Jamiyat | 08:20 / 21.11.2017
4641
2 daqiqa o‘qiladi

Uber kompaniyasi Volvo’dan 24 mingta yo‘ltanlamas sotib oladi

Foto: EPA-EFE/WILL OLIVER

Onlayn taksi buyurtirish xizmatlarini taqdim qiluvchi Uber kompaniyasi o‘zining haydovchisiz avtomobillar parkini yaratish uchun Shvetsiyaning Volvo kompaniyasidan 24 mingta avtomobil sotib olmoqda.  

Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, xarid qilinayotgan Volvo XC90 yo‘ltanlamaslari Uber’ga 2019 yildan 2021 yilgacha oraliqda yetkazib beriladi. Mashinaning narxi 47 ming dollarni tashkil qiladi. 

Ta'kidlanishicha, Uber ushbu yo‘ltanlamaslarga haydovchisiz boshqaruv uchun kerak bo‘lgan maxsus datchiklar, kameralar va dasturiy ta'minot o‘rnatadi. 

Sinovlar vaqtida bunday mashinalar ruli oldida haydovchi o‘tiradi. U texnika ishlamay qolganda boshqaruvni o‘ziga oladi. Uber, shuningdek, AQShning bir qator shaharlarida Volvo va Ford’ning o‘zi boshqariluvchi mashinalarini sinovdan o‘tkazmoqda.

Uber mobil telefondagi dastur orqali xususiy avtomobillar haydovchilarining xizmatlaridan foydalanishga imkon beruvchi onlayn-servis bo‘lib, bosh qarorgohi San-Frantsiskoda joylashgan. Kompaniyaga 2009 yilda asos solingan. Hozirda kompaniya dunyoning 500 dan ko‘proq shaharlarida faoliyat yuritadi.

Mavzuga oid