10:05 / 15.07.2021
25541

Maktabdagi pul yig‘ishlar: O‘qituvchi ta'lim bilan shug‘ullansinmi yoki ta'mir?

Maktablarda yangi o‘quv yili uchun joriy ta'mirlash ishlari ketmoqda. Bu – maktab jamoasi oldidagi eng katta muammolardan biri. Ta'mirlash ishlari uchun o‘quvchilardan yig‘ib olinadigan pullar masalasi ko‘p yillarki bahsli va og‘riqli masala.

Viloyatlarda va Toshkent shahrida maktablarni bo‘yash va ta'mirlash uchun o‘qituvchilar o‘quvchilardan pul yig‘ishi necha yillardan buyon urfga kirgan. Kun.uz o‘tkazgan surishtiruvlar bu urf-odatlar yangi davrda ham deyarli avvalgidek davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

Aynan shu joriy ta'mirlash uchun yig‘iladigan pullar ko‘p holatlarda ota-onalar noroziligiga sabab bo‘ladi. Besh qo‘l baravar emas, serfarzand yoki ehtiyojmand ayrim oilalarga bu malol keladi.

O‘zbekistonda maktab ta'miriga kimlar mas'ul o‘zi?

O‘quv yili boshida, ya'ni 1 avgustga qadar maktablar moddiy-texnik bazasini tayyorlash, o‘quvchilar uchun zarur sanitariya-maishiy va ijtimoiy sharoitlar yaratish vazifasi, qonunga muvofiq, Xalq ta'limi vazirligi, Moliya vazirligi va 14 ta hudud hokimliklariga yuklatilgan.

2021 yilda Xalq ta'limi vazirligiga davlat budjetidan 22 trln so‘m ajratilgan va bundan qariyb 2 trln mablag‘ obektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga yo‘naltiriladi. Yurtimizda esa kapital ta'mirga muhtoj 3 mingdan ziyod maktab bor. Bundan chiqdi, bu mablag‘dan joriy ta'mir uchun umid qilinmasa ham bo‘ladi.

2 yil muqaddam prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, sektor rahbarlariga maktablarni otaliqqa olish vazifasini belgilab berdi. Vazirlik va idoralarning rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari Toshkent shahridagi 302 ta umumta'lim maktabini otaliqqa oldi. Mahalliy davlat organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari esa 119 ta maktab, sektor rahbarlari 815 ta maktabga biriktirilib, ularga umumta'lim maktabi (filiali) binosini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta'mirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yo‘llar va boshqalar) zarur holatda saqlash choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.

Foto: Kun.uz / arxiv

Ammo bu ham o‘qituvchilar ko‘kragiga oftob tegishiga sabab bo‘lmadi.

Shuningdek, maktablarni ta'mirlash uchun mahalliy budjetdan ham yaxshigina mablag‘ olinadi. Toshkent shahar Xalq ta'limi bosh boshqarmasining Xalq ta'limi muassasalarini qurish, ta'mirlash va jihozlash, bino va inshootlardan foydalanishni muvofiqlashtirish davlat-xususiy sheriklik bo‘limi boshlig‘i Nuriddin Otamuhamedovning aytishicha, maktablarning joriy ta'miri uchun har yili mahalliy budjetdan pul ajratiladi.

“Shahar hokimligi tasarrufidagi maktablar uchun Toshkent shahar hokimligidan, tumanlardagi maktablar uchun har bir tuman hokimligidan maktablarni joriy ta'mirdan chiqarish uchun pul ajratiladi. O‘rganishlar asosida maktabning ta'mirga muhtojligi o‘rganiladi va nuqson dalolatnomasi tuzilib, smeta shakllantiriladi.

Mablag‘ ajratishda maktabning issiqlik ta'minoti, hojatxonalar, eshik-romlar ta'miri birinchi navbatda e'tiborga olinadi. Xonalarni bo‘yash kabi ishlarga ota-onalardan pul yig‘iladi.

Foto: Kun.uz / arxiv

2021 yilda mahalliy budjetdan birgina Toshkent shahridagi maktablarning joriy ta'miri uchun 115 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan”, – dedi poytaxt XTBBning qurilish bo‘limi boshlig‘i.

Sansalor bo‘lgan ta'mir

Mahalliy budjetdagi mablag‘ni yo‘naltirishda bir muammoli holat ko‘zga tashlanadi: tadbirkorlar lot orqali tender tanlovida yutishgach, shakllantirilgan smeta asosida maktablarni joriy ta'mirlashni bo‘yniga oladi. Lekin yetkazib beriladigan qurilish materiallari va qurilish sifati bo‘yicha hech qanday nazorat yo‘q.

Yetkazib beriladigan arzon mahsulotlarning sifati pastligidan ko‘p hollarda ularni ishlatib bo‘lmaydi.

Foto: Kun.uz / arxiv

Kun.uz suhbatlashgan maktab direktorlari sinfxonalarni kosmetik ta'mirdan chiqarish ota-onalarning yordamisiz bo‘lmasligini aytadi.

“Yangi o‘quv yilida chiroyli, shinam xonalarda o‘quvchilarini kutib olishimiz kerak. Shunaqa paytda homiy ota-onalarning ko‘magiga muhtoj bo‘lamiz.

Bizga yetib keladigan lak-bo‘yoq mahsulotlari nihoyatda sifatsizligidan ularni ishlata olmaymiz. Ba'zida qaytarib yuborgan vaqtlarimiz ham bo‘ladi. Chunki maktabimizda 2 mingdan ortiq o‘quvchi o‘qiydi. O‘quv yili oxirigacha yaxshi holatda saqlashimiz uchun harakat qilishimiz kerak.

Davlat ajratgan pulni o‘z o‘rniga qo‘yib ishlatsak, sifatli mahsulot yetkazib berilsa, qolganini homiylar orqali amallab qilardik. Lekin tenderda yutib olgan tadbirkor arzon va sifatsiz mahsulot keltiradi”, – deydi Toshkent shahridagi 293-sonli maktab direktori Nigora Tojiboyeva.

Bu muammo birgina poytaxtda emas, viloyatlarda ham mavjud. Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 3-maktab direktori Erkin Rajabov ham shu haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Maktab ma'muriyatiga bu borada huquqiy va aniq ko‘rsatmalar bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Shu asosda maktab rahbariyati ta'mir uchun ketadigan mablag‘ni aniqlab, ketadigan mahsulotlarni tender orqali emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida sifatli mahsulot olishiga yo‘l berilsa”, – dedi u.

* * *

Xorijda: O‘qituvchining vazifasi – dars berish, uning yelkasida ta'mirlash degan masala yo‘q

Solishtirish maqsadida dunyoning ba'zi davlatlaridagi vatandosh o‘qituvchilardan chet elda maktablar kim tomonidan ta'mirlanishi haqida so‘radik.

Alisher Alixon, Birlashgan Arab Amirliklari:

— BAAda o‘qituvchi maktab ta'miri masalasiga aralashmaydi. O‘quv yili yakunida xususiy maktablarda o‘z hisobidan, davlat maktablarida esa budjetdan ajratilgan mablag‘lar evaziga amalga oshiriladi. Ta'mirlash ishlariga shu ish bilan shug‘ullanuvchi maxsus shirkatlarni yollashadi. O‘qituvchi moliyaviy masalalar bilan shug‘ullanishi taqiqlangan bo‘lib, u faqat ta'lim-tarbiya jarayoni bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Jamila Mahmudova, Shvetsiya:

— Shvetsiyada o‘qituvchida umuman bunaqa mas'uliyat yo‘q. Aksincha, u ishga qabul qilinganda yoki yangi sinf xonasi berilganda o‘ziga yoqmagan jihozlarni o‘zgartirib berishni, o‘ziga ma'qul muhitni yaratishni talab qilish imkoniyatiga ega. O‘qituvchining bo‘ynida remont degan masala yo‘q. Maktab ta'miri uchun hech qachon pul yig‘ilmaydi.

O‘qituvchi faqat o‘qitish mas'uliyati bilan qolmagunicha rivojlanish bo‘lmaydi. U o‘quvchilarini qanday yo‘l bilan o‘qitishni o‘ylashi lozim. Uni bunday masalalarga jalb qilinsa, qanday qilib o‘z ustida ishlashga vaqt topsin, yangi metodikalarni o‘rgansin?

Mardon Yusupov, Angliya, o‘qituvchi:

— Angliyada maktabni ta'mirlash uchun ota-onalardan pul yig‘ilmaydi. Maktablar har yili ham ta'mirlanavermaydi, yaxshi saqlanadi. Bitta maktabda 5 yil ishladim, lekin biror marta ta'mirlashga tushganini ko‘rmadim. Ta'mirlangan holatda ham mablag‘ davlat budjetidan ajratiladi va professional mutaxassislar jalb qilinadi. Bu jarayonda o‘qituvchi yoki o‘quvchilarning birortasi ishtirok etmaydi.

***

Xo‘sh, bizda-chi? Bu holat qachon tartibga solinadi?

Mahalliy budjetdan ajratilgan pulga maktabga sifatsiz mahsulotlar berilsa, davlat ajratgan pul kapital ta'mirga ham yetmasa, hokimliklar har yilgi joriy ta'mir uchun javobgar bo‘lmasa, xo‘sh ta'mir uchun yana kim jon kuydirishi kerak? Yana maktab jamoasi... Chunki jamoa o‘quv yili boshida o‘quvchilarni shinam, qulay xonalarda kutib olish, o‘qitishni xohlashadi.

Shu o‘rinda islohga muhtoj muhim jihatga duch kelamiz: ta'mir uchun pul yig‘ish, ta'mirlash ishlarini amalga oshirish, sinfxonani tozalashga javobgarlik, sinfxonaga parda osish ham bizda o‘qituvchilar zimmasiga tushadi. Ustozning na kasb mas'uliyatida, na lavozim mas'uliyatida ko‘rsatilmagan bu vazifalar uning o‘quvchilar va jamiyat oldida obro‘sini tushirishi tabiiy: o‘qituvchiga ta'lim beruvchi shaxs emas, bolalardan pul yig‘uvchi, ta'mirni tashkillashtiruvchi shaxs degan qarashni yuzaga keltiradi.

O‘zbekistonda bu jarayonni muayyan tartibga solishning vaqti allaqachon yetib kelgan. Buni qay yo‘l yo‘l bilan amalga oshirish borasida esa mas'ullarda biror yechim borga o‘xshamayapti.

Shu bilan birga, ajratilgan mablag‘larning o‘z manziliga to‘liq yetib borishida nafaqat davlat nazorat organlari, balki jamoatchilik nazorati ham zarur, buning uchun esa ajratilayotgan mablag‘lar qayerga ketayotganini ko‘rsatuvchi shaffof platforma yo‘lga qo‘yilishi ham talab etiladi.

Davlat budjeti, mahalliy budjet, otaliqqa olgan tashkilotlardan ajratilgan mablag‘ va homiylar ko‘magidagi barcha mablag‘ platformada ko‘rinishi kerak. Shuningdek, maktabni joriy ta'miri uchun zarur qurilishi materiallari va ketadigan pul ham aniq va ochiq ko‘rinsa, ustozlarning bu jarayonga aralashmasliklariga erishiladi.

O‘qituvchining gardanidan pul bilan bog‘liq vazifalarni olmasdan, uning obro‘sini oshirish haqida o‘ylab bo‘lmaydi. O‘qituvchi faqat o‘qitish, ta'lim sifatini oshirish to‘g‘risida o‘ylamas ekan, bolalarimiz kelajagidan ham yaxshi natija kutmaylik...

Gulmira Toshniyozova, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Sherzod Egamberdiyev

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top