O‘zbekiston | 17:11 / 24.10.2024
23006
1 daqiqa o‘qiladi

10 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada qo‘lga olindi

Musayevna Hadicha Jafarova 2011-2013 yillarda O‘zbekiston bank-moliya xususiy sektorida yuqori lavozimlarda ishlagan, 2014 yilda qidiruvga berilgan. U jinoiy uyushma tashkil etish, o‘zgalar mulkini juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish, firibgarlik, soxta tadbirkorlik kabi qator jinoyatlarda gumonlanmoqda.

Foto: Istanbuldagi bosh konsulxona

Bir qancha jinoiy ishlarda ayblanib, O‘zbekiston hukumati tomonidan qidiruvga berilgan Musayevna Hadicha Jafarova Turkiyada qo‘lga olindi, deya xabar qildi O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi.

1951 yilda tug‘ilgan ayol Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushlangan va bosh konsulxona xodimlari ishtirokida O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

U 2011–2013 yillarda O‘zbekistonda bank-moliya xususiy sektorida yuqori lavozimlarda ishlagan, jinoiy uyushma tashkil etish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, o‘zgalar mulkini juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish, firibgarlik, soxta tadbirkorlik kabi bir qator jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, 2014 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan.

Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yoxud uning quyi tizimlariga murojaat qilish so‘raladi.

Mavzuga oid