Jahon | 12:03 / 24.03.2026
1111
4 daqiqa o‘qiladi

Italiyada sud tizimi islohoti referendumda rad etildi

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ilgari surgan sud-tergov tizimi islohotini referendumda ovoz berganlarning 53,6 foizi qo‘llab-quvvatlamadi. Islohotni atigi 46,4 foiz saylovchi ma’qulladi. Ovoz berishda ishtirok etish darajasi qariyb 59 foizni tashkil etdi.

Foto: Marco Di Gianvito/ZUMA/IMAGO

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ilgari surgan sud-tergov tizimi islohoti referendumda ovoz berganlarning 53,6 foizi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Islohot tarafdorlari esa 46,4 foizni tashkil qildi. Bu haqda 23 mart, dushanba kuni ANSA agentligi dastlabki ma’lumotlarga tayanib xabar berdi.

Dpa ta’kidlashicha, bunday farq bilan mag‘lubiyatni deyarli hech kim kutmagan edi. Italiya parlamentining har ikki palatasi mazkur qonun loyihasini avvalroq ma’qullagan. Biroq islohotni amalga oshirish uchun konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish talab etilgani bois, ikki kunlik referendum o‘tkazishga qaror qilingan.

Ovoz berishda qatnashish darajasi qariyb 59 foizni tashkil qildi. Reuters hisob-kitobiga ko‘ra, qatnashish ko‘rsatkichi 58,9–59 foiz atrofida bo‘lgan. Referendum 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan Italiya parlamenti saylovlari oldidan jamoat kayfiyatining sinovi sifatida ham baholandi.

Referendum oldidan Meloni bu natija uning siyosiy faoliyatiga ta’sir qilmasligini aytgan edi. U bundan avval sud tizimini “noqonuniy ommaviy migratsiyaga qarshi kurash”ga putur yetkazayotganlikda ayblagan. “Italiya birodarlari” partiyasi esa so‘rovnomalarda raqobatchilaridan ancha oldinda ekani qayd etilgan.

Italiyada yagona imtihondan o‘tgan mutaxassislar prokuror lavozimidan sudya lavozimiga va aksincha o‘tishi mumkin. Islohot esa ushbu ikki kasb yo‘lini ajratishni nazarda tutar edi: sudyalar faqat sudyalik, prokurorlar esa faqat prokurorlik vazifasini bajaradi.

Sud hokimiyatining o‘zini o‘zi boshqarishi va uning qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyatdan mustaqilligini ta’minlab beruvchi Oliy magistratura kengashi (CSM)ni ikki tuzilmaga — sudyalar va prokurorlar uchun alohida organlarga — bo‘lish ham taklif qilingan edi.

Shuningdek, 15 a’zodan iborat Oliy intizomiy sud tuzish rejalashtirilgan. Yangi o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlarni qisman qur’a tashlash — nomzodlarni tasodifiy tanlab olish bilan almashtirish ham ko‘zda tutilgan edi. Bundan tashqari, bu organlarni shakllantirishda parlament ham ishtirok etishi kerak bo‘lardi, natijada siyosatchilar kadrlar bo‘yicha qarorlarga ko‘proq ta’sir o‘tkazish imkoniga ega bo‘lardi.

Neapol prokurori Nikola Gratteri bu holatda Italiya samarasiz eski tizim o‘rniga yanada siyosiylashgan modelni olishi mumkinligini ta’kidlagan edi. Bu fikrni xalqaro OAV ham islohotga nisbatan tanqidiy baholar qatorida keltirgan.

Shu bilan birga, tanqidlarga qaramay, fuqarolarning ko‘pchiligi Italiya sud tizimi umuman olganda islohotga muhtoj, degan fikrga qo‘shilgan. Dpa ma’lum qilishicha, mamlakatda hukm chiqarish jarayoni ko‘pincha boshqa davlatlarga nisbatan ancha uzoq davom etadi. So‘rovnomalarga ko‘ra, italiyaliklarning atigi o‘n kishidan to‘rt nafari sud tizimiga ishonadi. Bu islohot zarurligi haqida umumiy fikr borligini, ammo taklif etilgan shakl hammaga ma’qul kelmaganini anglatadi.

Italiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, referendumda ovoz berish huquqiga ega bo‘lganlar soni 51 424 729 nafarni tashkil etgan, shundan 5 477 619 nafari xorijda yashaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid