Jahon | 12:51 / 08.09.2022
63041
5 daqiqa o‘qiladi

«Gazdan qarz evaziga raketalarni so‘rashgan» – Kuleba Putinning maktubi va Ukrainaning avvalgi siyosati haqida

Ukraina tashqi ishlar vaziri Rossiya rahbari urushdan ancha oldin ham Ukrainani sun’iy davlat deb hisoblagani haqida gapirdi.

7 sentabr kuni Markaziy Osiyo jurnalistlari bilan bo‘lib o‘tgan videouchrashuvda Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba Kun.uz muxbirining savoliga javob berib, xususan Ukrainaning avvalgi rahbarlari kamchiliklarini tilga oldi.

— Biz, Markaziy Osiyoda yashovchilar, ko‘pchiligimiz Ukrainada bo‘layotgan ishlarni, odamlar, bolalar halok bo‘layotganini ko‘rib, chuqur qayg‘udamiz. Ayting-chi, agarda xayolan vaqtni, deylik, 10 yil orqaga qaytarsak, voqealarni biz ko‘rayotgandan boshqa o‘zanga yo‘naltirish uchun nima qilsa bo‘lardi?   

— 10 yil oldinga dedingiz-a? 2012 yil bo‘ladi demak. Bizda o‘shanda futbol [Yevropa chempionati] bo‘lib o‘tgandi... U paytda Ukrainaning Rossiyaga nisbatan tutgan siyosati hozirda sizlarning davlatlaringiz Rossiyaga nisbatan tutayotgan siyosatga o‘xshar edi. Bir qarashda munosabatlarda biroz konstruktivlik bor edi, ammo aynan 2012 yilda Rossiya Ukrainaga qarshi birinchi katta iqtisodiy urushni boshlab yubordi. Hali NATOning daragi yo‘q edi, Yevroittifoq bilan uyushish haqidagi kelishuv ham yo‘q edi, Rossiya tomonidan ochilgan iqtisodiy urush esa boshlangan edi. Chunki Rossiya uchun iqtisodiyot bu – majburov vositasi, siyosiy dastak.

Biz albatta boshimizga tushib turgan ishlar bo‘lmasligini istagan bo‘lardik, ammo, bilasizmi, biz yaqinda TIV arxividan Putinning maktubini topib oldik. Maktub 2010 yildan avval yozilgan. U paytda Putin prezident bo‘lgan va o‘sha paytdagi Ukraina prezidentiga yo‘llangan maktubida falon ishlarni qilishni bas qilmasangizlar, Ukraina tarixini sovet davridan boshlab qayta ko‘rib chiqadiganlar topiladi, deb yozgan.  

Ya’ni urush boshlashidan ancha avval Putin o‘zining Ukraina degan davlat mavjud emasligi, u sun’iy ravishda yuzaga keltirilgani haqidagi qarashlarida sobit bo‘lgan.  

Bu degani – bunaqa g‘oyalar Putinning xayolida 2014 yildan keyingina paydo bo‘lmagan, degani. Aftidan, u bunga doim ishongan va o‘zining prezidentlik lavozimini mazkur ssenariyni – Rossiyaning imperiviy «buyukligi»ni qaytarish rejasini ro‘yobga chiqarish uchun ishlatib kelgan. Buni qanday qilib, kimning hisobidan amalga oshirish mumkin? Faqat siz bilan bizning hisobimizdan!

Shuning uchun endi, bularni bilganim, Putinning nima qilayotgani, nimalarga ishonishini bilganim holda, mendan «nima qilgan bo‘lardingiz» deb so‘rayotgan ekansiz, ochig‘ini aytaman, men yanada avvalroq – 1991 yilga qaytib, armiyani konversiya (harbiy-sanoat kompleksi korxonalarini xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishga o‘tkazish – tahr.) qilmagan bo‘lardim, mamlakatim mudofaasiga maksimal investitsiya qilgan bo‘lardim.

Urush boshlangandagina ba’zi haqiqatlar yodimizga tushdi: 1991 yilda bizda mavjud bo‘lgan tanklar soni bilan hozirda mavjud bo‘lgan tanklar soni... aql bovar qilmaydi... Raketalarni aytmaysizmi...

Hozirda ruslar har kuni Ukraina shaharlarini o‘qqa tutishmoqda. Bizda bu turdagi raketalar bo‘lgan. Ammo biz ularni ruslarga berib yuborganmiz... Ular nimaga tayyor bo‘layotganlarini doim bilishgan.

Bir paytlar gazdan katta qarzimiz hosil bo‘lgandi. Rossiya qarzni qanday yopishni taklif qilganini bilasizmi? Raketalar bilan... Va afsuski, uncha dono bo‘lmagan o‘sha paytdagi hukumatimiz – «urush bo‘lmasligi»ga ishongan hukumatimiz raketalarni berib yuborgan: «zo‘r-ku, pul berish kerakmas, hech kimga kerak bo‘lmagan raketalarni berib yuboramiz...»

Bu hammasi rejaning qismlari bo‘lgan.

Shuning uchun, faqat bir narsa qilgan bo‘lardim: mamlakatni qurolsizlantirmasdim. «Mangu tinchlik»ka ishonmagan holda, doim tayyor bo‘lgan bo‘lardim.

Biz urush bo‘lishiga ishonmagan edik. Men kasbim taqozosi bilan dunyoning qayerida nima bo‘layotganini tushunaman, ammo eng qo‘rqinchli tushlarimda ham bunaqa – keng ko‘lamli urush bo‘lishini tasavvur etolmasdim.

Shuning uchun men sizlardan doim hushyor insonlar bo‘lishni iltimos qilaman, «biz bilan bu sodir bo‘lmaydi» deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz... ishoning, hamma narsa yuz berishi mumkin. 

Mavzuga oid