Islohotlar ortga qaytmasligi uchun, nima qilish kerak?
“O‘zbekiston endi hech qachon ortga qaytmaydi” – oxirgi yillarda rasmiylar bu ta’kidni tez-tez takrorlab turishibdi. So‘nggi voqealar va ularga bo‘lgan munosabatdan kelib chiqib aytish kerakki, siyosiy plyuralizmga yo‘l bermay turib, ortga qaytmaslikni kafolatlab bo‘lmaydi.
2016 yilda O‘zbekistonda hokimiyat almashgach, yangi hokimiyat vakillari bir fikrni tez-tez takrorlab turadi. Prezident Mirziyoyev, har safar muhim chiqishlar qilganda, O‘zbekiston xalqi va davlatchiligiga qarab: “O‘zbekiston endi hech qachon ortga qaytmaydi!”, “oldingi boshqaruvga qaytmaydi!” deydi.
Jamiyatning ma’lum qatlami, bu bayonotni oddiy siyosiy chiqish deb qabul qilishi mumkin, lekin aslida, siyosatchilar biron bir pozitsiyani ko‘p takrorlashsa – demak, bu oddiy emas, maqsadli, ongli va o‘ta muhim vazifa yoki maqsad bo‘ladi. Prezident Mirziyoyevning “O‘zbekiston ortga, ya’ni qattiq avtoritar boshqaruvga qaytmaydi” degan ma’nodagi pozitsiyasi – juda muhim siyosiy va tarixiy vazifa hisoblanadi.
Birinchidan, bu bayonot bilan, 2016 yilga qadar hukm surgan siyosiy tizimga tanqidiy baho berilyapti. O‘sha davrdagi xato va kamchiliklar tan olinyapti. Eng katta muammo – davlatning tabiati bilan bog‘liq ekani rasmiylashtirilyapti.
Ikkinchidan, davlatga, davlat institutlari, mulozimlar va umuman, keng siyosiy sinfga prezident og‘zidan muhim siyosiy buyurtma berilyapti: “Qanchalik qiyin bo‘lmasin, O‘zbekiston diktaturaga, qattiq avtoritarizmga qaytmasligi kerak! Aks holda, biz o‘zimiz – barchamiz yutqazamiz!”
2016 yilga qadar O‘zbekiston o‘z misolida misli ko‘rilmagan repressiv davlatchilikni namoyon qildi. Dunyo davlatlari orasida O‘zbekistonning global reputatsiyasi o‘ta og‘ir bo‘ldi. Mintaqaviy liderlik uyoqda tursin, qo‘shni davlatlar bilan normal munosabatlar ham to‘liq izdan chiqqan edi.
Bugunga kelib, O‘zbekistondagi vaziyat ijtimoiy fikrda yana ziddiyatli deb ko‘rila boshladi – jamoatchilik nazarida vaziyat salbiylashmoqda. Buni OAV, ijtimoiy tarmoqlardagi sharhlar va munosabatlardan yaqqol ko‘rish mumkin.
Haqiqatda, keyingi oylarda ko‘plab voqea-hodisalar bo‘ldiki, jamoatchilikning hadiksirashi uchun asoslar bor. Yil boshida bir qancha jurnalist va blogerlarga nisbatan so‘roqlar uyushtirildi, qamoq choralari qo‘llandi. Jamoatchilik, ayniqsa jurnalistlar O‘zbekistonda so‘z erkinligining taqdiriga xavotirlar bildirdi.
Parallel ravishda, O‘zbekistonda nashidlar muammosi kuzatildi. Diniy motivdagi qo‘shiqlarni bilib-bilmay eshitgan ko‘plab yoshlarga nisbatan qamoq jazolari qo‘llandi. Jamoatchilik, bamisoli bu qamoqlarning asosida oldingi davrdagi kabi, nohuquqiy, siyosiy motivlar bormikin degan gumonlar bildirdi.
Shuningdek, keyingi oylarda ichki ishlar tizimi tomonidan gumonlanib qo‘lga olingan shaxslarning so‘roqlar davrida, qiynoqlardan vafot etgan holatlari, ancha ko‘paydi. Bir safar, bu qiynoqlarni IIV tan olsa, boshqa safarlar gumonlanuvchining o‘zini aybdor qilish holatlari kuzatildi. Lekin har safar IIVning bayonotlari jamoatchilikni qoniqtirmadi, jamiyatning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchsizligini yanada oshirdi.
Xo‘sh, O‘zbekistonda nega davlat institutlari ravon va malakali ishlay olmayapti? O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston – huquqiy, demokratik davlat. Parlament, partiyalar, har xil turdagi nodavlat tashkilotlari, kasaba uyushmalari, vatandoshlik jamiyati, sud hokimiyati va boshqa ko‘plab davlat va nodavlat institutlari normal ishlasa, bugungi kundagidek ishonchsizlik oshib bormas edi.
Nima uchun ba’zi davlatlarda davlat institutlari normal ishlaydi, boshqa davlatlarda – yo‘q? Sababi, demokratik maqsadda tashkillashtirilgan davlat institutlarining ishlashi uchun, demokratiyaning muhim sharti – siyosiy plyuralizm va real siyosiy raqobat mavjud bo‘lishi kerak. Aks holda, davlat markazlashgan va yakka shaxslashgan bo‘lib qolaveradi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining ruhiyatiga ko‘ra, unda nazarda tutilgan institutlarning bari – demokratik falsafaga, tarixga, asosga va mexanizmga ega institutlardir. Bu institutlarning ishlashi uchun esa, davlat va jamiyat siyosiy plyuralizmni tan olishi va qabul qilishi kerak bo‘ladi.
Haliga qadar tanqidga munosabat – sovet madaniyati darajasida qolyapti. Yaqinda qiynoqlar masalasi ko‘tarilganda, davlatning ba’zi institutlari, IIVni tanqid qilmadi. Sababi, “tanqid qilsak – davlatning obro‘yini to‘kkan bo‘lamiz” degan madaniyat juda kuchli. Aslida, teskarisi. O‘zbekistonning ichkarisida, davlatning bir institutlari boshqalarini tanqid qilsa, tashqi dunyo buni haqiqiy demokratiya ifodasi, siyosiy erkinlik va hurfikrlilik deb qabul qiladi.
Prezidentning “O‘zbekiston ortga qaytmaydi” degan pozitsiyasi, keyingi yillarda alohida ahamiyatga ega bo‘ladi. Chunki aksariyat davlat mulozimlari va institutlari “barqarorlik” sari oriyentir olib, islohotlarni ikkinchi darajaga tushirganda, davlat stagnatsiya va siyosiy retsessiyaga uchrashi ehtimoli, jiddiy oshadi. Buning oqibatlari qanday bo‘lishini O‘zbekiston o‘zining eng yaqin tarixidan juda yaxshi biladi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Materialning bosh lavha-suratini tayyorlashda Gazeta.uz saytidan olingan suratdan foydalanildi.
Mavzuga oid
19:29 / 13.01.2024
Rossiya hammani “demokratiya inqirozi”ga ishontirmoqchi. Aslida vaziyat qanaqa?
18:10 / 07.12.2023
«Huquqiy davlat qonunlar orqali boshqariladi» – «ko‘cha»ga qarshi reydlar ekspertlar nigohida
21:47 / 13.11.2023
Isroilni qoralayotgan 57 ta davlat rahbarlari Ar-Riyodda yig‘ildi. Natija bo‘ladimi?
17:01 / 14.10.2023