Jahon | 14:50 / 28.10.2025
4136
5 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Britaniyadan 10 milliard dollarga Eurofighter Typhoonʼlar sotib oladi

Turkiya va Buyuk Britaniya 10,7 mlrd dollar evaziga 20 ta yangi Eurofighter Typhoon qiruvchisini yetkazib berishga kelishdi. Anqara shuningdek, Fors ko‘rfazi davlatlaridan yana 24 ta qiruvchi samolyot olyapti. Tahlilchilarga ko‘ra, Turkiya mintaqadagi asosiy raqibi – Isroilning havodagi ustunligini yo‘q qilmoqchi.

Foto: Turkiya prezidenti matbuot xizmati

27 oktyabr kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer lavozimga kelganidan buyon ilk bor Turkiyaga tashrif buyurdi. Tashrifi chog‘ida Starmer prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan Eurofighter Typhoon qiruvchilarini xarid qilish bo‘yicha kelishuvni imzoladi va uni «tarixiy lahza» deb atadi.

Kelishuvga ko‘ra, Britaniya 10,7 mlrd dollar evaziga 20 ta yangi Eurofighter Typhoon qiruvchisini Turkiyaga yetkazib beradi. Londonning bildirishicha, Turkiya yangi Typhoon'ning dastlabkisini 2030 yilda qabul qiladi. Starmer muzokaralar doirasidagi bitimda yana qo‘shimcha xarid qilish opsiyasi ham mavjudligini bildirdi.

«Bu tarixiy kelishuv Britaniya ishchilari uchun yutuq, mudofaa sanoatimiz uchun yutuq va NATO xavfsizligi uchun ham yutuqdir», dedi Starmer.

«Turkiya muhim NATO ittifoqchisi va Qora dengizning qo‘riqchisi hisoblanadi. Ularni eng zamonaviy Typhoon qiruvchi samolyotlari bilan ta’minlash NATOning salohiyatini kuchaytiradi va hammamizni yanada xavfsiz qiladi», dedi Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili.

Foto: Turkiya mudofaa vazirligi

Britaniya hukumatiga ko‘ra, «bu avloddagi eng yirik qiruvchi samolyot eksport bitimi» — Edinburg kabi shaharlarda 20 ming kishilik ishchi kuchini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.

Erdo‘g‘anning aytishicha, «bu kelishuv ikki yaqin ittifoqchi sifatidagi strategik munosabatlarning yangi belgisi».

Bundan tashqari, Turkiya mudofaa vazirligi Oman va Qatardan ham yana 12 tadan, jami 24 ta Typhoon qiruvchilari sotib olinishini bildirdi. Bu samolyotlar foydalanilgan, ammo tez orada yetkazilishi tufayli Turkiyaning zudlik bilan ehtiyojlarini qondiradi. Yangi samolyotlar esa keyingi yillarda Britaniyadan olinadi.

Isroil bilan kurashda havoda ustunlikni ta’minlash

Ushbu kelishuv — Turkiyaning mintaqadagi raqiblari, xususan, Isroil bilan harbiy texnologiyalar bo‘yicha tenglashishga intilayotgan bir paytda amalga oshmoqda. Shu bilan birga Yevropa — NATOning ikkinchi eng katta armiyasi va qurollangan dronlarning yirik eksportchisiga aylangan Turkiyaga tobora ko‘proq tayanmoqda.

Mintaqada harbiy qudratli hisoblangan Isroil AQShdan yetkazib berilgan yuzlab qiruvchilar bilan Eron va Suriya, shuningdek, Livan va Qatarga havo hujumlari uyushtirdi.

Foto: Turkiya prezidenti matbuot xizmati

Reuters’ning yozishicha, bu Anqarani o‘tgan yil davomida jiddiy xavotirga solgan va mudofaa tizimini qayta tiklashga undagan.

Shu munosabat bilan iyul oyida Turkiya va Britaniya 40 tagacha Eurofighter Typhoon xaridi bo‘yicha dastlabki kelishuvni imzolagan edi. Bunga uni ishlab chiqaruvchi konsorsium a’zolari — Germaniya, Italiya va Ispaniya ham rozilik bildirgan. O‘tgan hafta Erdo‘g‘an Qatarga va Omanga ushbu reja bo‘yicha muzokaralar uchun tashrif buyurgan.

G‘arb bilan eng iliq munosabatlar davrini boshdan kechirayotgan Turkiya o‘z parkidagi eskirgan F-16ʼlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Eurofighter’larni, shuningdek, AQSh ishlab chiqargan F-35ʼlarni ham xarid qilishni xohlamoqda.

Turkiya o‘zining KAAN qiruvchilari yaqin yillarda tayyor bo‘lguniga qadar bo‘shliqni to‘ldirishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, u o‘tgan yili AQSh bilan 40 ta F-16 uchun 7 milliard dollarlik shartnomaga erishgan, biroq ular kechikishga uchramoqda.

Lekin «juda qimmat samolyotlar»

Istanbulda joylashgan xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha tahlilchi Burak Yildirim 8 milliard funtlik narxni «g‘ayrioddiy darajada baland» va «mislsiz» deb atadi. Bu narx — qiruvchi samolyotga qo‘shimcha opsiyalar, o‘q-dori, ehtiyot qismlar va tayyorgarlikni o‘z ichiga olsa ham, qimmatlik qiladi.

«Ular samolyotlarni fregat narxida sotishyapti. 400 million funtga jangovar samolyot olmaydi, ular bitta samolyotni to‘rt samolyot narxiga sotishyapti», deydi Yildirim Reutersʼga bergan izohida.

Britaniya va Turkiya 10 milliard dollarlik kelishuv tarkibida samolyotlardan tashqari nimalar kiritilganini oshkor etmadi.

Foto: Royal Air Force

Eurofighter Typhoon – bu Yevropada ishlab chiqilgan ko‘p maqsadli, 4++ avlod qiruvchi samolyot bo‘lib, yuqori manyovrchanlik va zamonaviy elektronika bilan ajralib turadi.

Havoda ustunlikni ta’minlash, havo, yer hujumlari hamda razvedka, qo‘llab-quvvatlash operatsiyalarida samardor. Ko‘plab Yevropa va NATO davlatlari harbiy havo kuchlarining asosiy jangovar platformalaridan biridir. Turli manbalarda uning birlik narxi 80 million dollardan 130 million dollargacha ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid