Jahon | 13:34 / 21.10.2025
4235
9 daqiqa o‘qiladi

Oq uydagi ekskavatorlar, Yaponiyada ilk ayol bosh vazir va Xitoy o‘rniga Avstraliyaga ishongan Tramp – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hamas va Isroil kelishuvi

Hamas 20 oktyabr kuni sulh kelishuviga ko‘ra, Qizil Xoch tashkilotiga yana bir isroillik asirning jasadini topshirdi. Tashkilot allaqachon 20 nafar tirik isroillik garovni ozod qilgan va 13 nafarining jasadini topshirgan, buning evaziga esa Isroil bilan tuzilgan 10 oktyabrdan kuchga kirgan sulh kelishuvi asosida qariyb 2 000 nafar falastinlik mahbus ozod qilingan. Bu kelishuv AQSh prezidenti Donald Tramp taqdim etgan bosqichma-bosqich reja asosida amalga oshirilgan.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu esa yakshanba kuni G‘azoga 153 tonna bomba tashlaganini faxr bilan aytdi. Anadolu nashrining yozishicha, bu aslida, sulh kelishuvini buzganini ochiq tan olishdir.

«Sulh vaqtida ikki askarimiz halok bo‘ldi... Biz ularga 153 tonna bomba bilan zarba berdik va G‘azo bo‘ylab o‘nlab nishonlarni urdik», — dedi Netanyahu U Knessetning qishki sessiyasi ochilishida.

G‘azo hukumati matbuot idorasi xabariga ko‘ra, AQSh homiyligidagi kelishuv 10 oktyabrda kuchga kirganidan beri Isroil tomonidan 80 marotaba sulh buzilgan, buning natijasida 97 nafar falastinlik halok bo‘lgan, jumladan, yakshanba kuni 44 kishi. Shuningdek, 230 kishi yaralangan.

Tel-Aviv Hamasni janubdagi Rafah shahrida o‘z kuchlariga hujum qilganlikda aybladi. Biroq Hamas bu da’voni qat’iyan rad etib, sulh shartlariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oktyabrdan beri Isroilning genotsid ko‘rinishidagi urushi natijasida 68 200 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 170 200 dan ziyodi yaralangan.

AQSh Xitoy o‘rniga Avstraliyani tanlamoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp va Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze dushanba kuni Xitoyga qarshi kurashni maqsad qilgan muhim minerallar bo‘yicha bitimni imzoladi. Albaneze bu bitimni «ishlab chiqishga tayyor turgan 8,5 milliard dollarlik loyiha zanjiri» deb ta’rifladi.

Har ikki hukumat tomonidan e’lon qilingan hujjat nusxasida aytilishicha, tomonlar keyingi olti oy ichida qazib olish va qayta ishlash loyihalariga 1 milliard dollardan sarmoya kiritadi hamda muhim minerallar uchun minimal narx belgilaydi — bu G‘arb kompaniyalari uzoq vaqtdan beri so‘rab kelayotgan chora edi.

Oq uyning qo‘shimcha bayonotida ta’kidlanishicha, ushbu sarmoyalar 53 milliard dollarlik muhim mineral zaxiralariga yo‘naltiriladi, biroq ularning turlari va joylashuvi haqida tafsilot berilmagan.

«Taxminan bir yil ichida bizda shunchalik ko‘p muhim minerallar va nodir yer elementlari bo‘ladiki, ularni nima qilishni bilmay qolasizlar», deya Trampning jurnalistlarga murojaatini keltirmoqda Reuters.

Bu «Xitoyning eksportdagi ustunligini jilovlash va G‘arb ta’minot zanjirlarining barqarorligini ta’minlashga» yordam berishi aytilmoqda.

Umuman olganda, Xitoy masalasi Tramp va Albaneze o‘rtasidagi markaziy mavzu bo‘ldi. Tramp shuningdek, Hind—Tinch okeani mintaqasida xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida Avstraliya bilan strategik yadro dvigatelli suvosti kemalari bo‘yicha kelishuvni ham qo‘llab-quvvatladi.

Nima uchun «Muhim minerallar» geosiyosiy mavzuga aylandi? Chunki bu atama — nodir yer elementlari, litiy va nikel kabi turli resurslarni o‘z ichiga oladi. Xitoy esa dunyodagi eng katta nodir yer zaxiralariga ega, biroq Avstraliyada ham sezilarli resurslar mavjud. Ushbu minerallar elektr avtomobillardan tortib, harbiy radarlar va samolyot dvigatellarigacha bo‘lgan ko‘plab mahsulotlar uchun zarur.

Eron Trampning so‘zlariga javob qaytardi

Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy AQSh prezidenti Donald Trampning muzokaralarni qayta boshlash taklifini rad etdi va uning Qo‘shma Shtatlar Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qilgani haqidagi bayonotini tasdiqlamadi.

Ilgari Tehron va Vashington yadroviy dastur bo‘yicha beshta bilvosita muzokara o‘tkazgan edi. Ular iyun oyida Isroil va AQSh Eron yadroviy obektlariga bomba zarbalari berganida 12 kunlik havo urushi bilan yakunlandi.

«Trampning aytishicha, u bitimlarning ustasi, lekin agar bitim majburlash bilan birga bo‘lsa va uning natijasi oldindan belgilangan bo‘lsa, bu bitim emas, balki majburlash va qo‘rqitishdir», - deya Xomanaiyning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.

Xomanaiy, shuningdek, AQSh prezidentining amerikaliklar Eron yadro sanoatini bombardimon qilgani va yo‘q qilgani haqidagi bayonoti ustidan kulgan holda, Tramp bu haqda «orzu qilishda davom etishi» mumkinligini aytdi.

O‘tgan hafta Tramp Isroil parlamentida G‘azoda sulh boshlanganidan keyin Vashington Tehron bilan «Tinchlik bitimi» bo‘yicha kelishuvga erishishi ajoyib bo‘lishini aytgandi. G‘arb davlatlari Eronni uranni boyitish orqali yashirincha yadroviy bomba ishlab chiqarishga urinishda ayblamoqda. Tehron buni rad etib, dastur faqat fuqarolik energetika maqsadlariga ega ekanini ta’kidlayapti.

Sentyabr oyi oxirida BMT Eronga qarshi sanksiyalarni qayta tiklagani ma’lum bo‘ldi. Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya hisob-kitoblariga ko‘ra, Eron 10 yil avval tuzilgan va uranni boyitish bo‘yicha cheklovlardan iborat bitimni allaqachon buzgan.

Yaponiyada ilk ayol bosh vazir

Yaponiya parlamenti Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi (LDP) rahbari Sanae Takaichini Yaponiya Innovatsiya partiyasi bilan koalitsiya tuzilgach, bosh vazir lavozimiga tasdiqladi. O‘zining o‘ta konservativ qarashlari bilan tanilgan Takaichi bu lavozimni egallagan birinchi ayoldir.

LDP va Yaponiya Innovatsiya partiyasi 20 oktyabr, dushanba kuni koalitsiya haqida e’lon qildi.

«Yaponiyani birgalikda oldinga harakatlantiramiz», dedi Innovatsiya partiyasi hamraisi Xirofumi Yosimura LDP bilan hamkorligini e’lon qilar ekan.

LDP rahbariyatiga saylovlar va yangi koalitsiya e’lon qilinishi o‘rtasidagi ikki hafta davomida Takaichi Yaponiyaning birinchi ayol bosh vaziri bo‘ladimi yoki yo‘qmi, noma’lum edi. Innovatsiya partiyasi bilan ittifoq uning g‘alabasini ta’minladi.

Biroq yangi koalitsiyaga ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritish uchun parlamentda ikki o‘rin kamlik qilyapti, shuning uchun hukumat ishi qiyinlashishi mumkin.

Takaichi Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abening shogirdi va Margaret Tetcherning muxlisidir.

Associated Press agentligining qayd etishicha, ko‘plab ayollar uning bosh vazir etib tayinlanishini patriarxal me’yorlar hamon hukm surayotgan Yaponiyada gender tengligi borasidagi taraqqiyot belgisi deb hisoblamayapti.

Oq uyda ekskavatorlar

Dushanba kuni Oq uyning sharqiy qanotini buzish ishlari boshlandi. Prezident Donald Tramp bu yerda 200 million dollarlik, maydoni 8,3 ming metr kvadratga teng ball zali qurmoqda.

CNN nashrining yozishicha, Oq uy Sharqiy qanotda ekskavator binolarni buzishni boshlagan: yaqin plandagi video va suratlarda tomning ayrim qismlari olib tashlangani va ekskavator binoning ichki qismini buzayotgani aks etgan.

Oq uy ilgari e’lon qilgan loyihalarga ko‘ra, «davlat ball zali» deb atalgan bu yangi inshoot aynan shu hududda bunyod etiladi. Ma’muriyat bu zal Tramp va boshqa xususiy donorlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini ma’lum qilgan.

O‘zining 15 yillik orzusi bo‘lgan zalni Tramp nafaqat rasmiy marosimlar uchun, balki o‘zining hashamatli xususiy klublariga o‘xshash uslubda bezatmoqchi. Oq uy e’lon qilgan tasvirlarda zal keng, hashamatli va juda ko‘p oltin ishlatilgan joy sifatida ko‘rsatilgan. 

Mavzuga oid