O‘zbekiston | 19:05 / 14.04.2026
7385
4 daqiqa o‘qiladi

“Aslida bu – korrupsiya!” - Shavkat Mirziyoyev qurilish qilish uchun berilgan arizalarning ko‘p rad etilishi haqida

Avvalroq “assalomu alaykum bo‘lmaguncha, qurilishga ruxsat berishmaydi” deya korrupsiyaga ishora qilgan tadbirkor ustidan Qurilish vazirligi IIVga ariza kiritgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

2025 yilda O‘zbekistonda qurilish bilan bog‘liq 2,6 milliondan ziyod arizaning uchdan biri rad etilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kungi selektorda bu rad etishlar aslida korrupsiya bilan ham bog‘liqligini aytdi.

“Mas’ullar “Kamchiligi uchun qaytardik”, deb aytadi. Lekin ichiga kirib tahlil qilsa, masala ko‘p. Hamma bilib, bilmaganga oladi, aslida bu – korrupsiya! Bunga chek qo‘yishning birdan bir yo‘li – raqamlashtirish va sun’iy intellekt!” – dedi davlat rahbari.

Aholi va tadbirkorlar qurilish qilish uchun avval loyihalashga ruxsat olishga, keyin arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqishga alohida-alohida ariza berib, oylab vaqt sarflamoqda.

Toshkent shahrida 2 ta xizmatni bir bosqichda ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yilgani uchun hujjatlarni kelishish vaqti 3-4 karra kamaydi. Ushbu tajribani 1 iyuldan boshlab respublikaning barcha hududlarida joriy qilish topshirildi.

Hozirda elektr, gaz, suv va kanalizatsiyaga ulanish bo‘yicha texnik shart olish uchun ham har bir kommunal idoraga alohida murojaat qilish kerak. 1 iyuldan bitta ariza va bitta to‘lov bilan barcha kommunal tarmoqlarga texnik shart olish imkonini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Shaharsozlik kengashini hokimlar boshqaradi

Sansalorlikning yana bir sababi – joylarda shaharsozlik kengashishga a’zo 26 ta idora o‘rtasida muloqot va hamkorlik yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, shaharsozlik kengashiga Toshkent shahri va viloyat hokimlarining o‘zi boshchilik qilib, tadbirkorning masalasiga yakuniy yechim berishi belgilandi.

Lizingga olingan texnikalar uchun ham ball beriladi

“Shaffof qurilish” reytingida quruvchilarga lizingga olingan texnikasi uchun ball berilmayotgani noto‘g‘ri ekani qayd etildi. Bunday texnikalar hisobga olinsa, kamida 500 ta korxonaning reytingi 1-2 pog‘ona ko‘tarilib, 17 trillion so‘mlik bozorga kirish imkoni paydo bo‘ladi.

Qurilish vazirligiga lizingga olingan texnikalar elektron bazasini ishga tushirib, “Shaffof qurilish” tizimiga integratsiya qilish va ball berishni boshlash topshirildi.

Maxsus texnika importiga cheklov bekor qilinadi

Prezident pudrat korxonalariga chet eldan yiliga bitta maxsus texnika olib kelish bo‘yicha cheklovni bekor qilish zarurligini aytdi.

Umuman, mutasaddilarga uch oyda qurilishga ruxsat olishdan boshlab, foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni tahlil qilib, talablar, muddatlar va to‘lovlarni 2 barobargacha qisqartirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil avgust oyida tadbirkor Usmonjon Abdusamatov “assalomu alaykum bo‘lmaguncha, qurilishga ruxsat berishmaydi” deya korrupsiyaga ishora qilgan holda tizimni ochiq tanqid qilgan edi. O‘shanda Qurilish vazirligi uning ustidan IIVga ariza kiritgandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid