Jamiyat | 21:14 / 04.03.2021
41959
13 daqiqa o‘qiladi

Talabalar turar joyi muammosi: Turkiyada bu masala qanday hal qilingan?

Fevral oyi oxirida Toshkentning Yunusobod tumanida besh nafar talaba o‘lik holda topilgach, O‘zbekiston rahbariyati talabalarning turar joylari muammosiga jiddiy e'tibor qarata boshladi. Fojiadan so‘ng ijarada yashayotgan talabalarning sharoitlari o‘rganiladigan bo‘ldi. Kun.uz muxbiri millionlab talabalar yashaydigan Turkiyada ular uchun turar joylar masalasi qanday hal qilinganini o‘rgandi.

Turkiya oliy ta'limi raqamlarda

Turkiyada ayni paytda 207ta universitet mavjud. Talabalarning umumiy soni esa 8 mln 400 ming nafar. Oliy ta'lim tizimi uchun ajratilgan budjet miqdori 36 mlrd lira (qariyb 5 mlrd dollar)ni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, 2002 yil ushbu raqam 2,5 mlrd lira (335 mln dollardan ortiq)ni tashkil etgan.

UNESCO ma'lumotlariga ko‘ra, Turkiya xorijiy talabalarni jalb qilish masalasida dunyoning kuchli o‘ntaligidan joy olgan. Mamlakatda 200 mingdan ortiq xorijlik talaba bor bo‘lib, 2023 yilga qadar ularning soni 350 ming nafarga yetishi ko‘zda tutilgan. Agar bu maqsadga erishilsa, mamlakat xorijiy talabalar ortidan 15 mlrd dollar daromad qilishi mumkin. Ayni paytda Turkiya universitetga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha Yevropada birinchi o‘rinda turadi.

Turkiyada davlat, xususiy va boshqa turdagi talabalar turar joylari (TTJ) mavjud.

I. Davlat tasarrufidagi talabalar turar joylari

Talabalar turar joylarida, odatda, oilasidan boshqa shaharda yashovchi talabalar yashaydi. TTJ tizimi Yoshlar va sport vazirligi tasarrufidagi kredit va yotoqxonalar bosh boshqarmasi (Kredi ve Yurtlar Kurumu) tomonidan boshqariladi. Ushbu boshqarmaning asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:

  • talabalar uchun yotoqxonalar qurish va ularni ishga tushirish;
  • TTJlarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash masalasida yordam ko‘rsatish;
  • ta'lim, ijtimoiy, madaniy va sport tadbirlari bilan talabalarning milliy va ma'naviy jihatdan rivojlanishiga hissa qo‘shish;
  • oliy o‘quv yurtlari talabalariga kreditlar yoki stipendiyalar berish; talabalarga oliy ta'lim olish jarayonida ko‘maklashish.

Davlat tasarrufidagi TTJlar mamlakat bo‘ylab 700 mingdan ortiq talabani arzon turar joy bilan ta'minlaydi. Davlat tasarrufidagi TTJlarning to‘lovi xususiy yotoqxona to‘lovlarining 1/5 qismini tashkil qiladi. Xususiy yotoqxonada turish nisbatan qimmat. Shu sababli talabalarga hech bo‘lmaganda ta'limning ilk yili davlat tasarrufidagi yotoqxonalardan foydalanish tavsiya qilinadi.

TTJga joylashish tartibi, to‘lovlar

Talaba TTJga joylashish uchun tegishli veb-saytga kirib, onlayn ariza to‘ldiradi yoki o‘zi turmoqchi bo‘lgan yotoqxona ma'muriyatiga murojaat qiladi. Ariza topshirish sanalari rasman e'lon qilinadi va bu sanalar, odatda, avgust oyining ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. 

Yotoqxonalar uchun to‘lovlar 2020-2021 o‘quv yili uchun oyiga kamida 200 lira (27 dollar)ni tashkil qiladi. Ammo yangi qurilgan va boshqa yotoqxonalarga nisbatan yaxshi sharoitga ega bo‘lgan ayrim davlat yotoqxonalarining to‘lovi 200-340 lira (27-46 dollar) orasida. Talaba ro‘yxatdan o‘tish paytida bir oylik garov pulini to‘lashi lozim. TTJdan chiqib ketayotganda foydalanishda bo‘lgan xona va undagi jihozlarga hech qanday zarar yetmagan bo‘lsa, ushbu garov puli talabaga qaytarib beriladi. Yotoqxona va garov to‘lovlari har yil sentyabrida 10-20 liraga oshiriladi. Agar talaba yotoqxona to‘lovini oldindan to‘lasa, 20 foizlik chegirmaga ega bo‘ladi. Agar oylik to‘lov miqdori 200 lira (27 dollar)ni tashkil qilishi hisobga olinsa, bu holda u 1 yil ichida taxminan 400  lira (53 dollar)ni tejab qolish imkoniga ega bo‘ladi.

Yotoqxona ovqatlari

Davlat yotoqxonalarida talabalar ikki mahal ovqat bilan ta'minlanadi. Shuningdek, talabalarga kunlik nonushta uchun 5 lira, kechki ovqat uchun esa 11 lira, umumiy hisobda esa har kuni 16 lira miqdorida ovqat uchun yordam puli ajratiladi.

Masalan, siz nonushta qilish uchun tuxum, choy, tost, pishloq va zaytun sotib oldingiz va bu oziq-ovqat mahsulotlarining narxi 6 lirani tashkil qildi. Siz ushbu taomlarni +1 lira to‘lash orqali sotib olishingiz mumkin. Yoki kechki ovqat uchun loviya sho‘rva, guruch, va salat sotib oldingiz deylik. Ushbu taomlarning umumiy qiymati 13 lirani tashkil etdi. Ammo siz uni +2 liraga sotib olasiz.

Yotoqxonalarda haftaning har kuni ovqat beriladi. Shu tariqa, talabalar har oy 480 lira (64 dollar) miqdorida ovqatlanish uchun yordam puli bilan ta'minlanadi. Ovqatlar narxi bozor narxidan kamida 35 foiz chegirmali tarzda belgilanadi. 

Yotoqxonalardagi shart-sharoitlar qanday?

Turkiyada har yili mamlakat bo‘ylab ko‘plab yangi yotoqxonalar quriladi. Yangi qurilgan yotoqxonalardagi xonalar asosan 3 kishiga mo‘ljallangan. Ammo xonalari 4-5-6 talabaga mo‘ljallangan yotoqxonalar ham mavjud.

Davlat tasarrufidagi yotoqxonalarning har bir qavatida bepul internet tizimi mavjud. Ba'zi yotoqxonalarda hojatxona va hammom xonada joylashgan bo‘lsa, ba'zi yotoqxonalarda ular har bir qavatda umumiy. Har bir xonada kichik muzlatkich bor. Yotoqxonalarda isitish tizimi va issiq suv muammosi yo‘q. Har bir yotoqxonada kir yuvish mashinalari yetarli. Talabalar kir yuvish va quritish xonalaridan foydalangan holda kirlarini bepul yuvishlari mumkin. Ammo kir yuvish kukunlari o‘z cho‘ntaklari hisobidan.

Oliy o‘quv yurtlari ko‘p bo‘lgan katta shaharlarda universitetdan uzoqda joylashgan yotoqxona talabalar uchun muammo tug‘dirishi mumkin. Masalan, universitet kampusi Istanbulning Onado‘li yoqasida joylashgan talabaga shaharning Yevropa yoqasi tomonidan yotoqxona berilishi mumkin. Bu holda talabalar turar joylari mintaqaviy direksiyasiga murojaat qilish orqali muammoni hal qilish mumkin. Bunda talaba o‘z arizasida yashamoqchi bo‘lgan uchta yotoqxona ro‘yxatini keltirib o‘tishi lozim.

Kimlarga imtiyoz beriladi?

Turkiyada quyidagi toifadagi talabalarga davlat yotoqxonalariga joylashishda imtiyoz beriladi:

  • shahid va faxriylarning farzandilariga;
  • nogironligi 40 foiz va undan yuqoriligi aniqlangan talabalarga;
  • davlat himoyasida bo‘lgan, mehribonlik uylarida tarbiyalangan talabalarga;
  • litsenziyaga ega milliy yoki havaskor sportchilarga.

II. Xususiy talabalar turar joylari

Basharti talaba xususiy yotoqxonada yashashga qaror qilsa, u o‘zi ta'lim oluvchi oliy o‘quv yurtidan uzoq bo‘lmagan yotoqxonalardan birini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Chunki xususiy yotoqxonalar, odatda, universitetlarga yaqin hududda joylashgan bo‘ladi. Ya'ni talaba transport uchun qo‘shimcha haq to‘lashiga hojat qolmaydi.

Talaba o‘zining moddiy imkoniga ko‘ra, bir yoki ikki kishilik xonada yashashi mumkin. Agar u xonadoshi bilan bog‘liq biron muammoga duch kelgudek bo‘lsa, yotoqxona menejyeriga murojaat qilishi va undan xonani almashtirib berilishini so‘rashi mumkin. Talabalardan elektr energiyasi, suv, tabiiy gaz va internet uchun to‘lov talab qilinmaydi. Chunki xususiy yotoqxonalarda mazkur to‘lovlar xona narxiga kiritilgan bo‘ladi. Shu bois, yotoqxona to‘lovidan boshqa hech qanday to‘lov amalga oshirilmaydi.

Xususiy yotoqxonalarda ham kuniga ikki mahal ovqatlanish imkoniyati mavjud. Ularning aksariyatida ochiq bufet nonushtasi va 4 xil turdagi kechki ovqat beriladi. Talaba istalgan vaqtda xususiy yotoqxonadagi mavjud o‘quv xonasida 24 soat dars qilishi, do‘stlari bilan suhbatlashishi va dam olish xonalarida televizor tomosha qilishi, sport zalida shug‘ullanishi mumkin. Ammo xususiy yotoqxonalar to‘lovi davlat tasarrufidagi talabalar turar joylarinikiga nisbatan qimmat. Masalan, talabalar soni ko‘p bo‘lgan Istanbul, Anqara va Izmir kabi shaharlarda yotoqxonaning yillik narxi 10 ming lira (1 ming 350 dollarga yaqin)ni tashkil etadi. Talaba bir o‘quv yili uchun shartnoma imzolagan bo‘lsa, u bir oy uchun o‘rtacha 1000 lira (135 dollarga yaqin) to‘lov qiladi. 

Xususiy TTJ ochish tartibi qanday?

Turkiyada talabalarni turar joy bilan ta'minlash masalasi maxsus nizom bilan tartibga solinadi. Ushbu nizomda oliy o‘quv yurtlari talabalariga turar joy xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan xususiy turar joy muassasalarini tashkil etish, ularning faoliyati va nazorati bilan bog‘liq tartib va ​​tamoyillar o‘z aksini topgan.

Xususiy TTJ tashkil qilishga oid tegishli hujjatlar viloyat direksiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va vakolatli organ ruxsati bilan 15 ish kuni ichida litsenziya beriladi. TTJ binolari, bino bo‘limlari va jihozlar bo‘yicha standartlar esa vazirlik (Yoshlar va sport vazirligi) tomonidan belgilanadi.

TTJ binolari yonilg‘i quyish shoxobchalari, yonuvchan va portlovchi materiallar ishlab chiqariladigan yoki saqlanadigan joylardan kamida yuz metr uzoqlikda bo‘lishi shart. TTJlar xususiyati, xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab vazirlik tomonidan belgilangan tartib va ​​prinsiplarga muvofiq tasniflanishi mumkin. TTJlar ochish va ularning faoliyatiga ruxsat berishda TTJ turlari va ularning minimal sig‘imiga e'tibor qaratiladi. Unga ko‘ra:

  • talabalar turar joylari kamida o‘ttiz talabaga;
  • talabalar pansionatlari kamida yigirma talabaga;
  • kvartira tipidagi turar joy majmualari kamida o‘n nafar talabaga xizmat ko‘rsatishi lozim. TTJ imkoniyatlarini aniqlash tartibi, prinsiplari va standartlari vazirlik tomonidan belgilanadi.

Ta'sischi xususiy turar joy xizmatlarini amalga oshirish uchun vazirlik tomonidan belgilangan shart-sharoitlar to‘liq ta'minlanishiga javobgardir. Ta'sischi yoki ta'sischining vakili o‘z vakolatlarini boshqa shaxsga o‘tkaza olmaydi. 

Chet el fuqarosi bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxslar o‘zlari yoki Turkiya fuqarolari bilan hamkorlikda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, faqat o‘z millatlariga mansub talabalar uchungina vazirlikning tegishli ruxsati bilan TTJ yoki pansionat ochishlari mumkin. Boshqa millatga mansub muassis tomonidan ochilgan TTJ direktorlaridan kamida biri Turkiya Respublikasi fuqarosi bo‘lishi shart. Tekshiruv natijasida TTJ ochish ruxsati yoki litsenziyasi bekor qilingan ta'sischilar besh yil o‘tmasdan yana yangi muassasa ocha olmaydi yoki boshqa bir muassasaga hammuassis yoki ta'sischi vakili bo‘lib kira olmaydi.

Xususiy TTJ rahbariyati va xodimlar tarkibi qanday shakllantiriladi?

TTJ direktorlari kamida bakalavr darajasiga ega bo‘lishi shart. Qizlar yashovchi TTJlarda direktor, direktor o‘rinbosarlari va menejyerlar ayollardan, o‘g‘il bolalar yashaydigan TTJlarda esa erkaklardan tayinlanishi lozim. Shuningdek, talaba qizlarga turar joy xizmatlarini ko‘rsatuvchi muassasalarda tozalik xizmatini bajaruvchi xodimlar ham ayol kishi bo‘lishi shart.

Qiz va o‘g‘il bolalar uchun alohida alohida tashkil qilingan talabalar turar joylari har yili o‘quv yili boshlanishidan oldin yong‘in xavfsizligi, elektr energiyasi, isitish tizimi, suv va gaz bilan ta'minlash xavfsizligi yuzasidan oliy o‘quv yurtlarining tegishli bo‘limlari, muhandislar yoki ushbu sohadagi vakolatli shaxs hamda tashkilotlar tomonidan tekshiriladi.

Nima qilmoq kerak?

O‘zbekiston sharoitida mavjud muammolarni hisobga olgan holda, quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:

  • yildan yilga o‘sib borayotgan talabalar soniga muvofiq ravishda yangi talabalar turar joylari qurilishini tizimli tarzda amalga oshirish;
  • sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish va talabalarga tanlov imkoniyatini yaratish;
  • kvartira tipidagi turar joy majmualari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • TTJlar faoliyati boshqaruvini OTMlar ixtiyoridan chiqarish va uni ushbu sohaga ixtisoslashgan tizimga o‘tkazish.

Otabek Tillayev

Mavzuga oid