08:46 / 10.05.2020
24449

O‘zbekistonda 22 homilador ayol koronavirusdan sog‘aydi

O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi davrida jami 1961 nafar homilador ayol karantinga olingan, ulardan 30 nafarida virus aniqlangan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Barno Abdusamatova ma'lum qildi.

«Yurtimizda koronovirus infeksiyasiga gumonlangan fuqarolar yoki ushbu kasallikka chalingan bemorlar, jumladan,  homilador, tug‘ruqdagi va tuqqan ayollarni davolashga ham  alohida ahamiyat berilmoqda. Ularga koronavirus infeksiyasi tashxisini qo‘yish va davolashda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida yagona tizim hamda uslubiy yondashuv joriy etilgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Vazirlik matbuot xizmati koronavirus infeksiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha karantin e'lon qilingan kundan ayni paytga qadar karantin nazoratiga olingan 1961 nafar homilador ayol bo‘yicha hududlar kesimida ma'lumot berdi: 
Namangan viloyatida 1229 nafar;
Samarqand viloyatida 238 nafar; 
Toshkent shahrida 134 nafar;
Toshkent viloyatida 129 nafar;
Farg‘ona viloyatida 72 nafar;
Surxondaryo viloyatida 48 nafar;
Qashqadaryo viloyatida 36 nafar;
 Qoraqalpog‘iston Respublikasida 34 nafar; 
Xorazm viloyatida 27 nafar;
Buxoro viloyatida 11 nafar;
Jizzax viloyatida esa 3 nafar.

Koronavirus infeksiyasi bo‘yicha karantin nazoratiga olingan va tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan 338 nafar homilador ayolga shoshilinch tibbiy yordami ko‘rsatilgan. O‘tgan davrda joylarda jami 30 nafar homilador ayolda koronavirus infeksiyasi aniqlangan:
Toshkent shahrida 7 nafar; 
Namangan viloyatida 5 nafar;
Samarqand viloyatida 5 nafar;
Buxoro viloyatida 3 nafar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 nafar;
Andijon viloyatida 2 nafar;
Farg‘ona viloyatida  2 nafar;
Toshkent viloyatida 2 nafar;
Xorazm viloyatida 1 nafar.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasiga chalingan homiladorlardan 22 nafari butunlay sog‘aygan. Qolgan 8 nafarida samarali davolash muolajalari olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan homiladorlarga o‘z vaqtida sifatli ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 340 shifo-o‘ringa ega 13ta tug‘ruq komplekslari hamda infeksiya bilan kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan homilador ayollarni statsionar karantini uchun esa 740 shifo-o‘ringa ega 14ta tug‘ruq komplekslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top