O‘zbekiston | 14:20 / 20.11.2017
30621
8 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Yangi test markazi Koreyada ishlashni istagan fuqarolarimiz uchun xolismi?

13 noyabrda O‘zbekistonda Janubiy Koreyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun Kompleks test markazi o‘z faoliyatini boshlagandi.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ma'muriyati yangi Kompleks test markazining ochilishi Koreya Respublikasida ishlash niyatida bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun muayyan qulayliklar yaratishini ma'lum qilgan.

Xo‘sh, yaqinda ish boshlagan ushbu markazda test jarayoni qanday kechmoqda? Imtihon jarayonida tartib, xolislik, shaffoflikka qanchalik amal qilinmoqda? Fuqarolar yangi tizimning ishga tushganidan manfaatdormi?

Ushbu savollarga aniq javob olish maqsadida Kun.uz muxbiri Kompleks test markazi binosiga tashrif buyurdi. Ma'lum bo‘lishicha, imtihonlar 4 seansda, CBT – Computer Based Testing usuli bo‘yicha amalga oshiriladi. Bu haqda binoning tashqarisiga ham alohida e'lonlar osib qo‘yilgan ekan.

3 seans soat 14:00ga yaqin markaz binosi atrofi odamlar bilan gavjum bo‘la boshladi. Qarangki, Janubiy Koreyada ishlash niyatida bo‘lgan fuqarolarimiz talaygina ekan.

Guvoh bo‘lganimizdek, test jarayoni belgilangan vaqtda boshlandi. O‘z bilimini sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlar dastlab onlayn ro‘yxatdan o‘tishgan bo‘lishi shart.

ESLATMA!

Sana va seansning bronlanishini tasdiqlovchi SMS-xabar test sinovidan o‘tish uchun “elektron bronlash”ni ifodalaydi. KTM xodimlarining talabiga binoan, siz ushbu SMS-xabarni mobil telefoningiz orqali ko‘rsatishingiz kerak bo‘ladi. Aks holda, siz test sinovidan o‘tishga kiritilmaysiz. Shu sababli, fuqarolardan onlayn bronlash vaqtida ushbu SMS-xabarni saqlab qolish hamda uni test vaqtida ko‘rsatishi so‘raladi.

Reportajni tayyorlash vaqtida biz Kompleks test markazining rahbari Vadim Tsoy bilan suhbat qurishga muvaffaq bo‘ldik. Rahbar markazning yangi binosi bilan tanishtirib, kerakli ma'lumotlarni aytib o‘tdi.

“Kompleks test markazi (KTM)ning bronlash tizimida paydo bo‘lgan vaqtinchalik muammolar tufayli markaz ma'muriyati uzr so‘raydi. Mazkur muammoning yuzaga kelishi 7 va 8 noyabr kunlari O‘zbekistonda internetning butunlay uzilishi bilan bog‘liq bo‘lib, texnik nosozlik tufayli bronlash tizimida kamchiliklar kuzatilgan. AT mutaxassislari mazkur nosozliklar ustida ishlab, bronlash tizimini yangilashga muvaffaq bo‘lishdi. Endilikda dekabr va yanvar oylarida ham bronlash  tizimi ochiq bo‘ladi”, deya qayd etdi Vadim Tsoy.

Rahbarning ta'kidlashicha, Janubiy Koreyada qonuniy mehnat qilishni istagan fuqarolar soni tobora ortib bormoqda. Buni markaz eshigining tagida hosil bo‘lgan katta navbatdan ham sezish qiyin emas. Bunga asosiy sabab nimada?

KTM doimiy tarzda faoliyat olib boradi. Ko‘plab yurtdoshlarimiz bizning faoliyatimiz to‘xtab qolishidan xavotirga tushgani bois shoshilinch tarzda ro‘yxatdan o‘tishmoqda. Bunday fikrlardan mutlaqo yiroqda yurishni tavsiya qilamiz. Sababi, markazning ish rejasida ma'lum bir sanagacha faoliyat yuritib, keyin yopilish ko‘zda tutilmagan.

Shunday ekan, fuqarolarimizdan shoshmaslikni va test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rib kelishlarini so‘rab qolamiz. Har bir kishiga test topshirish imkoni beriladi”, deya qo‘shimcha qildi markaz rahbari intervyu vaqtida. 

Shuningdek, dastlabki oylarda KTM shanba kunlari ham ishlaydi. Shu sababli, shoshilmaslik so‘raladi. Har bir kishi testlarni cheklanmagan miqdorda (faqat 2 haftada 1 martadan) topshirishi mumkin. Bu esa imtihondan o‘tuvchilarga o‘z bilimini obektiv baholab, qoniqarsiz natija olinganda yana bir bor tayyorgarlik ko‘rib, qayta test topshirishiga imkon beradi. Har bir urinishdan esa eng yuqori ko‘rsatkich saqlanib qolinadi. Ya'ni, agarda siz birinchi imtihonda 50 ball, ikkinchisida 30 ball to‘plasangiz, dastlabki baho hisobda qolaveradi.

“Men internet orqali e'lonni ko‘rib, markaz saytidan ro‘yxatdan o‘tdim. Joriy qilingan mazkur test sinovlari Koreyada erkin va qonuniy faoliyat olib borishga, kerakli hujjatlarni tayyorlashga yordam beradi. Bilishimcha, fuqarolarga o‘ziga to‘g‘ri keladigan ishni tanlash uchun imkon beriladi”, deya ta'kidladi test sinoviga tashrif buyurgan Iqboljon Abdunabiyev.

Test olinadigan xona shinam bo‘lib, zamonaviy dasturiy ta'minot asosida ishlaydigan kompyuterlar bilan jihozlangan. Imtihon jarayonida sokinlik, shaffoflikni ta'minlash maqsadida xonaga maxsus kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Shuningdek, ayrim tushunmovchiliklar va savollar yuzaga kelishini hisobga olgan holda test jarayoniga kuzatuvchi xodimlar ham biriktirilgan.

Bugungi seansda Koreya Inson resurslari markazining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Pak Sang Uning shaxsan o‘zi test jarayonini kuzatib borayotganiga guvoh bo‘ldik. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: test sinovlaridan eng yaxshi natijalarni qo‘lgan kiritgan yurtdoshlarimizni Janubiy Koreyada qanday ishlar kutmoqda?

Aynan shu savolga javob olish maqsadida janob Pak Sang Uga murojaat qildik.

O‘zbekistonlik ishchilarga asosan mexanika, metall konstruksiya, payvandchilik, yengil sanoat kabi sohalardagi ishlar, shuningdek, mebel ishlab chiqarish zavodlari hamda tekstil fabrikalaridagi ish o‘rinlari taklif etiladi. Samarali mehnat qilgan ishchilar o‘z vaqtida oylik maoshi bilan ta'minlanadi. Koreyada ishlaydigan chet ellik fuqarolardan birinchi navbatda muloqot tilini yaxshi bilishi talab etiladi. Ushbu markaz ham fuqarolarning til darajasini aniqlash maqsadida tashkil etildi. Avvallari test sinovidan o‘tmay borgan ishchilar koreys tilida so‘zlasha olmay, ko‘plab muammolarga duch kelishgan. Yoki aksincha, ayrim kishilar tilni bilsa-da, salomatligi yaxshi emasligi pand bergan. Shu sababli, biz avvalo til darajasi, so‘ngra jismoniy holatiga baho beramiz”, deydi Koreya Inson resurslari markazining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari.

Shuningdek, Pak Sang U Kompleks test markazlari 15ta mamlakatda faoliyat yuritishini ham qo‘shimcha qildi. Hozirda xohlovchilar soni va bilim salohiyati bo‘yicha O‘zbekistonlik fuqarolar eng yaxshi natijani qayd etishmoqda.

Foydali ma'lumotlar:

  • Test savollari O‘zbekistondagi uchta oliygoh tomonidan tuzilib, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan. Testlarni 40 daqiqada topshirish kerak bo‘ladi.
  • Janubiy Koreyada ishlashni istagan fuqarolar 18-39 yoshda bo‘lishi, shuningdek, avval sudlanmagan, Koreyadan deportatsiya qilinmagan, koreys tilida so‘zlasha olishi talab etiladi.
  • Test sinovlari o‘tayotgan vaqtda hech qanday elektron vositalardan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Shu bilan birga, birovning o‘rniga imtihonga kirishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir seans mas'ul xodimlar tomonidan qat'iyan nazorat qilinadi.
  • Test natijalaridan norozi bo‘lgan fuqarolar 20 kun ichida appelyatsiyaga berish huquqiga ega.
  • KTM test sinovidan o‘tish uchun 87 500 so‘m qiymatida to‘lov belgilangan.

Feruza Avazova tayyorladi 

Mavzuga oid