Jahon | 16:10 / 17.10.2025
4290
8 daqiqa o‘qiladi

Putin bilan suhbatlashgan Tramp, husiylarda yana yo‘qotish va Rossiyada yangi migratsion konsepsiya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp va Putin Budapeshtda uchrashmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin payshanba kungi telefon suhbatida Ukrainadagi urush bo‘yicha navbatdagi sammit o‘tkazishga kelishib oldi.

Trampning aytishicha, u va Putin ikki soatdan ortiq davom etgan «samarali» telefon suhbatidan so‘ng kelasi ikki hafta ichida Budapeshtda uchrashishlari mumkin. Kreml ham uchrashuv rejalashtirilayotganini tasdiqladi, biroq aniq sana keltirilmagan.

Kreml vakili Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, suhbat chog‘ida Putin Trampga uzoq masofali raketalarni Ukrainaga berish tinchlik jarayoniga zarar yetkazishi va AQSh-Rossiya munosabatlarini yomonlashtirishini aytgan.

Tramp keyinchalik Oq uyda jurnalistlarga «Butun umrim davomida men bitimlar qilganman. Bu safar ham biz buni tez orada hal qilamiz, degan umiddaman», dedi. Tramp–Putin uchrashuvidan oldin AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi jamoalar kelasi hafta muzokara o‘tkazishi kutilmoqda.

Bu orada Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy juma kuni Oq uyga yo‘l olayotgani, u yerda AQShdan yangi harbiy yordam, jumladan, uzoq masofali Tomahawk raketalarini so‘rashni rejalashtirgani bildirildi.

So‘nggi kunlarda Oq uy Zelenskiyga yangi yordam berishga moyillik bildirayotgandek edi. Biroq Trampning Putin bilan telefon suhbati ortidan bildirilgan yumshoq ohang bu yordamning yaqin orada berilish ehtimolini so‘roq ostiga qo‘ydi. Yevropada AQShning Moskvaga yon bosishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni yana kuchaytirdi.

Tramp prezidentlikka kelganidan beri Rossiyaga qarshi choralar haqida tez-tez ogohlantirgan, ammo Putinning har bir suhbati ortidan ularni kechiktirgan. Xususan, avgust oyida Alyaskada bo‘lib o‘tgan sammitda Tramp sulhga erishmoqchi bo‘lgandi, ammo natija bo‘lmadi. O‘shanda ayrim tahlilchilar Putin AQShning imtiyozlarini «cho‘ntagiga solib», urushni to‘xtatish niyati yo‘qligini aytgan, deya hazillashgan.

G‘azoga xalqaro kuchlarni yuborish masalasi o‘rganilmoqda

Fransiya va Buyuk Britaniya AQSh bilan hamkorlikda yaqin kunlarda BMT Xavfsizlik Kengashida G‘azo uchun xalqaro kuch tuzish asoslarini belgilovchi rezolyutsiyani yakunlash ustida ishlayapti.

Bu haqda ma’lum qilgan Fransiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Paskal Konfavryoning aytishicha, bunday kuch xalqaro huquq asosida mustahkam poydevorga ega bo‘lishi uchun BMT mandati zarur. Bu mamlakatlarning potensial hissa qo‘shishini osonlashtiradi.

«Fransiya o‘z hamkorlari bilan yaqin hamkorlikda bunday xalqaro missiyani yaratish ustida ishlamoqda va bu jarayon BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasini qabul qilish orqali rasmiylashtirilishi kerak. Bu rezolyutsiyani taklif qilish masalasida, xususan, amerikaliklar va britaniyaliklar bilan muzokaralar davom etmoqda», dedi u.

Reutersʼning yozishicha, AQSh ushbu kuchga hissa qo‘shish masalasida Indoneziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Qatar va Ozarbayjon bilan muzokara olib bormoqda.

Italiya ham ochiqchasiga ishtirok etishga tayyorligini bildirgan. Avvalroq Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto G‘azoda tinchlikni ta’minlash uchun 20 ming yoki undan ortiq askarni joylashtirishga tayyorligini aytgandi.

Diplomatlarning aytishicha, bu «barqarorlashtirish kuchi» BMTning rasmiy tinchlikparvar missiyasi bo‘lmaydi va dunyo hamjamiyati tomonidan moliyalashtirilmaydi. Buning o‘rniga, o‘sha rezolyutsiya missiya va unga hissa qo‘shayotgan davlatlarga «mandatni bajarish uchun zarur barcha choralarni ko‘rish» vakolatini beradi. Bu ibora, odatda, qurolli kuch ishlatish huquqini anglatadi.

Haj vizasi shartlari kuchaytirildi

Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi «Haj–2026» mavsumida o‘zgarish joriy qildi. Endi ziyoratchida «Nusuk» platformasidan olingan sog‘lomlik to‘g‘risida tibbiy guvohnoma bo‘lgan taqdirda unga Haj vizasi beriladi.

Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi Haj safari bilan shug‘ullanuvchi vazirlik va idoralarga har bir ziyoratchini sinchkovlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va haj safariga borish layoqatiga mos kelmaydigan kasallik bor-yo‘qligini aniqlash majburiyatini yuklagan.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan va tegishli guvohnoma olmasdan haj vizasini rasmiylashtirish imkoni yo‘q. Bayonotda, quyidagi kasalliklarga chalingan ziyoratchilar Haj safariga yuborilmasligi ma’lum qilindi:

  • Dializ talab qiladigan buyrak yetishmovchiligi;
  • Minimal jismoniy yuklamada ham namoyon bo‘luvchi yurak yetishmovchiligi;
  • Davriy yoki doimiy ravishda kisloroddan foydalanishni talab qiluvchi surunkali kasalliklari;
  • Jigar sirrozining og‘ir bosqichi;
  • Og‘ir ruhiy va nevrologik buzilishlar;
  • Qarilik demensiyasi kasalliklari;
  • Homiladorlikning oxirgi uch oyi va faol yuqumli kasalliklar
  • Kimyoterapiyadan o‘tayotgan faol onkologik kasalliklar.

Saudiya Haj va Umra vazirligi mazkur talablar buzilgan yoki yolg‘on ma’lumot berilgan taqdirda chora ko‘rilishini bildirgan.

Husiylarning yuqori harbiy amaldori o‘ldirildi

Yaman husiylari payshanba kuni o‘zlarining yuqori martabali harbiy rasmiysi «Isroil-Amerika» havo hujumi oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qildi, biroq voqea qachon sodir bo‘lgani ochiqlanmadi.

Husiylar harbiy shtab boshlig‘i general mayor Muhammad al-G‘omari «ba’zi hamrohlarining» hamda 13 yoshli o‘g‘li Husaynning o‘limi haqida bayonot berdi.

Biroq bayonotda hujumni aynan kim qilganini — so‘nggi oylarda bombardimon kampaniyasini kuchaytirgan Isroilmi yoki may oyida shunga o‘xshash kampaniyani olib borgan AQShmi, aniqlashtirilmagan. Shunga qaramay, husiylar rasmiylari odatda Isroil hujumlarini AQSh bilan bog‘lashadi, chunki AQSh Isroilga harbiy yordam beradi.

Payshanba kuni Isroil ham o‘z bayonotida hujumni da’vogar ohangda e’tirof etdi: «Bizga zarar yetkazmoqchi bo‘lgan rahbarlari qatoridagi yana bir shtab boshlig‘i yo‘q qilindi. Bizning qo‘limiz ularning barchasiga yetadi», deyiladi bosh vazir Binyamin Netanyahu ofisi bayonotida.

Payshanba kungi telemurojaatida husiylar yetakchisi Abdul-Malik al-Husi guruhning jangovar harakatlarni to‘xtatishga tayyorligini bildirgan, biroq ogohlantirgan: «Agar isroilliklar G‘azo sektoridagi o‘z tajovuzlarini yoki boshqa har qanday agressiv harakatni qayta boshlasalar, biz ham harbiy amaliyotlarni qayta boshlaymiz».

Rossiyada yangi migratsiya siyosati konsepsiyasi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi davlat migratsiya siyosatining 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan yangi konsepsiyasini tasdiqladi.

Yangi tahrirdagi hujjatda migrantlarning madaniy va ijtimoiy integratsiyasiga, milliy xavfsizlikni mustahkamlashga va «Rossiya jamiyatiga xos qadriyatlarni» saqlab qolishga e’tibor kuchaytirilmoqda.

Konsepsiyaning asosiy maqsadi — Rossiyaga ko‘chib kelgan migrantlarni nafaqat moslashtirish, balki «Rossiyaning an’anaviy qadriyatlarini hurmat qiladi, mamlakat hayotining faol ishtirokchisiga aylanadi va doimiy yashashga intiladi».

Migrantlarning oila a’zolari uchun cheklovlar - agar ular moslashish dasturlariga kiritilmagan bo‘lsa, na ishlayotgan, na o‘qiyotgan migrantlar oila a’zolarining Rossiyada qolishi cheklanadi.

Etnik anklavlar va marginallashuvga qarshi kurash. Hukumat bir xil etnik kelib chiqishga ega bo‘lgan migrantlarning ijtimoiy izolyatsiya va ziddiyatlarni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan hududiy konsentratsiyasiga to‘sqinlik qilmoqchi.

Mavzuga oid