Jahon | 18:29
1665
2 daqiqa o‘qiladi

Eron AQSh va Isroilni mamlakat rahbariyatining o‘ldirilishi uchun javobgarlikka tortmoqchi

Jyeneva konvensiyalariga ko‘ra, barcha davlatlar xalqaro gumanitar huquqqa rioya qilish va uni amalga oshirish majburiyatini oladi, dedi Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy.

Foto: Majid Asgaripour/WANA

Eron AQSh va Isroilni mamlakat rahbariyatining o‘ldirilishi uchun javobgarlikka tortmoqchi. Bu haqda «RIA Novosti»ga Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy ma’lum qildi.

«Biz buni qilishimiz kerak. O‘ylaymanki, nafaqat Eron, balki butun xalqaro hamjamiyat javobgarlikka tortishni so‘ramoqda. Chunki AQSh va Isroilning qilmishi xalqaro tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatdir. Bu urush jinoyati, insoniyatga qarshi jinoyat», dedi Baqoiy.

Uning tushuntirishicha, Jyeneva konvensiyasining 1-moddasiga ko‘ra, barcha davlatlar xalqaro gumanitar huquqqa rioya qilish va rioya etilishini ta’minlash majburiyatini oladilar.

«AQSh va Isroil tomonidan sodir etilgan vahshiyliklar ushbu tamoyillarni buzgani sababli, menimcha, BMTga a’zo barcha davlatlar AQSh va Isroilni javobgarlikka tortishga chaqirishi kerak», deb qo‘shimcha qildi u.

«Eronga kelsak, bu barcha eronliklar tomonidan doimiy chaqiriq bo‘ladi va biz butun ichki tizimimizdan, shuningdek, ularni Eron xalqiga qarshi sodir etgan dahshatli jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish uchun xalqaro huquqdan foydalanamiz», dedi u.

AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eron hududidagi obektlarga, jumladan, Tehronga zarba bera boshladi. Hujumning birinchi kunidayoq Eron oliy rahbari Ali Xominaiy o‘ldirildi.

Mojaro davomida Eron harbiy va siyosiy rahbariyati a’zolari, xususan, Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Abdulrahim Musaviy, IIQK qo‘mondoni Muhammad Pokpur, mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda, mudofaa kengashi kotibi Ali Shamxoniy, shuningdek, Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy halok bo‘ldi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid