Fransuzlar asir tushishga chaqirilgan plakat va asirlikda dahshatli darajada ozib ketgan ukrain. Urush suratlari
Ukrainada urushning 833-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- GFR mudofaa vaziri Boris Pistorius Germaniya 2029 yilda Rossiya bilan urushishga tayyor bo‘lishi lozimligini aytdi.
- Sud bloger Anna Bajutovani Bucha haqidagi strim uchun besh yarim yilga ozodlikdan mahrum etdi.
- Jurnalist Dmitriy Kolezev Bucha haqidagi post tufayli armiya to‘g‘risidagi «feyk» moddasi bo‘yicha sirtdan hibsga olindi.
- Financial Times: agar Yevroittifoq RFga qarshi sanksiyalarni noma’lum muddatga qadar uzaytiradigan bo‘lsa, AQSh Rossiya aktivlari hisobidan Ukrainaga kredit taqdim etishga tayyor.
- Sverdlovsk oblastidan safarbar qilingan shaxs 23 yilga qamaldi. U quroldoshlari uxlab yotgan kazarmada granata portlatib yuborgan.
- Ukraina qurolli kuchlari tunda rossiyaliklarning 22 ta kamikadze dronini urib tushirganini ma’lum qildi. Poltava oblastida pilotsiz uchar qurilma sanoat obektiga kelib urildi.
- Hisobot: yaqin 10 yillikda «Gazprom» Ukrainadagi urush va sanksiyalar tufayli yo‘qotilgan gaz sotish hajmini tiklay olishi dargumon.
- Boshqa mamlakatlarda vaqtincha yashash ruxsatnomasiga hamda qo‘shfuqarolikka ega bo‘lgan, harbiy xizmat yoshidagi ukrainlarga Ukrainadan chiqish taqiqlandi.
- Rossiyada diversiya jamiyati ishi bo‘yicha ilk hukm o‘qildi. Ikki figurant o‘smirlarni temiryo‘llarda o‘t qo‘yishga yollash ayblovi bo‘yicha 17 va 22 yil muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.
- Moskvada eronlik sayyoh Ukraina bayrog‘i aks etgan libosda bo‘lgani tufayli armiyani «obro‘sizlantirish» protokoli bo‘yicha jarimaga tortildi.
Kun kadri. Rossiya asirligidan qaytgan ukrainalik
Rossiya va Ukraina may oyi oxirida fevral oyidan buyon ilk bor asirlar almashinuvini amalga oshirdi. Ukrainaga 75 kishi, jumladan Roman Gorilik ham qaytgan. Ozib to‘zib ketgan Romanning fotosi 4 iyun kuni Ukrainadagi «Xochu jit» proyekti tomonidan e’lon qilindi. Ma’lum qilishlaricha, Gorilik Chernobil atom elektr stansiyasini qo‘riqlash xizmatida katta nazoratchi bo‘lgan. Uni va AESni qo‘riqlagan Milliy gvardiyaning 168 xodimini rossiyalik harbiylar 2022 yil martida asir olishgandi.
Asirlik chog‘ida Qizil xoch xalqaro qo‘mitasi kuzatuvchilari Gorilikning ham, almashuv doirasida qaytarilgan boshqa asirlarning ham holidan xabar olishga kelmagan. «Xochu jit»ning qayd etishicha, «bu Rossiya hukumatining ongli ravishda amalga oshirilgan va maqsadli siyosati» bo‘lgan. «Ataylab shunday qilingan, Qizil xoch Rossiya tomoni harbiy asirlarga qanday muomilada bo‘layotganini fiksatsiya qila olmasligi uchun», — deyiladi proyekt tarqatgan bayonotda.
«Roman va boshqa ukrainalik harbiy asirlarning holati dahshat va insoniyat tarixining eng zulmatli sahifalari — natsistlarning konsentratsion o‘lim lagerlari bilan assotsiatsiya keltirib chiqaradi», — deyiladi bayonotda.
Kiyevda blekaut
Rossiya qo‘shini mamlakatning turli qismlaridagi obektlarga zarba berib, Ukraina energetika infratuzilmasini vayron qilishga urinmoqda. Obektlardagi shikastlanish holatlari tufayli Ukrainada aholi va korxonalar uchun elektr energiya uzatishda cheklovlar qo‘llanmoqda. 3 iyun kuni Kiyevda so‘nggi vaqtlardagi eng qat’iy cheklovlar kiritildi — endi hafta kuniga qarab bir kunda 9 soatdan 12 soatgacha elektr bo‘lmaydi. Energetika tadqiqotlari markazi direktori Oleksandr Xarchenkoning izohlashicha, Ukraina poytaxtidagi muhim infratuzilmalar ko‘pligi tufayli shunday chora zarur va elektr energiyasi taqchilligini hisobga olgan holda boshqa iste’molchilarga elektr yetkazib berish qisqartiriladi.
Poltava o‘qqa tutilishidan keyin chiqqan yong‘in
5 iyunga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini dronlar bilan Poltava oblastiga hujum qildi. Region rahbari Filipp Proninning so‘zlariga ko‘ra, pilotsiz uchar qurilmalar zarbasi tufayli Poltavadagi korxonalardan birida yong‘in chiqqan. Bir kishi jarohatlangan. Pronin o‘z telegram-kanalida aholini havo trevogasi signallarini e’tiborsiz qoldirmaslikka chaqirgan.
Yaradorni olib chiqayotgan ukrain harbiy shifokorlari
Rossiya qo‘shini Donetsk oblastining Chasiv Yar shahrini egallashga harakat qilmoqda, ammo Ukraina qurolli kuchlari yo‘qotishlarga qaramay, mudofaani ushlab turibdi. Oldingi chiziqda harbiy shifokorlar ham jangchilar bilan yelkama-yelka turib xizmat qilmoqda va yaradorlarni qutqarish uchun imkon doirasidagi barcha ishlarni qilishmoqda.
Donetsk oblastidagi ukrain askarlari
Liman — Donetsk oblastining Luhansk oblasti bilan chegaradagi aholi yashash punkti. 2022 yil may oyi oxirida Rossiya qo‘shini bu shaharchani egallagan, ammo o‘sha yil oktyabridayoq Ukraina qurolli kuchlari uni ozod etishga muvaffaq bo‘lgan. Rossiya qo‘shini Limanni muntazam ravishda o‘qqa tutmoqda. 1 iyun kuni shaharda besh kishi, jumladan 14 yoshli o‘smir yaralangan. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkin «so‘nggi haftalarda hududda vaziyat keskin yomonlashgani» tufayli Limandan bolalar evakuatsiya qilinishini bildirgan. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining 5 iyun tongidagi hisobotida aytilishicha, Liman yo‘nalishida o‘tgan bir kun mobaynida ukrain harbiylari raqib hujumini qaytargan, «Nevskiy va Serebryanskiy o‘rmonlarida harbiy harakatlar davom ettirilmoqda».
Xarkiv oblastida insonparvarlik yordami tarqatilishi
RF qo‘shini Xarkiv oblastining chegaradosh hududlarida yurishni davom ettirishga urinmoqda. Rus qo‘shini yaqin kelib qolgan aholi yashash manzillari aholisi qo‘llab-quvvatlovga muhtoj. Ularga yordam ko‘ngillilar va xayriya tashkilotlari, jumladan «Maltiya yordam xizmati» tomonidan ko‘rsatilmoqda.
Fransiyaning Moskvadagi elchixonasi oldida propaganda plakati
Moskvada Bolshaya Yakimanka ko‘chasidagi Fransiya elchixonasi yaqinidagi jamoat transporti pavilyoniga fransuz harbiylari asir tushishga chaqirilgan plakat o‘rnatildi. «Fransuzlar, o‘z ajdodlaringiz xatosini takrorlamang, ularning taqdirini bilasiz», — deya yozilgan plakatda. Shuningdek, plakatga fransuz generali, SS «Sharleman» diviziyasining 1945 yilda o‘ldirilgan komandiri Edgar Pyuoning fotosurati quyidagi yozuv bilan birga kelgan: «Bu fransuzlar oldin ham natsistlar tomonida turib Rossiyaga qarshi jang qilgan». Plakatda shuningdek asir tushish instruksiyasi bilan tanishish uchun chastota («Volga» 149.200) berilgan.
May oyi oxirida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Fransiya ukrain harbiy xizmatchilarini tayyorlash uchun Ukrainaga o‘z instruktorlarini yuborishini ma’lum qilgandi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Fransiya instruktorlar jo‘natishi haqida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning tashrifi vaqtida rasman e’lon qiladi, u 6 iyun kuni 1945 yilda ittifoqchi kuchlar Normandiyaga tushirilganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarida qatnashish uchun Parijga yetib keldi. 1 iyun kuni Parijda Eyfel minorasi atrofida «Ukrainadagi fransuz askarlari» yozuvlari tushirilgan soxta tobutlar qoldirib ketilgandi. Fransuz nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, tergovchilar Rossiya maxsus xizmatlari ushbu aksiyaga aloqadorligini gumon qilmoqda. Fransiyaning Moskvadagi elchixonasi oldiga plakatni kim o‘rnatganiga aniqlik kiritilmagan, ammo bu haqdagi yangilik ko‘plab nashrlar, jumladan TASS davlat axborot agentligida batafsil yoritilgan.
Mavzuga oid
09:59
Ukraina xandaqlarida taqiqlangan CS gazi izlari topildi
08:37
Sibiga: Ukraina qanchalik uzoqroq zarba bersa, urush shunchalik tezroq tugaydi
01:00
Borrel AQSh Kiyevga 300 kilometrgacha bo‘lgan masofada Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi
22:02 / 18.11.2024