Jahon | 15:05 / 28.10.2025
3538
10 daqiqa o‘qiladi

Turkiya uchun Eurofighter’lar, Isroil va BMT kuchlari o‘rtasida mojaro hamda Yaponiyada muhim kelishuvga erishgan Tramp – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQSh–Yaponiya kelishuvlari

AQSh prezidenti Donald Tramp 28 oktyabr kuni Tokioda Yaponiyaning ilk ayol rahbari Sanae Takaichi bilan savdo hamda muhim minerallar bo‘yicha kelishuvlar imzoladi.

Manbalarga ko‘ra, Yaponiya Trampga 550 milliard dollarlik bitim doirasida investitsiyalar paketini taklif etishi, shuningdek, AQShning soya, tabiiy gaz va pikap yuk mashinalarini ko‘proq xarid qilishi kutilmoqda.

Bu qadamlar Trampning mudofaaga doir talablarini yumshatish uchun deb hisoblanmoqda. Chunki Tramp Yaponiyaga ham Xitoydan himoyalanish uchun mudofaa xarajatlarini oshirish talabini qo‘yishi mumkin.

«Sindzo va boshqalardan bilganlarimga ko‘ra, siz buyuk bosh vazirlardan biri bo‘lasiz. Shuningdek, sizni ilk ayol bosh vazir bo‘lganingiz bilan tabriklamoqchiman. Bu katta voqea», — dedi Tramp muzokaralar avvalida.

Liderlar muhim minerallar va kamyob metallar ta’minotini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuv imzoladi. Mamlakatlar smartfonlardan tortib jangovar samolyotlargacha bo‘lgan keng turdagi mahsulotlar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega materiallar yuzasidan Xitoyga qaramlikni kamaytirishga intilmoqda.

Tramp va Takaichi keyinchalik Tokio yaqinidagi AQSh dengiz bazasiga tashrif buyuradi, u yerda USS George Washington aviatashuvchisi joylashgan. U AQShning mintaqadagi kuchli harbiy mavjudligi bir qismi hisoblanadi.

Turkiya Britaniyadan 20 ta Eurofighter xarid qiladi

27 oktyabr kuni Turkiya Buyuk Britaniyadan 10,7 mlrd dollar evaziga 20 ta yangi Eurofighter Typhoon qiruvchisini xarid qilishga kelishib oldi. Bu ikki NATO ittifoqchisi o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi va Turkiya havo mudofaasini kuchaytiradi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer Turkiyaga tashrifi chog‘ida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan ushbu kelishuvni imzoladi va uni «tarixiy lahza» deb atadi. Erdo‘g‘an esa mudofaa sanoatida qo‘shma loyihalar ham paydo bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Ayni paytda Yevropa NATOning ikkinchi eng katta armiyasiga va harbiy dronlarning yirik eksportchisiga aylangan Turkiyaga tobora ko‘proq tayanmoqda. Turkiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Anqara Oman va Qatarning har biridan yana 12 tadan foydalanilgan Eurofighter Typhoon qiruvchilarini sotib olishni rejalashtirmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, agar kelishuvga o‘q-dorilar va tayyorgarlik kiritilgan bo‘lsa, samolyotlar narxi juda qimmatga tushyapti — har biri 400 million

G‘arb bilan eng iliq munosabatlar davrini boshdan kechirayotgan Turkiya parkdagi eskirgan F-16ʼlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Eurofighter'larni va ehtimol AQSh ishlab chiqargan F-35ʼlarni ham xarid qilishni istamoqda.

U o‘zining KAAN qiruvchilari yaqin yillarda tayyor bo‘lguniga qadar bo‘shliqni to‘ldirishni maqsad qilan. U o‘tgan yili AQSh bilan 40 ta F-16 uchun 7 milliard dollarlik shartnomaga erishgan, biroq ular kechikishga uchramoqda.

G‘azodagi sulh

HAMAS dushanba kuni G‘azodagi sulh kelishuvi doirasida yana bir isroillik garovga olingan shaxsning jasadini topshirdi.

Keyinroq Isroil bosh vaziri idorasi halok bo‘lgan garovga olingan shaxsning qoldiqlari solingan tobutni Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi orqali qabul qilganini tasdiqladi.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulhning birinchi bosqichi 10 oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp rejasiga muvofiq kuchga kirgan. Shundan beri HAMAS 20 nafar tirik isroillik garovdagilarni va 28 nafar halok bo‘lgan asirlardan 17 tasining jasadini topshirdi.

Biroq Isroil rasmiylari ilgari qaytarilgan jasadlardan bittasi yo‘qolgan asirlarga mos kelmasligini bildirgan.

Bir necha kun oldin Misr rasmiylari G‘azoda ish boshlagani haqida xabarlar tarqalgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Isroil garovga olinganlar jasadlarini topish uchun Misr muhandislari va og‘ir texnikalarning G‘azoga kirishiga ruxsat bergan.

Sulh rejasi, shuningdek, G‘azoni qayta tiklash va HAMAS qatnashmaydigan yangi boshqaruv mexanizmini yaratishni ko‘zda tutadi. Hozircha sulhning ikkinchi bosqichi ustida muzokaralar davom etmoqda.

Falastin rasmiylariga ko‘ra, Isroilning G‘azodagi genotsid xarakteridagi urushi 2023 yil oktyabridan buyon 68 500 dan ortiq kishining o‘limiga va 170 300 dan ziyod insonning yaralanishiga sabab bo‘lgan.

Yamaykada dovul, Turkiyada zilzila

Karib dengizining shimoliy sohillarida joriy yildagi eng qudratli dovullar boshlanmoqda. Xususan, Melissa dovuli g‘ayrioddiy darajada keskin kuchayib, 5-toifa bo‘ron darajasiga chiqadi. Uning oqibatida dengizda taxminan 280 km/soat tezlikdagi shamollar kuzatilmoqda.

Melissa dovulining chetki shamollari Yamayka qirg‘oqlariga urmoqda. Dovulning seshanba kuni quruqlikka chiqishi oqibatida Yamaykaning ayrim hududlarida majburiy evakuatsiya buyrug‘i berildi.

Qutqaruvchilarga ko‘ra, dovul katta yog‘ingarchilik, bo‘ron to‘lqini va uzluksiz shamollar bilan «infratuzilmaga keng ko‘lamli zarar yetkazadi«. Sohil bo‘yida »qochib bo‘lmaydigan» oqibatlarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. CNN'ning yozishicha, fojia oqibatida allaqachon Gaiti va Yamaykada 6 kishi, Dominikanda esa bir kishidan vafot etgan.

Dushanba kuni kechqurun dunyoning boshqa burchagi — Turkiya g‘arbidagi Balikesir viloyatida esa 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila mahalliy vaqt bilan soat 22:48 da yuz bergan.

Zilzilaning chuqurligi 5,99 kilometr bo‘lgan va Istanbul hamda atrofdagi viloyatlarda sezilgan.

«AFAD va boshqa tegishli muassasalar dala tekshiruvlarini boshladi va hisobotlar sinchiklab ko‘rib chiqilmoqda», deyiladi rasmiy bayonotda.

Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya Anadolu agentligiga bergan intervyusida halok bo‘lganlar yo‘qligini, faqat vahima tufayli ikki yengil jarohatlanish holati kuzatilganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hududlarda elektr ta’minotini tiklash bo‘yicha brigadalar ishlamoqda.

Tramp Putinga: raketalarni sinovdan o‘tkazish o‘rniga urushni tugat!

AQSh prezidenti Rossiya yetakchisining yadroviy qurilma o‘rnatilgan «Burevestnik» qanotli raketasi sinovi haqidagi bayonotini tanqid qildi. Bu haqda u Osiyoga tashrifi chog‘ida Air Force One samolyoti bortida jurnalistlarga ma’lum qildi.

AQSh prezidenti bu bayonotga 27 oktyabr tongida javob berib, AQSh Rossiya sohillari yaqinida «dunyodagi eng yaxshi» atom suvosti kemasini joylashtirganini eslatdi. «Ular biz bilan o‘yin o‘ynamaydi, biz ham ular bilan o‘ynamaymiz. Biz doimiy ravishda raketa sinovlarini o‘tkazamiz, ammo aytganimdek, bizda yadroviy suvosti kemasi bor.

Men Putin aytgan gaplarni o‘rinli deb hisoblamayman. U bir haftada tugashi kerak bo‘lgan, lekin to‘rt yildan beri davom etayotgan urushni tugatishi kerak edi. U shu ish bilan shug‘ullanishi kerak, raketa sinovlari bilan emas», – dedi Tramp.

26 oktyabr kuni Vladimir Putin Rossiya yadroviy dvigatelga ega «Burevestnik«» qanotli raketasini sinovdan o‘tkazganini ma’lum qilgandi. Rossiya tomoniga ko‘ra, raketa havoda 15 soat bo‘lgan va taxminan 14 ming kilometr masofani bosib o‘tgan.

Isroil BMT kuchlariga granata tashladi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livandagi tinchlikparvar missiyasi yakshanba kuni Isroil dronini urib tushirdi.

UNIFILʼga ko‘ra, dron chegaraga yaqin Kfar Kila shaharchasida «tajovuzkor tarzda» uchgan va tinchlikparvarlar zaruriy mudofaa choralarini qo‘llagan.

Biroq Isroil armiyasi dron «odatdagi razvedka faoliyatini» amalga oshirganini aytdi.

Isroil armiyasi matbuot kotibi podpolkovnik Nadav Shoshaning aytishicha, Isroil kuchlari keyinchalik dron qulagan hududga granata tashlagan.

Missiya – granata boshqa bir isroillik dron tomonidan patrul yaqiniga tashlanganini bildirdi. «Bir necha lahzadan so‘ng esa isroillik tank tinchlikparvarlar tomon o‘q uzdi. Tinchlikparvarlar va ularning jihozlariga zarar yetmadi, hech kim jarohatlanmadi», deyiladi BMT tashkiloti bayonotida.

O‘tgan yil noyabrda Livan harakati Hizbulloh bilan urushni to‘xtatgan sulh kuchga kirganiga qaramay, Isroil Livan ustida dronlar uchirishni va ushbu guruh bilan bog‘liq deb hisoblagan «nishonlar»ga havo hujumlari uyushtirishni davom ettirmoqda.

BMT va Livan hukumati esa Isroilning bu harakatlari mamlakat suvereniteti hamda sulh bitimi shartlarining buzilishi ekanini aytdi. 

Mavzuga oid