14:26 / 09.03.2022
39963

O‘zbekistonda haydovchilik huquqini olishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanadi

“Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunda haydovchilik huquqini olishga to‘sqinlik qiluvchi hamda haydovchilik huquqini olgandan keyin transport vositasini boshqarishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar ro‘yxati belgilanishi kutilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev yo‘l harakatini tashkil etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan “Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar berdi.

Deputatning yozishicha, qonun loyihasida yo‘l harakatini tashkil etishning asosiy prinsiplari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • fuqarolar manfaatlari ustuvorligi;
  • yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha faoliyat va tadbirlarning tizimliligi;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvorligi;
  • piyoda va velosipedda harakatlanish uchun sharoit yaratish;
  • ochiq jamoatchilikni o‘z vaqtida xabardor etish.

Ta’kidlanishicha, “Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi asosida “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, jumladan, quyidagilarni belgilash nazarda tutilgan:

  • haydovchilik huquqini olishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar ro‘yxati;
  • haydovchilik huquqini olgandan keyin transport vositasini boshqarishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar ro‘yxati

“Ko‘rib turganimizdek, bundan buyon avtomobil haydashning o‘zi bo‘lmaydi. Mas’uliyat bir emas, o‘n baravar oshadi. Albatta, mas’uliyat oshishi haydovchilar bilan bir qatorda nazorat qiluvchi organlar xodimlarida ham parallel ravishda kechmog‘i lozim. Shu bois o‘rtoqlar, avtomobil haydashda “o‘pkani bosib”, hushyorlikni oshirishni hozirdanoq boshlayveraylik”, deb yozadi Kusherboyev.

Deputat avvalroq, mashina sotib olganda notariusga to‘lanadigan boj miqdori kamaytirilishi kutilayotgani haqida xabar bergandi. Uning qo‘shimcha qilishicha, notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan davlat bojlarini kamaytirishga doir qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan.

Top