O‘zbekiston | 22:16 / 03.04.2018
22515
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston turizm sohasidan qancha daromad olishi mumkin? Turkiyalik ekspert fikri

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish masalalariga eng yuqori darajada e'tibor qaratilmoqda. Bu borada xorijiy mamlakatlar tajribalarining o‘rganilishi shundan dalolat beradi. Sobiq Turkiya milliy assambleyasi deputati, turizm sohasida katta ish tajribasiga ega Sodiq Badak bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining maslahatchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Turkiyalik ekspertning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasidan yiliga 15 milliard dollar daromad olishi mumkin.

"2017 yilning iyunidan O‘zbekistonda sayohatlarni o‘rganib, tahlil qilib kelyapman. Bir necha viloyatlarda bo‘ldim, turistik obektlarni ko‘rdim va soha salohiyatidan to‘liq foydalanilmaganiga ishonch hosil qildim.

Imkoniyatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, O‘zbekistonda 10 million nafargacha sayyohni qabul qilish va 10 milliard dollargacha daromad olish imkoni mavjud.

O‘zbekistonning turistik mahsulotlari besh global turistik bozorni qamrab olishi mumkin. Masalan, yevropaliklarni - tarixiy va ekoturizm jalb qiladi, Hindiston, Malayziya va Indoneziya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Eron  fuqarolarini esa - ziyorat turizmi, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya ahlini esa - madaniy-ko‘ngilochar turizm.

Yana shunisi muhimki, O‘zbekiston to‘rt mavsumda ham mehmonlarni qabul qila oladi. Biroq buning uchun infratuzilmani yo‘lga qo‘yish kerak.

O‘zbekiston - Markaziy Osiyoning javohiri. Mintaqaning boshqa mamlakatlarida bunday salohiyat yo‘q. Statistikaga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning 4 milliard kishisi sayohatchi hisoblanadi. Ularning aksariyati 4 kundan 14 kungacha sayohat qiladi. Ularning hech bo‘lmaganda 15 millionini jalb qila olsak, u holda yillik daromad 15 milliard dollarni tashkil qilishi mumkin.

Hozir bu sohada yangi yo‘nalishlar ochilmoqda. Oldimizga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, yangi yo‘nalishlar va makonlarni tavsiya qilib boramiz".

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid