Jahon | 16:33 / 06.01.2026
8405
6 daqiqa o‘qiladi

«Rasm sifati yaxshi, to‘g‘rimi?» - Li Xitoy bilan munosabatlarni tiklashga urinmoqda

Janubiy Koreya prezidenti 2019 yildan beri ilk marta Xitoyga keldi. Li Pekin bilan mintaqaviy xavfsizlik va koreys pop-madaniyatiga qo‘yilgan norasmiy taqiqni muhokama qildi. KXDR esa tashrif arafasida gipertovushli raketasini uchirdi.

Foto: Janubiy Koreya prezidenti matbuot xizmati

5 yanvar kuni Janubiy Koreya prezidenti Li Jye Myon Pekinda Xitoy yetakchisi Si Jinping bilan uchrashdi va Xitoy bilan munosabatlarda «yangi bosqich» boshlashga chaqirdi.

BBCʼning yozishicha, ushbu to‘rt kunlik safar – 2019 yildan beri Janubiy Koreya yetakchisining Xitoyga ilk tashrifidir. Lidan oldingi sobiq prezident Yun Sok Yol davrida ikki tomonlama munosabatlar sovuqlashgan edi. Mintaqaviy xavfsizlik va Pekinning koreys pop-madaniyatiga qo‘ygan norasmiy taqiqini bekor qilish masalasi Li uchun asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib turibdi.

Mahalliy nashrlar Li bu tashrifni «Janubiy Koreya — Xitoy munosabatlarini to‘liq miqyosda tiklash uchun muhim imkoniyat» deb ataganini yozdi. «Biz Janubiy Koreya — Xitoy munosabatlari rivojida yangi bosqichni boshlamoqchimiz», degan u.

Foto: AP

Lini Xalq vakillari Buyuk zalida qabul qilgan Xitoy yetakchisi ikki mamlakatning «mintaqaviy tinchlikni saqlash va global taraqqiyotni ilgari surishdagi muhim mas’uliyati»ni ta’kidladi. Si shuningdek, koreyalik hamkasbini «tarixning to‘g‘ri tomonida qat’iy turishga va to‘g‘ri strategik tanlovlar qilishga» chaqirgan.

Shimoliy Koreya masalasi

AP nashrining yozishicha, Li Xitoyga kelishidan bir necha soat oldin Shimoliy Koreya dengiz tomonga bir nechta ballistik raketa, jumladan, gipertovushli raketalar uchirdi. Bunday raketalar tovush tezligidan besh baravar tez uchishga mo‘ljallangan bo‘lib, ularni aniqlash va urib tushirish juda qiyin. Lekin xorijiy ekspertlar Shimoliy Koreyada bunday ishlaydigan gipertovushli qurol mavjudligiga shubha bilan qaraydi.

Foto: AP

Xitoy Shimoliy Koreyaning asosiy ittifoqchisi bo‘lib, unga iqtisodiy tayanch beradi. So‘nggi yillarda Xitoy va Rossiya birgalikda BMT sanksiyalarini kuchaytirish bo‘yicha AQSh va boshqalarning urinishlarini bir necha bor to‘sib kelgan.

Sammit chog‘ida ikki davlat Koreya yarimorolida taranglikni yumshatishning ijodiy yo‘llarini izlashni davom ettirishga kelishib oldi.

Li Shimoliy Koreya bilan diplomatik aloqalarni jonlantirmoqchi, biroq hozircha jiddiy siljish yo‘q. U Kim Chen Inni yadroviy qurollardan voz kechishga majbur qilishda Xitoy yordamidan foydalanishga urinmoqda.

Li dushanba kuni Xitoy bilan Koreya yarimorolida «tinchlik uchun real muqobillar» ustida ishlashga va’da berdi. Lekin Xitoy Shimoliy Koreyaga bosim o‘tkazishi noaniq. Chunki janubliklarning AQSh bilan yangi harbiy rejalari Pekinga ham ma’qul emas.

Xitoy va Yaponiya munosabatlarida taranglik

Lining tashrifi shuningdek, Tayvan masalasida keskinlashgan vaziyat fonida ham yuz berdi. Oldinroq Yaponiya bosh vaziri agar Xitoy Tayvanga hujum qilsa, Tokio aralashishi mumkinligi haqidagi bayonot bergan edi. Buning ortidan Xitoy va Yaponiya o‘rtasida diplomatik taranglik kuchaydi.

O‘tgan hafta Xitoy separatizm va «tashqi aralashuv» kuchlariga ogohlantirish sifatida orol atrofida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

Ushbu uchrashuvda esa Si Xitoy va Janubiy Koreyaning Yaponiyaga qarshi tarixiy qarshiligini eslatib, ikki mamlakatni «Ikkinchi jahon urushi g‘alabasining mevalarini himoya qilish va mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun qo‘l qovushtirib ishlashga» chaqirdi.

Foto: AP

Nashrning yozishicha, Pekin va Seul o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda Koreya konservativ hukumatlarining ayrim qarorlari, jumladan, AQShga o‘z hududida raketaga qarshi mudofaa tizimini joylashtirishga ruxsat bergani tufayli tebranib turgan. Liberal siyosatchi Li esa Pekin bilan aloqalarni yaxshilashga va’da bergan. Shu bilan birga Vashington va Tokio bilan ham aloqalarni mustahkam saqlab qolmoqchi.

Xususan, Janubiy Koreyaning AQSh bilan harbiy hamkorligiga to‘xtalar ekan, Li bu hamkorlik Xitoy bilan munosabatlarga zid emasligini aytgan.

U tashrifining maqsadi «o‘tmishdagi tushunmovchilik yoki ziddiyatlarni bartaraf etish va Janubiy Koreya-Xitoy munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish» ekanini qo‘shimcha qildi.

Ikki tomonlama aloqalar

Xitoy va Janubiy Koreya mustahkam va juda katta savdo aloqalariga ega. Ikki davlatning 2024 yildagi o‘zaro savdo hajmi qariyb 273 milliard dollarga yetgan.

Foto: Yonhap News

Xususan, bu uchrashuvda ham Si va Li texnologiya, savdo, transport va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalarda 15 ta hamkorlik bitimining imzolanishini kuzatdi.

Shuningdek, dushanba kunida Li Pekinda Samsung, Hyundai, LG va Alibaba Group kabi yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etgan biznes forumda qatnashgan. U yerda iste’mol tovarlari, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya va ko‘ngilochar sohalardagi bitimlar imzolangan.

Tashrifning ilk kunida Li o‘tgan yili Si sovg‘a qilgan Xiaomi telefoni orqali u bilan selfi oldi. «Rasm sifati, albatta, yaxshi, to‘g‘rimi?» — deb yozdi Li suratlarni ulashar ekan.

Foto: Janubiy Koreya prezidenti matbuot xizmati

Li kun tartibidagi yana bir masala — Xitoyning koreys musiqasi va seriallariga qo‘ygan norasmiy cheklovlari. Ular 2016 yildan beri mavjud bo‘lib, AQSh raketa tizimi joylashtirilganidan keyin paydo bo‘lgan deb hisoblanadi. Xitoy bu taqiqni rasman tan olmagan, biroq u koreys san’atkorlariga norozilik sifatida joriy etilgan, deb ishoniladi. Li madaniy almashinuvlarni bosqichma-bosqich kengaytirishga kelishilganini aytdi, biroq aniq majburiyatlar e’lon qilinmadi.

Mavzuga oid