O‘zbekiston | 19:57 / 26.01.2021
10447
3 daqiqa o‘qiladi

Bojxona postlariga media tur: ichkarida nimalar sodir bo‘ladi?

26 yanvar – bojxona xodimlari kuni. Kun.uz soha vakillarini kasb bayrami bilan tabriklab, bojxonachilar faoliyatiga oid reportajni taqdim etadi.

Toshkent shahar bojxona qo‘mitasi bojxona postlari va omborlarida ish jarayonlari qanday tashkil etilgani bilan tanishtirish maqsadida OAV uchun media tur tashkil etdi.

Press-tur avvalida jurnalistlar «Toshkent-tovar» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida bo‘lishdi.

«Temiryo‘l konteynerlarida olib kelingan yuklar manzil bojxona postlariga yo‘naltirilgach, temiryo‘l sostavlari bojxona nazorati zonasiga joylashtiriladi.

Bojxona nazorati zonasiga joylashtirilgan tovar va transport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi. Deklaratsiyalar «xavfni boshqarish tizimi» orqali «yashil», «sariq», «qizil» yo‘laklarga yo‘naltiriladi», – deya tushuntirdi «Toshkent-tovar» TIF bojxona posti inspektori Bahodir Safarov.

Ma'lum qilinishicha, «Toshkent-tovar» TIFBPda 2020 yil davomida 86 422 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilib, davlat budjetiga qariyb 4 trln so‘m to‘lovlar o‘tkazilgan.

Bu post orqali tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan 384 mln dollardan ziyod mahsulotlar xorijga eksport qilingan.

Post boshlig‘i o‘rinbosari, bojxona xizmati mayori Farruh Mahmudov bojxona organlaridagi avtomatlashtirilgan «xavfni boshqarish tizimi» haqida ma'lumot berdi.

«2018 yildan buyon bojxona organlarida xavfni boshqarish tizimi ishga tushgan. Bojxona organlarida yuk deklaratsiyalari ushbu avtomatik tizim orqali inson omilisiz «yashil», «sariq», «qizil» yo‘laklarga ajratiladi», – deydi u.

Bojxonachining ta'kidlashicha, «yashil» yo‘lak – eng soddalashtirilgan tartib hisoblanib, unda hech qanday bojxona ko‘rigisiz, ortiqcha hujjatlar talab qilinmay, rasmiylashtiruv amalga oshiriladi. «Sariq» yo‘lakda hujjatli nazorat o‘tkaziladi, bunda xodimlar tomonidan hujjatlar elektron ma'lumotlar bilan solishtirib tekshiriladi; nomuvofiqliklar aniqlanmasa, hujjatlar rasmiylashtirib beriladi. «Qizil» yo‘lakda esa bojxona ko‘rigi (bojxona ekspertizasi) o‘tkaziladi.

Press-tur doirasida «Arqbuloq» TIF bojxona posti faoliyati haqida ham ma'lumot berildi.

Obekt «Highway logistics center» logistika markazida joylashgan bo‘lib, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi eksport-import operatsiyalarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub'yektlariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Mazkur bojxona postida Yagona darcha bojxona axborot tizimi orqali Tovar va transport vositalariga berilgan ruxsat etuvchi turdagi hujjatlarni onlayn tarzda ko‘rish va tekshirish mexanizmi joriy etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yildan boshlab, 26 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni etib belgilangan.

Madina Ochilova tayyorladi.
Tasvirchi va operator – Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid