Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda tadbirkorlarga davlat mukofotlarini topshirdi
Prezident farmoniga muvofiq, mamlakat iqtisodiy qudrati va eksport salohiyatini oshirayotgan, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan bir guruh tadbirkorlar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
20 avgust kuni Yangi Toshkentda mazkur mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni Tadbirkorlar kuni va yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.
– Bugungi marosimda yetakchi tadbirkorlarni, jamiyatimizning eng ilg‘or vakillarini ko‘rib turganimdan xursandman. Bu sohada katta islohotlarni boshlaganimizda iqtisodchilarda ham, tadbirkorlarning o‘zida ham qandaydir qo‘rquv bor edi. Lekin ishonch bilan, shijoat bilan imkoniyat yaratishdan to‘xtamadik. Mutasaddilarni tadbirkorlarni eshitishga majbur qildik. Bu o‘z natijasini berdi, davlat bilan tadbirkorlar o‘rtasida ishonch oshib bordi. Butun jamiyat tadbirkorga do‘st bo‘ldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mamlakat tadbirkorlari yangi g‘oya va tashabbuslari bilan barcha tarmoqlarni olg‘a tortayotgani, ular bilan birgalikda katta-katta dasturlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
– Biz tadbirkorlikka sharoit yaratdik, ular davlatga yelkadosh bo‘ldi. O‘tgan 4-5 yilda 7,5 million aholining bandligi ta’minlandi. Bu yilning o‘zida 3 milliondan ziyod ish o‘rni ochildi. Investitsiya va biznes muhitini yaxshilamaganimizda bunday natijalar bo‘larmidi, – deya ta’kidladi davlat rahbari.
Albatta, tadbirkorlarsiz bunga erishib bo‘lmasdi. Bugun iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, ayniqsa, qishloqlarda aholini daromadli qilishda ular harakatlantiruvchi kuch bo‘layotir. Yuz minglab yoshlar, xotin-qizlarni kasb-hunarli qilish, tadbirkorlikka o‘rgatish tajribasi ham tadbirkorlar bilan hamkorlik mahsuli.
– Yurtimizda tadbirkor va ishbilarmonlarning yangi avlodi shakllangani – bu bizning katta boyligimiz va yutug‘imiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Chunki har bir tadbirkor inson o‘z ortidan o‘nlab odamni ergashtiradi, ularga ish o‘rgatadi, ishli, daromadli qiladi, jamiyat hayotiga yangilik olib kiradi. Sizlarni Yangi O‘zbekiston qahramonlari, desak, arziydi.
Prezident tashabbusi bilan shakllangan ezgu an’anaga muvofiq, har yili ilg‘or tadbirkorlar Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanib kelmoqda. Bu yil nomzodlarni tanlashda o‘z sohasida barchaga o‘rnak bo‘lib, aniq natijaga erishgan, ishlab chiqarish va eksport orqali hududlar, butun mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlarga alohida e’tibor qaratildi.
Marosimda davlat rahbari ushbu mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.





Mukofotlanganlar sohani doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani va mehnatlariga yuksak e’tibori uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, ziyolilar ishtirok etdi.
Mavzuga oid
19:45 / 15.11.2025
“Kelajak merosi” mukofoti sovrindorlari taqdirlandi
15:05 / 10.11.2025
Tibbiy xizmatlar eksportini oshirgan markazlarga alohida mukofot beriladi
19:21 / 09.11.2025
Prezident farmoni bilan bir guruh tibbiyot xodimlari mukofotlandi
20:33 / 24.10.2025