14:41 / 19.09.2018
36856

Arnasoy tuman prokurorining o‘rinbosari mashinada piyodani urib yubordi. U vafot etdi

Foto: KUN.UZ

2018 yil 16 sentabr kuni soat 17:30larda Jizzax viloyati Arnasoy tuman prokurorining o‘rinbosari Dilshod Karimov otasi Badriddin Karimovga tegishli «Neksiya-1» avtomashinasini ishonchnoma orqali 4R38 «Jizzax-Uchtepa-Navbahor» avtomobil yo‘lining Paxtakor-Jizzax yo‘nalishining 16-km.da boshqarib borgan. 

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u yo‘nalishi bo‘ylab o‘zining ortidan harakatlanib kelgan «Daimler Benz 210 SPG» rusumli avtomashina haydovchisi J. yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib, uni quvib o‘tib, keskin tormoz bergan holatda, uni to‘xtatishga harakat qilib, D.Karimovni yo‘lda harakatlanishiga to‘sqinlik qilganligi sababli, D.Karimov boshqaruvini yo‘qotishi natijasida yo‘lning chap tomonida joylashgan uylarning yo‘lagiga chiqib ketgan va yo‘lakda harakatlanib kelayotgan piyoda G.Egamberdiyevani urib yuborgan.

Fuqaro G.Egamberdiyeva olgan tan jarohatlari natijasida RShTYoIMning Jizzax filialida vafot etgan. Sudga oid tibbiy ekspertizasining birlamchi xulosasiga ko‘ra, marhuma G.Egamberdiyevaga yetkazilgan jarohat og‘irlik darajasi bo‘yicha «hayot uchun xavfli bo‘lgan» tan jarohati, deb baholangan.  

D.Karimov «bosh miya chayqalishi, peshona sohasi tirnalgan tan jarohati va o‘ng yelka chiqishi» tan jarohatlari bilan RShTYoIMning Jizzax filiali neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan 16.09.2018 yilda JKning 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasining 18-bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Top