Jamiyat | 08:48 / 05.06.2026
2624
2 daqiqa o‘qiladi

Koreyaga ish va o‘qishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Andijon viloyatida nodavlat ta’lim muassasasi rahbari Koreya ishchi vizasini olib berish uchun 14 kishidan 44,1 ming dollar olgani aniqlandi. U boshqa bir fuqarodan o‘qishga yuborish uchun pul olayotganida ushlandi. Yana uchta hududda shu kabi holatlar fosh etildi.

Foto: AP

O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga va o‘qishga yuborishni va’da qilib, ularning pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxslar aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Xususan, Andijon viloyatida «N.K.» nodavlat ta’lim muassasasi rahbari S.E. yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali 6000 dollar va 3 mln so‘m evaziga fuqaro O.A.ga xorijiy davlatlarning bakalavr darajadagi diplomini olib berishi va Koreya davlatiga ketishi uchun ishchi viza olib berishini aytgan.

Ushbu pullar hisobidan 500 dollar va 3 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tergovga qadar tekshiruvda S.E. yana 14 nafar fuqaroni ham Koreyaga ketishlari uchun ishchi viza olib berishi evaziga 44 100 dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Buxoro viloyatida N.J. Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni Koreyaga yuborishini aytib, 7000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Namangan viloyatida «G.V.» MChJ rahbari A.V. 2 nafar fuqaroni Koreyadagi oliy o‘quv yurtining magistratura bosqichiga o‘qishga va ishga kiritishini aytib, 11 000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Surxondaryo viloyatida F.R. fuqaro A.Q.ni 10 000 dollar evaziga Koreyaga ishga yuborishini aytib, ushbu pullar hisobidan 5000 dollar va 61 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid