15:54 / 13.03.2017
14262

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga nimalar to‘siq bo‘lmoqda?

Azaldan tadbirkorlik, ishbilarmonlik rivojlangan Namanganda bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirokrlik sub'yektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 75 foizdan oshdi, shuningdek ish bilan band aholining 78 foizdan ortig‘i aynan shu sohada mehnat qilmoqda. Aytish mumkinki bu respublika bo‘yicha yaxshi ko‘rsatkich sanaladi. 

Ammo bu borada hal etilishi zarur bo‘lgan kamchilik va muammolar ham yo‘q emas. Xususan, 2016 yilda viloyatda 1963 ta kichik tadbirkorlik sub'yekti ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 1221 tasi o‘z faoliyatini tugatgan, 1402 ta kichik korxona va mikrofirma esa umuman faoliyat ko‘rsatmagan. Xo‘sh, buning sabablari nimada? Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga nimalar to‘siq bo‘lmoqda? 

Shu kabi savollarga yechim topish va viloyatdagi barcha mutasaddi tashkilot va idoralar tomonidan har bir tadbirkorlik sub'yektiga o‘z faoliyatidagi muammolarni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi va O’zLiDeP Namangan viloyat Kengashi hamkorligida “Qulay biznes muhiti - tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishning muhim omili” mavzuida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Unda tadbikorlar va vaqtincha faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik sub'yektlari hamda sohaga dahldor bo‘lgan tashkilot mas'ul xodimlari ishtirok etdilar. 
— Partiya tomonidan bu masalaning ko‘tarilganligi bevosita elektoratimiz manfaatlarini himoya qilish va ularga yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish, tadbirkorlik rivoji uchun xizmat qiluvchi korxona va idora vakillari bilan ularni o‘ylantirayotgan muammolarni aniqlash, o‘rganish va albatta ularga yechim topib, har tomonlama himoyalangan istiqbolni ta'minlashga erishishdan iborat, - deydi O’zLiDeP Namangan viloyat Kengashi raisi Solijon Mo‘minov. — Bu borada tashkil etilayotgan ochiq muloqotlarimizda tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar xususan, aylanma mablag‘larning yetishmasligi, hom ashyo muammosi, kredit masalalari, elektr va gaz ta'minotidagi uzilishlar kabi masalalar ko‘tarilib, soha vakillari tomonidan tegishli tushuntirishlar, tavsiya va amaliy yordam berilmoqda. 

Munozarada so‘z olgan mutasaddi tashkilot vakillari joylarda tadbirkorlik sub'yektlarining tugatilishiga sabab bo‘layotgan masalalar xususida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.
— Tadbirkor bo‘lish uchun muayyan bilimga ega bo‘lish talab etiladi, - deydi Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Akramjon Soliyev. — Ammo amaliyotda iqtisodiy, huquqiy bilimlarga ega bo‘lmasdan tadbirkorlikni boshlash uchun yaratib berilgan shart-sharoitlarga qiziqib, biznes boshlagan va uni davom ettirishga qiynalib faoliyatini tugatayotgan holatlarni ko‘p kuzatyapmiz. Bugungi tadbirda mazkur holatlarni oldini olish bo‘yicha partiya va banklar hamkorligida o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun maxsus-zamonaviy o‘quv seminarlarni tashkil etishga kelishib oldik.

Ochiq muloqotda tadbirkorlar tomonidan faoliyatliriga to‘siq bo‘layotgan va ularni o‘ylantirayotgan masalalar o‘rtaga tashlanib, soha vakillari bilan birgalikda atroflicha muhokama qilindi. Masalan, «Axadbek savdo servis» oilaviy korxonasi rahbari Tojiaxmedov Axadxon ish faoliyati uchun zarur bo‘lgan avtomobilni sotib olishda duch kelayotgan muammolarni aytib o‘tgan bo‘lsa, “Hamkor” fermer xo‘jaligi raxbari Isroilov Mavlonxon esa fermer xo‘jaligiga ajratilgan yer maydoning unumdorligi past ekanligi va buni qayta ko‘rib chiqish lozim ekanligini qayd etdi. 
Muloqot davomida soha mutaxassislari tomonidan muammolarning ayrimlariga joyida ijobiy yechim topilgani tadbirning amaliy ifodasi bo‘ldi. 

O’zLiDeP Matbuot xizmati.  

Reklama huquqi asosida.
 

Top