Jahon | 19:58 / 17.09.2016
30418
3 daqiqa o‘qiladi

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi taqdiri nima bo‘ladi?

Avval ham xabar berilganidek, 16 sentabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotining 25-yubiley sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda, rejalanganidek, MDHni zamon talablariga moslashtirish masalasi kun tartibining asosiy mavzusi bo‘ldi. Qozog‘iston respublikasi shunday tashabbus bilan chiqqan. Rasmiy Ostona sammitga jiddiy va amaliy nuqtai-nazardan yondashib, davlat rahbarlariga faqatgina o‘ta muhim masalalarni muhokama etish taklifini bildirgan hamda Hamdo‘stlik ijroiya organlari xodimini qisqartirish talabini ilgari surgan. 

Qozog‘iston prezidenti Nursultan Nazarboyev bir necha marotaba, tashkilot davlat rahbarlari o‘ylaganidek samarador bo‘lmaganini bir necha marotaba afsus bilan tan olgan edi. Umumiy mudofaa kengligi va erkin savdo hududi borasidagi umidlar chippakka chiqqan. Biroq, uning fikricha, MDHni hozir ham saqlab qolish mumkin. Jumladan u o‘zaro muloqot maydoni bo‘lib xizmat qila oladi. 

Nazarboyev fikriga qo‘shilgan Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Hamdo‘stlikning 25 yilligining natijasi unchalik samarali emasligini ta'kidlagan. Uning aytishicha, mamlakatlar bu borada «ijobiy tomondan salbiy tomonga» og‘moqda. Shunga ko‘ra, hamkorlikning bir vaqtlar bo‘lganidek yorqin onlariga qaytish amri mahol, deb ta'kidlagan Belarus rahbari.

Albatta, barcha umidlar o‘zini oqlagani yo‘q, deya tan olgan o‘z navbatida Armaniston rahbari Serj Sargsyan. Buning sababi esa, uning fikricha, mustaqil respublikalarning yagona to‘xtamga, xulosaga kela olmayotganidadir. Sargsyan hamkasbi Nazarboyevning fikrini davom ettirar ekan, MDH sammiti kun tartibidan iqtisodiy mavzularga oid masalalarni olib tashlashni taklif qildi. 

Sammit mezboni, Qirg‘iziston respublikasi prezidenti Almazbek Atambayevning qayd etishicha, davlat rahbarlari «MDHning taqdiri borasida va uni isloh qilgan holda, zamon talablariga moslashtirish borasida» ko‘pgina mulohazalarini bildirib, nihoyat, kelishib olishgan. Shunday qilib, MDHning yubiley sammiti aytarli natijalar bilan yakunlanmagan bo‘lsa-da, tashkilotni isloh qilish borasida muhim qadam tashlandi, deyish mumkin. 


 

Mavzuga oid