O‘zbekiston | 18:23 / 24.08.2023
7153
3 daqiqa o‘qiladi

Geosiyosiy vaziyat tufayli eksportchilarning xarajatlarini qoplashga yana 100 million dollar ajratiladi

O‘zbekiston xalqaro maydondagi geosiyosiy vaziyat tufayli eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi. Ushbu maqsadlarda logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha 100 million dollar, sertifikatlashga doir tadbirlarga esa 25 million dollar ajratiladi, deydi ITIM direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov. 

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov Darakchi.uz nashriga bergan intervyusida yuqori daromadga ega korxonalar hamda ularga yaratilgan sharoitlar haqida aytib o‘tdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bunday korxonalar “Tadbirkorlik sub’yektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoniga asosan qabul qilingan dastur asosida saralab olinadi. Mazkur korxonalarni saralab olish bo‘yicha quyidagi mezonlar belgilangan:

  • korxonalar yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan hamda kamida so‘nggi ikki yil davomida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi;
  • oxirgi 12 oy mobaynida eksport qilingan tayyor mahsulot summasi 1 mln AQSh dollaridan ortiq bo‘lishi;
  • umumiy tushum hajmida eksportdan tushum ulushi 30% dan yuqori bo‘lishi;
  • eksportga chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar turi 2 tadan ortiq bo‘lishi;
  • oxirgi 12 oy mobaynida eksport geografiyasi, qo‘shni davlatlarni inobatga olmagan holda, 2 ta mamlakatdan ortiq bo‘lishi;
  • oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmida muddati o‘tgan debitor qarzdorlikning ulushi 5% dan kam bo‘lishi kerak.

Mutaxassisga ko‘ra, ushbu dastur doirasida 100 ta yetakchi eksportchi korxona tanlab olinib, ularga kredit, soliq, bojxona bo‘yicha alohida rejim joriy qilingan.

“Umuman, eksportni qo‘llab-quvvatlash hisobidan so‘nggi to‘rt yilda bunday korxonalar soni 4,5 mingtadan 7,2 mingtaga ko‘paydi, chetga sotilayotgan mahsulot turlari 1,5 mingtadan 3 mingtaga oshib, geografiyasi 139 ta mamlakatdan 164 taga kengaydi, tashqi bozorlarga tayyor mahsulot sotish hajmi 2 barobar, bunda tovarlar eksportidagi ulushi esa 50 foizdan 65 foizga oshdi.

Kelgusida yuqori daromadli korxonalar sonini ko‘paytirish maqsadida xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda 140 ta tayyor loyiha ishlab chiqildi. Ushbu loyihalarning jami qiymati 10 mlrd dollarga teng bo‘lib, ularda 60 mingta ish o‘rinlarini yaratish, yiliga 5mlrd dollarlik mahsulot ishlab chiqarish hamda 2,5 mlrd dollarlik eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Mazkur 140 ta loyiha elektron platformaga qo‘yilib, tadbirkorlarga ochiq-oshkora shartlar asosida taklif qilinmoqda”, — deydi ITIM direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov.

Qo‘shimcha qilinishicha, xalqaro maydondagi geosiyosiy vaziyat hisobiga logistika xarajatlarini qoplash bo‘yicha eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash davom ettiriladi. Ya’ni logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha 100 million dollar, mahsulotlarni xorijda sertifikatlash, xalqaro standartlarni joriy qilish va bu borada mutaxassis tayyorlashga yana 25 million dollar ajratiladi.

Mavzuga oid

E`lonlar