Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mochalka yetishtiradigan qishloq: Chekxitoydan reportaj
Bog‘dod tumanining Chekxitoy qishlog‘ida azaldan mochalka o‘simligi yetishtiriladi. Qishloq aholisining ko‘pchiligi ayni paytda pishib yetilgan lyuffa hosilini yig‘ib olib quritish bilan band. Mo‘tabar aya ham kelinlari bilan birga “mochalka” yig‘ishga kirishgan.
Xalq tilida dastmolqovoq, mochalka deb nomlanuvchi lyuffa poliz o‘simligining asli vatani hindi – Xitoy va Hindiston yarim orollaridir.
50 yilda beri “mochalka”chilikdan kun ko‘rayotgan Mo‘tabar aya Mamatqulova o‘simlik haqida gapirib berdi.


“1974 yilda Bog‘dod tumanining boshqa bir qishlog‘idan Chekxitoyga kelin bo‘lib tushganman. Shundan beri mochalka yetishtiramiz. Avval donasini 1 000 so‘mdan sotar edik. Endi Xudoga shukur, 15, 20 ming so‘mga ko‘tarilib qoldi. Mochalka sotib kam bo‘lmadik. Bolalarimizni uylayapmiz, qizlarimizni chiqaryapmiz, nevara to‘ylarni qilyapmiz.
O‘simlik mevasini tayyor mochalka holatiga keltirib olish oson ish emas. O‘ziga yarasha mashaqqati bor. Lyuffa urug‘ini aprelda ekamiz. 15, 20 kunda unib chiqadi. Chiqqandan keyin ko‘chatni begona o‘tlardan tozalab tagiga o‘g‘itini solib, simlarni tortamiz. Ikki oy deganda o‘simlik tepadagi simlarga ilashadi. Ana undan keyin alohida parvarishini boshlaymiz.

Mochalkalar iyundan boshlab pishishni boshlaydi. Iyun, avgust, sentabrning oxiri va oktyabr oyida ham vaziyatga qarab hosil olamiz. O‘rta hisobda bir oila 20 million so‘m daromad qiladi. O‘tgan yili tayyor bo‘lgan mochalkalar donasi 15-20 ming so‘mdan sotilgan edi. Bu yil esa narxi chiqqanicha yo‘q.
Tayyor holga qanday keladi?
Eng avvalo mochalka mevasini uzib olib uni ezamiz. Keyin suvga solinadi. Suvda 1 kun turgach achiydi. Shundan so‘ng po‘stini archib, yaxshilab tozalab yuvib, toshga urib silkitib maxsus simlarga ilib chiqamiz.

Shu kunlarda havo issiqligi uchun bir kun deganda quriyapti. Sentyabr, oktyabr oylariga o‘tib qolsa, ikki kun, uch kunda quriydi. Mochalkachilikni bundan 50 yil avval boshlaganman. O‘g‘lim 50 yoshga kirdi. Ikki kelinim bor. Ikkalasi ham mochalka tayyorlash bilan band. Tirikchilikda endi...

O‘ziga yarasha mijozlarimiz bor, katta-kichikni ajratib, pulini berib olib ketishadi. Asosan Toshkentga chiqaramiz. Bu qishloqqa yangi kelin bo‘lib kelganimda mochalkalarni ko‘rib hayron bo‘lib bodring deb o‘ylaganman. Keyin esa dehqonchilikka ko‘nikdik. Mochalka tirikchilik manbaiga aylandi. Mochalka idish-tovoq, qozon yuvishda ham ishlatiladi. Meva pishgunicha tagiga sabzi, kartoshka, kalampir ekib qo‘shimcha daromad ham olamiz”.
Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz
Mavzuga oid
12:00 / 26.10.2024
Qishloq xo‘jaligida suv olish limiti xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlanadi
19:28 / 22.07.2024
“Turar joylar sud boshqaruvchisi tomonidan sotuvga chiqarilgan” – Universal bank Farg‘onadagi “dom” mojarosiga munosabat bildirdi
12:00 / 18.07.2024
Toshkentdagi “Azia invest” mojarosi Farg‘onada takrorlanyapti. Fuqarolar hukumatdan najot kutmoqda
11:22 / 01.06.2024