiziga teng. 600 ming odamning hayotdan erta ko‘z yumishi esa psixoaktiv moddalar qabul qilish bilan bog‘liq. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotiga tayanib Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tahlillarida keltirilishicha, hozir Yer yuzi aholisining qariyb 400 mln nafari alkogol va giyohvand moddalar iste’mol qilishdan aziyat chekmoqda. Ulardan 209 mln kishi spirtli ichimliklarga qaram bo‘lib qolgan.

Masalan, 2019 yilda alkogol bilan bog‘liq o‘limning taxminan 1,6 millioni yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, jumladan, 474 mingtasi yurak-qon tomir va 401 mingtasi saraton xastaliklari tufayli sodir bo‘lgan. Taxminan 724 ming kishi jarohatlar, xususan, yo‘l-transport hodisalari, o‘z-o‘ziga zarar yetkazish va shaxslararo zo‘ravonlik natijasida vafot etgan. Yana 284 ming kishi yuqumli kasalliklar qurboniga aylangan.

Spirtli ichimliklar bilan bog‘liq o‘lim holatlarining eng yuqori ulushi, ya’ni 13 foizi 20-39 yoshdagi aholi qatlamiga to‘g‘ri kelgan.

Qayd etilishicha, jahon bo‘yicha 15-19 yoshli o‘smirlarning 23,5 foizi spirtli ichimliklar iste’mol qiluvchilar hisoblanadi. Ularning katta qismi Yevropa mintaqasi (45,9 foiz) hamda Shimoliy va Janubiy Amerika (43,9 foiz)da yashaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hukumatlarni 2022-2030 yillarga mo‘ljallangan alkogolga qarshi global harakat rejasini amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirgan.  

Mavzuga oid