Jahon | 11:44 / 16.04.2026
3366
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil va Livan 30 yildan so‘ng muzokara stoliga qaytadi

AQSh prezidenti Donald Tramp 15 aprel kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Isroil va Livan yetakchilari 16 aprel kuni muzokaralar o‘tkazadi. Uning ta’kidlashicha, bu ikki davlat rahbarlari o‘rtasida so‘nggi 30 yildan ortiq vaqt ichidagi ilk uchrashuv bo‘lishi mumkin.

Foto: AP

“Isroil va Livan o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirishga harakat qilyapmiz. Bu ikki davlat yetakchilari o‘rtasida muzokaralar o‘tganiga taxminan 34 yil bo‘ldi. Ertaga bu amalga oshadi. Juda yaxshi!” — deb yozgan Tramp.

Biroq muzokaralarda qaysi darajadagi rahbarlar — prezidentlar yoki bosh vazirlar ishtirok etishi, shuningdek uchrashuv qayerda bo‘lib o‘tishi haqida aniq ma’lumot berilmagan.

14 aprel kuni Vashingtonda AQSh davlat kotibi Marko Rubio ishtirokida Isroilning AQShdagi elchisi Yyexiel Leyter va Livanning AQShdagi elchisi Nada Hamade Moavad o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Bu 1993 yildan beri ilk shunday muloqot hisoblanadi.

AQSh Davlat departamenti ushbu uchrashuvdan so‘ng tomonlar tinchlik muzokaralarini boshlash yo‘lida muayyan qadamlar qo‘yganini ma’lum qildi. Biroq muzokaralarning aniq vaqti va joyi keyinroq belgilanishi aytilgan.

Muzokaralar arafasida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat Livan bilan barqaror tinchlik kelishuviga erishishni istayotganini bildirgan. Shu bilan birga, Isroil Livandagi “Hizbulloh” guruhini qurolsizlantirishni talab qilmoqda.

Netanyahuning idorasi 15 aprel kuni kechqurun Isroil Livan bilan muzokaralar olib borayotganini rasman tasdiqladi.

Isroilning asosiy maqsadlari — “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish va uzoq muddatli tinchlikka erishish. Livan hukumati esa o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini janubiy Livandan chiqarishni talab qilmoqda.

Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi mojaro 2026 yil mart oyida yana keskinlashdi. Bu AQSh va Isroilning Eronga qarshi urush boshlaganidan so‘ng yuz bergan.

2024 yilda Livan hukumati “Hizbulloh”ni qurolsizlantirishga va’da bergan bo‘lsa-da, amalda buni bajarish qiyin kechmoqda. Chunki Livan armiyasi ushbu guruhga nisbatan ancha zaif deb baholanadi.

“Hizbulloh” Isroil va Livan hukumati o‘rtasidagi muzokaralarga qarshi chiqmoqda. Vashingtondagi uchrashuv arafasida guruh Isroilning shimoliga raketa zarbalari bergan.

28 fevraldan boshlab AQSh va Isroil Eronga qarshi havo zarbalari bergan. Bu hujumlarda Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy va qator yuqori lavozimli shaxslar halok bo‘lgan.

Eron esa javob tariqasida Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar bilan zarba bergan.

8 aprel kuni AQSh va Eron ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgan. Biroq bu sulh Isroilning Livandagi “Hizbulloh”ga qarshi amalga oshirayotgan zarbalariga tatbiq etilmagan.

Livan ma’lumotlariga ko‘ra, 8 aprel kuni Isroil hujumlari natijasida 350 kishi halok bo‘lgan, 1000 dan ortiq odam yaralangan.

9 aprel kuni Isroil hukumati Binyamin Netanyahu Livan bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlash bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid