Jahon | 20:59 / 09.04.2026
3440
5 daqiqa o‘qiladi

Eron TIV: Isroilning Livanga hujumlari sulhni buzish hisoblanadi

Foto: Getty Images

Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Said Xatibzoda BBC’ga bergan 15 daqiqalik eksklyuziv intervyusida AQSh urush yoki tinchlikdan birini «tanlashi kerakligi», Isroilning Eronga ittifoqchi bo‘lgan Livanga hujumlarni davom ettirishi esa sulhni buzish hisoblanishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron o‘tgan tunda Oval kabinetga quyidagi mazmunda xabar yo‘llagan: «Pirogni ham yeb, ham butun saqlab qolib bo‘lmaydi».

U kelishuvda Livanda ham harbiy harakatlarni to‘xtatish kerakligi ko‘rsatilgani, AQShning ittifoqchisi esa u yerda qirg‘in boshlaganini qayd etgan.

Vazirlik rasmiysi AQSh urush yoki tinchlikdan birini «tanlashi» lozimligini ta’kidlagan: «Bir vaqtning o‘zida unisi ham, bunisi ham bo‘lishi mumkin emas. Bular bir-biriga zid tushunchalar – buni hamma biladi».

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Eron va AQSh o‘rtasidagi aloqalar davom etmoqda va o‘tgan tunda ham tomonlar Pokiston orqali xabar almashishgan. U Eron «natijaga erishishdan manfaatdorligi», bu mamlakat milliy manfaatlariga mos kelishini qayd etgan.

AQSh va Eron vakillari shanba kuni Pokistonda uchrashishi kutilmoqda. Xatibzodaning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarga AQSh tomondan vitse-prezident Jyey Di Vens, Eron tomondan – parlament spikeri Muhammad-Boqir G‘olibof rahbarlik qilmoqda.

Siyosatchi Eron Ho‘rmuz orqali kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlashi, ammo uning ochilishi «Qo‘shma Shtatlar bu tajovuzni chinakamiga to‘xtatganidan keyingina» sodir bo‘lishini (Isroilning Livanga hujumlarini nazarda tutgan holda) aytgan.

U Eron «xalqaro normalar va xalqaro huquqqa» amal qilishi, biroq bo‘g‘oz xalqaro suvlar hisoblanmasligi hamda xavfsiz o‘tish «Eron va O‘monning xayrixohligi»ga bog‘liqligini aytgan.

Bu kemalar o‘tishi uchun to‘lov yoki ularning yo‘q qilinishi tahdidi yo‘qligini anglatadimi, deb berilgan savolga Xatibzoda Eron bo‘g‘ozni «tinch» ko‘rishni xohlashi, ammo xavfsizlik ikki tomonlama jarayon ekani va harbiy kemalar «ko‘rfazdan foydalanishni suiiste’mol qilishi»ga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan.

Vazir o‘rinbosaridan Eron «Hizbulloh»ning Isroilga hujumlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi ehtimoli haqida ham so‘ralgan.

U bunga javoban shunday degan: «Biz Yaqin Sharqdagi barchani amerikaliklar bilan kelishilgan otashkesimga rioya etishga chaqiramiz».

Bu Eron «Hizbulloh»dan raketa zarbalarini to‘xtatishni anglatadimi, deya aniqlashtiruvchi savol berilganida esa, «„Hizbulloh“ Erondagi emas, Livandagi qarshilik harakati ekani»ni aytib javob bergan.

Shu bilan birga, u eronlik zobitlar «Hizbulloh»ni qurollantirish, uning askarlarini o‘qitish hamda maslahatlar berishda ishtirok etishini inkor etmagan. U Eron «bu harakatni qo‘llab-quvvatlashi», ammo «ular Eron nomidan harakatlanishi haqidagi gap noto‘g‘riligi»ni ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuv ikki tomon va ularning ittifoqchilari «shu paytdan boshlab o‘t ochishni to‘xtatishni qabul qilish»ni nazarda tutadi.

Agar isroilliklarning zarbalari davom etadigan bo‘lsa, Eron muzokaralardan chiqishi mumkinmi, deya berilgan savolga javoban u shunday degan: «Biz birinchi navbatda butun Yaqin Sharqning farovonligiga e’tibor qaratamiz».

Xatibzoda Isroilning harakatlarini «genotsidga yaqin holat» sifatida baholash mumkinligini aytgan. Isroil esa o‘ziga raketa hujumi uyushtirayotgan «Hizbulloh»ga javob zarbalari berayotganini ta’kidlamoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid