O‘zbekiston | 16:00 / 30.09.2022
10109
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy akkreditatsiya tizimi xalqaro darajada tan olindi

Har bir davlat iqtisodiyoti oldida turgan muhim vazifalardan biri bu, shubhasiz, eksport salohiyatini oshirish, jahondagi yangidan-yangi bozorlarga kirib borishdir. Ammo mamlakatlarning bozor borasidagi o‘z qonun-qoidalari, qonunchilik hujjatlari, tovar va mahsulotlar kirib kelishiga aloqador talablari bor, jumladan, O‘zbekistonda ham. Soha tilida aytadigan bo‘lsak “texnik to‘siqlar” mavjud.

Foto: O‘zbekiston milliy akkreditatsiya markazi

Qayd etilgan bu to‘siqlar aslida ichki bozor sifati va sofligini, iste’molchilar huquqlarini ta’minlashni nazarda tutadi. Ularni bartaraf etish uchun har bir davlat milliy akkreditatsiya organlari Laboratoriyalar akkreditatsiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik – ILAC va Xalqaro akkreditatsiya forumi – IAF kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lishi, ko‘p tomonlama bitimlarga qo‘l qo‘yishlari lozim.

Bu a’zolik davlatlar uchun nima beradi? A’zo va ko‘p tomonlama bitimlarga qo‘l qo‘ygan davlatlar bir-birining mahsulot sifati sinovlarini o‘zaro tan oladi. Ya’ni “bir marotaba sinovdan o‘tkazib, butun dunyoda tan olish” tamoyiliga ko‘ra ish yuritadi. Bu esa o‘z navbatida, bozorlarga erkin kirib borish imkoniyatini beradi. Shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tovar va xizmatlari sifati xorijiy davlatlar iqtisodiyoti va jamiyati talabi darajasida bo‘lishiga, sifat ko‘rsatkichining yuqoriligi bilan ishonch qozonib, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf qilishga yordam beradi.

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, xorijiy davlatlar akkreditatsiya idoralari ILAC va IAF tashkilotlariga to‘la huquqli a’zo bo‘lib kirishi uchun o‘rtacha 5-6 yil talab etiladi (Qozog‘iston, Kolumbiya – 4 yil; Tailand – 5 yil; Rossiya, Yamayka – 6 yil; Belarus, Turkiya, Chili – 7 yilda a’zo bo‘lgan).

O‘zbekiston akkreditatsiya markazi 2019 yilda o‘z faoliyatini boshlagan holda 2020 yil aprel oyida ILAC’ning haqiqiy muxbir a’zosi sifatida tan olingan. 2020 yil dekabr oyida esa IAF a’zoligiga qabul qilindi.

Markaz oldida turgan keyingi vazifalardan biri mazkur xalqaro tashkilotlar doirasida amal qiluvchi akkreditatsiya natijalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimlarga (ILAC-MRA va IAF MLA) qo‘shilish va bu orqali mahalliy mahsulotlar eksport salohiyatini oshirish hamda jahon bozorida to‘siqlarsiz e’tirof etilishini ta’minlashdan iborat edi.

Ushbu natijaga erishish uchun Markaz o‘z faoliyatini tubdan xalqaro standartlarga moslashtirish, xalqaro miqyosda talab qilinadigan barcha vazifalarni bajarish, bitimlarga a’zo bo‘lgan davlatning tajribalarini o‘rganish, xalqaro toifadagi ekspertlar bilan seminar va mahorat darslarini tashkil qilib, faoliyatni yanada takomillashtirishga e’tibor qaratdi. Mutaxassislarning malakasi oshirildi, laboratoriya xodimlari uchun ham qator o‘quv-mashg‘ulotlari olib borildi.

Nihoyat, joriy yilning yanvar oyidan mart oyiga qadar 8 nafar xalqaro ekspert (Hongkong, Hindiston, Tayvan, Eron, Malayziya, Shri-Lanka, Filippin, Indoneziya) O‘zbekiston akkreditatsiya markazi faoliyatini baholashdan o‘tkazib, xulosalarini berdi. Umumiy hisobda Markaz faoliyati qoniqarli baholanib, kamchiliklar borasida tavsiyalar berildi. Ushbu kamchiliklar atroflicha o‘rganilib, bartaraf etildi va natijalar yozma ravishda xalqaro tashkilotlarga taqdim etildi.

Barcha sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq 2022 yilning 14 sentabr kuni O‘zbekiston akkreditatsiya markazi Laboratoriyalar akkreditatsiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik – ILAC’ning to‘la huquqli a’zosi safiga qabul qilindi va ISO/IEC 17011:2017 xalqaro standarti talablari hamda ILAC tartib-taomillariga muvofiq,

  • ISO/IEC 17025 sinov
  • ISO/IEC 17025 kalibrlash

sohalarida akkreditatsiya natijalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimga (ILAC MRA) qo‘shildi.

Buning natijasida O‘zbekistonda amalga oshirilgan sinovlar dunyoning 116 ta davlatida tan olinishiga yo‘l ochildi.

Shuningdek, joriy yilning 28 sentabr kuni esa yana bir nufuzli tashkilot, Xalqaro akkreditatsiya forumi – IAF’ning to‘la huquqli a’zosi safiga qabul qilindi va IAF tartib-taomillariga muvofiq

  • ISO/IEC 17065 mahsulotni sertifikatlashtirish
  • ISO/IEC 17021-1 menejment tizimini sertifikatlashtirish

sohalarida akkreditatsiya natijalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimga (IAF MLA) qo‘shildi.

Markaz Laboratoriyalar akkreditatsiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik–ILAC tashkiloti va Xalqaro akkreditatsiya forumi – IAF bilan birgalikdagi faoliyatga muhim ahamiyat qaratadi. Ushbu nufuzli tashkilotlar bilan aloqalar O‘zbekiston milliy akkreditatsiya tizimini rivojlantirishdagi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. ILAC va IAF Nizomlarining maqsadi, tamoyillari va vazifalaridan kelib chiqib O‘zbekiston akkreditatsiya markazi barcha majburiyatlarni so‘zsiz va bekam-u ko‘st bajarishni o‘z mas’uliyatiga oldi. Zotan, ILAC va IAF ga a’zo bo‘lish akkreditatsiya tizimining xalqaro standartlar asosida ishlashi kafolatidir.

Ma’lumot uchun: Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiyalash hamkorligi (ILAC) 4 ta yirik mintaqaviy idoradan (Yevropa, Markaziy Amerika, Afrika va Osiyo Tinch okeani) tashkil topgan. Bugungi kunda dunyoning 116 ta davlati akkreditatsiya idorasi tashkilotning to‘la huquqli a’zolari hisoblanadi. Ya’ni “ILAC MRA” – “Sinovlarni o‘zaro tan olish bitimi”ga qo‘shilgan.

Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) dunyoning 88 ta davlatidagi 75 ta akkreditatsiya idorasini o‘z tarkibiga oluvchi yirik xalqaro tashkilot. Tashkilotning to‘la huquqli a’zolari IAF MLA - Baholash natijalarini o‘zaro tan olish Bitimiga qo‘shilish huquqiga ega bo‘ladi. Bitim doirasida 11 mingdan ortiq sertifikatlashtirish organlarining baholash natijalari (sertifikatlari) o‘zaro tan olinadi.

O‘zbekiston milliy akkreditatsiya markazi matbuot hizmati Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish