Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya suvosti kemasini yo‘q qilgan Ukraina, Marokashdagi suv toshqinlari va Netanyahudan norozi Tramp – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Ukraina Rossiya suvosti kemasini yo‘q qilganini aytmoqda
Ukraina Qora dengizdagi harbiy-dengiz bazasida turgan, raketa tashishga mo‘ljallangan Rossiya suvosti kemasini suvosti dengiz dronlari yordamida nishonga oldi.
Ukraina Xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, mahalliy «Sub Sea Baby» dronlari Novorossiysk portidagi suvosti kemasiga tekkan. SBU e’lon qilgan kadrlarda suv yuzasida kuchli portlash sodir bo‘layotgani, portdagi piyer yaqinida suvosti kemasi va boshqa kemalar turgani aks etgan.
Zelenskiyning maslahatchisi Aleksandr Kamyshin tarixda ilk bor suvosti droni suvosti kemasini yo‘q qilganini yozdi. Biroq Rossiyaning Qora dengiz floti bir necha soat o‘tib bu da’voni qat’iyan rad etdi.
«Kemalar yoki suvosti kemalaridan birortasi ham, ularning ekipajlari ham diversiya oqibatida zarar ko‘rmadi va odatdagidek xizmatni davom ettirmoqda», — deyiladi Rossiya tomoni bayonotida.
Zarba AQSh vositachiligida olib borilayotgan tinchlik muzokaralari keskinlashgan bir paytda berildi. Bu muzokaralar ukrainlar orasida — Rossiya bilan kapitulyatsiyaga teng deb hisoblanadigan kelishuvga majburlanishidan qo‘rquv uyg‘otgan.
Tramp Netanyahuga norozilik bildirdi
Oq uy Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga keskin mazmundagi maxfiy xabar yo‘llab, Hamas harbiy qo‘mondoni o‘ldirilishi – prezident Tramp vositachiligidagi sulhni buzish ekanini ta’kidlagan. Bu haqda ikki nafar AQSh rasmiysiga tayanib Axios xabar bermoqda.
Oq uydan yuborilgan bu keskin xabar – Isroilning kengroq mintaqaviy siyosati yuzasidan Tramp ma’muriyatida norozilik kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
AQSh rasmiylarining aytishicha, Isroil hukumati zarba berishdan oldin AQShni xabardor qilmagan va u bilan maslahatlashmagan.
Rasmiyga ko‘ra, Netanyahuga yo‘llagan xabarda “Tramp G‘azoda kelishuv tuzganidan keyin uning obro‘siga putur yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmasligi va Isroil sulhni buzgani”ni qat’iy tarzda bildirgan.
Isroillik bir rasmiy Oq uy norozi bo‘lganini tasdiqladi, biroq xabar ohangi yumshoqroq bo‘lganini bildirdi.
Netanyahu 29 dekabr kuni AQShga kelib, Tramp bilan uchrashishi kutilmoqda. Trampning o‘zi esa dushanba kuni, Isroil G‘azodagi sulhni buzgan-buzmaganini «o‘rganayotganini» aytdi. Shu bilan birga Netanyahu bilan munosabatlari yaxshi ekanini ham ta’kidladi.
Marokashda suv toshqinlari
So‘nggi kunlarda Marokashning qirg‘oqbo‘yi — Safi mintaqasida to‘satdan yuz bergan suv toshqinlari oqibatida kamida 37 kishi halok bo‘ldi.
Yakshanba kuni kuchli jala yog‘ishi ortidan port-shaharning asosiy hududlarida avtomobillar va chiqindi uyumlari oqim bilan oqib ketgan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, o‘nlab odamlar jarohatlangan, eski shahar markazida kamida 70 ta uy suv ostida qolgan. Ayrim yo‘llarda yetkazilgan zarar va chiqindilar sababli shaharga kirish va undan chiqish yo‘llari yopilgan.
Marokash rasmiylari qidiruv-qutqaruv ishlari hanuz davom etayotganini bildirdi. Mutaxassislarning aytishicha, Shimoliy Afrika davlatida kuzatilayotgan keskin ob-havo o‘zgarishlariga – qisman iqlim inqirozi sabab bo‘lmoqda.
Marokash ketma-ket yetti yil davomida qurg‘oqchilikni boshdan kechirgan, bu esa suv omborlarining keskin kamayishiga olib kelgan. Bu galgi kutilmagan kuchli yog‘ingarchilik esa seshanba kuni ham davom etishi, Atlas tog‘larida qor yog‘ishi mumkin.
Jimmi Lay umrbod ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin
Honkonglik sobiq media-magnat Jimmi Lay ikki yil davom etgan muhim sud jarayonida milliy xavfsizlik bo‘yicha ikki band va «fitna» chiqarish ayblovi bo‘yicha aybdor deb topildi.
78 yoshli Lay — 2020 yildagi namoyishlardan so‘ng joriy etilgan xavfsizlik qonuni asosida ayblangan Pekinning eng mashhur tanqidchilaridan biridir. U Xitoy Kommunistik partiyasiga qarshi keskin tanqidlari bilan tanilgan, demokratiyani qat’iy qo‘llab-quvvatlovchi Apple Daily tabloid gazetasiga asos solgandi.
Britaniya fuqarosi bo‘lgan Lay 2020 yil dekabridan beri qamoqda va barcha ayblovlarni rad etib kelgan. Unga kelasi yil boshida hukm e’lon qilinishi kutilmoqda. U umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun joriy etilishi Honkongni tubdan o‘zgartirdi: rasmiylar o‘nlab siyosiy raqiblarni qamoqqa oldi, fuqarolik jamiyati guruhlari va keskin pozitsiyadagi OAVlar tarqatib yuborildi. OAVlarga ko‘ra, bir paytlar erkin muhitga ega bo‘lgan shahardan asar ham qolmagan.
Inson huquqlari guruhlarining aytishicha, bu qonun muxolifatni bostirish uchun qo‘llanadi, Pekin esa uni shahar barqarorligi uchun zarur deb himoya qiladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Jinpingdan Jimmi Layni ozod etish masalasini «ko‘rib chiqishni» so‘raganini aytdi.
«U keksayib qolgan, sog‘lig‘i ham yaxshi emas. Shu sababli men bu iltimosni bildirdim. Endi nima bo‘lishini ko‘ramiz», dedi Tramp.
Buyuk Britaniya ham Layni «zudlik bilan ozod etish»ga chaqirdi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper sud qarorini qoralab, uni «siyosiy motivatsiyaga ega ta’qib» deb atadi.
Rossiyaga bosim davom etadi – MI6
Buyuk Britaniya Tashqi razvedka xizmatining yangi rahbari Blez Metreveli o‘zining ilk ommaviy nutqida Rossiya tomonidan kelayotgan «o‘ta keskin tahdid» haqida ogohlantirdi.
U «gibrid urush» deb ataladigan usullarni alohida ta’kidlab, bu holatni «tajovuzkor, kengayishparast va revizionist Rossiya tomonidan yuzaga kelayotgan o‘ta jiddiy tahdid» sifatida ta’riflagan.
«(Vladimir) Putin shubha qilmasin: bizning qo‘llab-quvvatlashimiz uzluksizdir. Ukraina nomidan ko‘rsatayotgan bosimimiz davom etadi. Xaos eksporti Rossiyaning xalqaro maydondagi yondashuvida kamchilik emas, balki o‘ziga xos xususiyatdir», deya Metrevelining so‘zlarini keltirmoqda Reuters.
Blez Metreveli oktyabr oyida Richard Murning o‘rnini egalladi va Britaniya Tashqi razvedka xizmatining (MI6) 100 yildan ko‘p tarixida ushbu lavozimni egallagan ilk ayol rahbar bo‘ldi.
Shuningdek, u Britaniya xavfsizligiga tahdidlarga qarshi kurashishda texnologiyalardan foydalanishni keskin oshirish zarurligini ta’kidlagan.
«Biz kod satrlarini inson bilan ishlaganchalik erkin tushunishimiz, Pythonʼda bir nechta tillarda gapirgandek ravon bo‘lishimiz shart», — deydi u.
Buyuk Britaniya qurolli kuchlari boshlig‘i Richard Nayton ham tobora kuchayib borayotgan noaniqlik va tahdidlar sharoitida mudofaa masalasida «butun jamiyat» yondashuviga chaqirdi.
Mavzuga oid
15:20 / 15.12.2025
Sidneyda yirik otishma, Hamas amaldorini o‘ldirgan Isroil, Sudanda halok bo‘lgan BMT tinchlikparvarlari va Chilida yangi prezident – kun dayjesti
15:05 / 13.12.2025
Rossiya pullarini muddatsiz davrga muzlatgan Yevropa, Livanda «katta amaliyot»ga tayyorlanayotgan Isroil va «Epshteyn ishi»da yangi sur’atlar – kun dayjesti
15:36 / 12.12.2025
G‘azoda yomonlashayotgan ahvol, Donbassda «erkin iqtisodiy zona» taklifi va Yaponiyaning Xitoyga «javobi» – kun dayjesti
14:53 / 11.12.2025