O‘zbekiston | 11:32 / 25.12.2019
3733
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston - Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi moliyalashtiriladi

Foto: Norma.uz

Prezidentning 13.12.2019 yildagi PQ-4550-son qarorida muassasaning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari nazarda tutilgan, deb yozmoqda Norma.
 
2016 yilda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti (TDTU) huzuridagi O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi tashkil etilgan. Joriy davrda 15 nafar yosh olimlar Yaponiyaning yetakchi ilmiy va ta'lim muassasalarida stajirovkadan o‘tdilar. Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) loyihasi doirasida 2019 yilda markazning xodimlari malaka oshirish maqsadida Yaponiyaga yuborildi.
 
Markaz ilmiy salohiyatini rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun ilmiy asbob-uskunalar va jihozlarni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va TDTUning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan xarid qilinadi. Yaponiya tomonining tavsiyasiga ko‘ra 2020 yilda Markaz uchun ilmiy-laboratoriya qurilmalari istisno tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida yetkazib beriladi – shartnomalar ro‘yxatdan o‘tkaziladi (tartibi G‘aznachilik tomonidan belgilanadi), O‘zR TXBning portalida e'lon joylashtirilmaydi, elektron savdolar va tenderlar o‘tkazilmaydi.
 
Markaz faoliyati Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Markazning vazirlik tizimidagi innovatsiya va texnologiya transferi markazlari, texnoparklar, laboratoriyalar, startap va biznes akseleratorlar, boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish, Markazning fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarini moliyalashtirish idora zimmasiga yuklanadi.
 
Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalari jamg‘armasi tomonidan Markaz uchun qurilmalar, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarni xarid qilish va o‘rnatishga yarim million AQSh dollari ajratiladi. Ushbu mablag‘lar Yaponiya tomoni bilan kelishilgan holda sarflanadi.
 
Markaz xodimlariga 7 ta oliy ta'lim muassasalariaro ilmiy laboratoriyalaridan, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi laboratoriyalaridan, Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti huzuridagi Jamoaviy foydalanish markazining laboratoriya qurilmalaridan (2017 yilda Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining krediti hisobidan) tekin foydalanish imkoniyati berilgan.
 
Bir qator tashkiliy masalalar tartibga solindi. Xususan, markaz direktorini tayinlash tartibi belgilandi – Innovatsion rivojlanish vazirligining takliflari asosida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining buyrug‘i bilan tayinlanadi. Nomzod vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Unga bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarlik qiladi. Vasiylik kengashi bir yilda ikki marta (kamida) chaqiriladi hamda u tasdiqlangan shtatdagi xodimlar sonini oshirmagan holda markaz tuzilmasini o‘zgartirishga haqlidir.

Mavzuga oid