O‘zbekiston | 13:48 / 24.07.2019
8600
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoy kompaniyasi Jizzaxda agrosanoat klasteri tashkil etadi

Vazirlar Mahkamasining “Jizzax viloyatida go‘sht-sut mahsulotlari yetishtirish yo‘nalishidagi agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
 
Hujjatda qayd etilishicha, «Delmor» (XXR) kompaniyasi tomonidan:

Jizzax viloyatida go‘sht-sut yo‘nalishida yiliga 2,5 ming tonna go‘sht yetishtirish quvvatiga ega va qoramollar umumiy soni 10 ming boshni tashkil etadigan qiymati 100 mln AQSh dollari bo‘lgan zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda;

ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklida «Jizzax organic» xorijiy korxonasi tashkil etilgan.

Jizzax viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2019 yilda Jizzax viloyatining Zomin va Zarbdor tumanlarida investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun jami 30 ming gektar yer maydoni, jumladan:

zaxira yer hisobidan — 5,7 ming gektar sug‘oriladigan maydonlar;

o‘rmon fondi hisobidan — 10 ming gektar yaylovlar;

davlat buyurtmasini bajarish uchun ekin maydonlarini, paxta va boshoqli don ekinlari yalpi hajmlarini qisqartirish hisobidan — 14,3 ming gektar sug‘oriladigan yerlarni «Jizzax organic» MChJ XKga uzoq muddatli ijara huquqi asosida ajratish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Zomin o‘rmon xo‘jaligi o‘rmon fondining 10 ming gektar yer maydoni, keyinchalik «Jizzax organic» MChJ XKga berish uchun, bir oy muddatda Zomin tumani hokimligining zaxira yer fondiga o‘tkazilishini ta'minlash choralarini ko‘radi.

Belgilanishicha, sug‘oriladigan yerlar investor va «Jizzax organic» MChJ XK tomonidan quyidagi investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan ajratiladi:

2019-2023 yillar mobaynida umumiy qiymati 100 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan investitsiyalar kiritish;

zamonaviy chorvachilik kompleksini tashkil etish va ozuqa ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z markazi, so‘yish sexi va biogaz qurilmalarini barpo etish;

faqat zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi va ilg‘or agrotexnologiyalardan, shu jumladan yerlarni lazer yordamida rejalashtirish va yangi seyalkalardan foydalanish;

ilmiy asoslangan to‘rt yillik almashlab ekishni joriy etgan holda, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yem-xashak bo‘ladigan navlari yetishtirilishini tashkil etish;

1000 ta yangi ish o‘rni tashkil qilish;

yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirish chora-tadbirlarini joriy qilish.

Quyidagilar investitsiya loyihasini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

investor tomonidan loyiha va qurilish-montaj ishlarini moliyalashtirish uchun investitsiya loyihasi umumiy qiymatining kamida 25 foizi miqdorida yo‘naltiriladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar;

xalqaro moliya institutlarining naslli qoramollar, yuqori texnologik import uskunalar, mashina va mexanizmlar, qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun investitsiya loyihasi umumiy qiymatining 70 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda jalb etiladigan va «O‘zsanoatqurilishbank» ATB orqali qayta moliyalashtiriladigan kreditlari;

«Jizzax organic» MChJ XKning foizlar va komissiyalarni to‘lash, «O‘zsanoatqurilishbank» ATB kreditlariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladigan investitsiya loyihasi umumiy qiymatining kamida 5 foizi miqdoridagi o‘z mablag‘lari.

Mavzuga oid