Jamiyat | 21:40 / 18.06.2023
44730
13 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosida ayollarga alohida vagon mavzusi – Ijtimoiy faollar bilan suhbat

Toshkent metrosida ayollar uchun alohida vagonlar ajratishga ehtiyoj bormi? Ayrim faollar bu gender tenglikka zid, odamlarni jins bo‘yicha ajratishga olib keladi desa, boshqalari ayollar hurmat qilinadigan jamiyatda nafaqat metro, balki boshqa jamoat transportlarida ham bu tashabbus amalga oshirilishi kerak, deb hisoblaydi.

«Toshkent metrosida ayollar uchun kunning odam gavjum bo‘ladigan ma’lum qismida yoki doimiy alohida vagonlar ajratilsa yaxshi bo‘lardi». Bu taklif yaqin yillar ichida poytaxt aholisi va mehmonlari tomonidan bot-bot tilga olinyapti. Yaqin yillar orasida ilgari surilayotgan bu taklif metro vagonida notanish qizga shilqimlik qilgan ikki talaba voqeasidan keyin yana jonlandi. Umuman, metro va boshqa jamoat transportlarida ayollar uchun alohida vagon va joylar ajratish Yaponiya, Misr, Braziliya, Hindiston, Indoneziya, Eron kabi dunyoning o‘ndan ortiq davlatlarida yo‘lga qo‘yilgan. Xo‘sh, O‘zbekistonda ham bu tajribani qo‘llasa bo‘ladimi? Kun.uz bu borada ijtimoiy faollar fikrini o‘rgandi.

Kamola Aliyeva

“Bu masala jamoat transportidagi tegajog‘liklar bilan bog‘liq bo‘lib, muammoning yechimi sifatida ayrim faollar tomonidan taklif qilinyapti. Ammo ayollar uchun alohida vagon qilish muammoning yechimi emas. Bu gender segregatsiya – odamlarni jins asosida ajratishga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari tegajog‘liklarga uni sodir etayotgan erkak emas, ayol kishining o‘zi mas’ul, degan qarash paydo bo‘lib qoladi. Deylik, bir ayol yoki qiz ayollar vagoniga ulgurmay, yonidagi boshqa vagonga chiqdi. O‘sha paytda tegajog‘likka uchrasa, jamiyat tomonidan ayol qoralanadi boshqa vagonga chiqqani uchun. To‘g‘ri, ba’zi davlatlarda bor bu tajriba. Lekin ulardagi umumiy holat bo‘yicha tegajog‘likni kamaytirmagan bu narsa. Bundan tashqari, jins bo‘yicha kamsitish bo‘ladi, gender tenglik prinsiplariga ham zid”, – deydi gender masalalari bo‘yicha mutaxassis Kamola Aliyeva.

Jurnalist Aziza Qurbonovaning fikricha ham jamoat transportlarida bu tajribani qo‘llash har doim ham o‘zini oqlamagan.

Aziza Qurbonova

“Gender tenglikni faol targ‘ib qilayotgan va shunday muhit yaratishga urinayotgan mamlakatlar tajribasi bunday ajratilishni to‘g‘ri deb bilmaydi. Bir nechta megapolislarda yashovchi turli e’tiqodli 5600 ayol o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, ulardan shu narsa kerakmi, deb so‘ralganida ularning aksariyati undan ko‘ra metro va avtobuslarning qatnov oraliq vaqtini qisqartirib zichlikka yo‘l qo‘ymaslik kerak, deb javob bergan”, – deydi u.

Bolalar psixologi va yozuvchi Muazzam Ibrohimova esa metroda ayollar uchun alohida joy ajratish shart deb hisoblaydi. U bundan tashqari jamoat transportida tegajog‘liklarga qarshi kurashish bo‘yicha boshqa davlatlarning tajribalaridan foydalanishni taklif qiladi.

Muazzam Ibragimova

“Masalan, Yaponiya tajribasini olib qaraylik. Vaholanki, Yaponiya islomiy davlat emas. Ular ayol va erkak psixologiyasini o‘rganib chiqqan holda shu qarorga kelgan. Ularning metrolarida jinsiy zo‘ravonlik haqida xabar beruvchi maxsus tugmachalar bor. Agar kimdir bossa, keyingi bekatda politsiya o‘sha vagon eshigida kutib turadi. Bizda shu oddiy narsalar ham yo‘q. Metro bekatlari va vagonlarga maxsus zo‘ravonlik haqida xabar bering degan ma’nodagi taxtachalar bor. Agar shilqimlik, tegajog‘lik holatlari kuzatilsa, yo‘lovchilar vagonlarga o‘rnatilgan kameralarga maxsus belgilar bilan xabar berishadi. Bizda kameralar bor, nega shunday imkoniyatlardan foydalanmaymiz? Talabalik paytimizda shilqimlik qilgan yigitni bir qiz izidan vagondan chiqqach itarib yuborgandi, yigit esa metro yo‘liga tushib ketgan. O‘sha vaziyatda qiz jazolandi, yigit emas. O‘sha paytdayoq alohida joylar bo‘lishi kerak degan fikrga kelgandim”, – deydi Muazzam Ibragimova.

Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, bu O‘zbekistonda hozir kun tartibidagi masala bo‘lmasa-da, uni amalga oshirishning salbiy tomoni yo‘q. 

Abdurahmon Tashanov

“Yaqinda Tokioda bo‘lganimda ayollar uchun alohida vagonlar bor ekaniga guvoh bo‘ldim. O‘zbekistonda ham shu narsani joriy qilish masalasida muhokamalar bo‘lyapti. Xotin-qizlar o‘zlarini erkin va qulay his qilishlari uchun bu narsani qilish mumkin, yomon tomoni yo‘q, menimcha. Lotin Amerikasi mamlakatlari, Hindiston va Yaponiya kabi davlatlarda shu narsa bor. Buni joriy qilishdan oldin tegishli statistika bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar bilan maslahatlashish, ma’lumotlarni ko‘rish kerak. Lekin bizda Yaponiya yoki Hindistondagi kabi yuqori emas tegajog‘lik qilish darajasi. Aytganimdek, oldin statistikalar e’lon qilinishi va muhokama etilishi kerak. Kelajakda O‘zbekiston ham aholi ko‘payayotgan mamlakat sifatida bu narsani joriy qiladi. Lekin hozirgi holatimizda kun tartibidagi masala emas bu”,  – deydi «Ezgulik» jamiyati raisi.

Faollarning ba’zilari bu tashabbusni amalga oshirish uchun O‘zbekistonda yetarli transport infratuzilmasi mavjud emasligini aytgan bo‘lsa, boshqalari ayollarga bu qulaylik emas, qo‘shimcha muammolar yaratadi deb hisoblaydi. Ular orasida bu taklifni amalga oshirish vaqti allaqachon kelganini ta’kidlaganlar ham bor.

Muazzam Ibrohimova:

— Bu masalani gender tenglik bilan bog‘lash kerak emas. Bu amaliyotni joriy qilish kerak, albatta. Arab musulmon davlatlarida ham, boshqa rivojlangan dunyoviy davlatlarda ham bu tajriba bor. Demak, o‘zini hurmat qiluvchi xalqlar bu ishlarni qilyapti. Qiziga, ayoliga zo‘ravonlik bo‘lishini istamaganlar jur’at etgan shunga, aytganimdek, gender tenglikka aloqasi yo‘q. Tibbiy-psixologik, sanitariya, odob-axloq tomonlardan qilinishi kerak bo‘lgan ish. Masalan, Turkiyada alohida qilinmagan bo‘lsa ham, jamoat transportlarida erkak va ayollar aralashib ketmaydi, shaharlararo qatnovlarda yo‘l chiptalari begona ayol-erkaklar uchun yonma-yon o‘rindiqlarga sotilmaydi. Chipta sotish bo‘yicha umuman nazorat yo‘q bizda. Xulqi buzuq odam bilan bir yonma-yon o‘rindiqqa tushib qolsang, uzoq yo‘llarga ham soatlab chidab ketishga majbursan. Xohlasak, hamma narsaning chorasini topish mumkin.

Kamola Aliyeva:

— Yo‘lovchilar ko‘p paytida tegajog‘lik qilishga harakat bo‘ladi, deyishadi. Buning yechimi — jamoat transportlarini, vagonlarni va qatnovni ko‘paytirish. Vagonlarning ichida homilador ayollar, bolalar yoki qariyalar uchun joy qilish mumkin, lekin jins bo‘yicha ajratish yechim emas. Ayollar uchun alohidalash davlatga iqtisodiy tomondan og‘ir bo‘ladi. Mavjud bo‘lgan infratuzilmani yaxshilash o‘rniga yana qo‘shimcha muammoli bo‘g‘inni ko‘paytirish og‘irlik beradi budjetga. Undan ko‘ra bunga ketadigan mablag‘ni mavjud infratuzilmani yaxshilash va kengaytirishga sarflash kerak.

Aziza Qurbonova:

— Bir qarashda yaxshidek, quloqqa yoqimli eshitiladi, lekin jinsiy segregatsiya bu. Muammolarni, savollarni ko‘paytiradi. Qaraydigan bo‘lsak, ko‘pchilik erkaklarda shaxsiy mashina bor, jamoat transportlaridan esa ko‘proq xotin-qizlar foydalanadi. Masalan, bitta ajratilsa, sig‘maydi ular. Yana ajratish kerak desak, erkaklar-chi, ularning huquqlari nima bo‘ladi? Ajratilgan vagonga sig‘may qolgan ayollar nima qiladi? Keyingisini kutadimi? Boshqa vagonlarga chiqish tanlovi ham bor-ku, deyish ham mumkin. Lekin o‘sha boshqa vagonga chiqqanda tegajog‘likka uchrasa, ayol aybdor qilinadi. Tiqilib bo‘lsayam o‘zining vagonida ketsin edi deyishadi. Nega endi biz o‘sha shilqimlik qilayotgan ayrimlarni emas butun boshli ayollar va erkaklarni ajratib qo‘yishimiz kerak? Avtobuslar masalasi-chi, ularni ikkiga bo‘lib qo‘yamizmi yoki ikki xil avtobus bo‘ladimi? Umuman, savollar ko‘p. Bunday yoqimli ko‘ringan tashabbuslar iqtisodiy, ijtimoiy va psixologik jihatdan foydali bo‘lavermaydi har qachon ham. Ayollar haqida o‘ylanayotgani yaxshi, lekin ajratish bilan yechim qilmaslik kerak. Qaysidir axloqsiz qachondir qilishi mumkin bo‘lgan shilqimlikni deb butun boshli jamiyatni ovoragarchilikka qoldirish to‘g‘ri emas va yechim bo‘lolmaydi.

Abdurahmon Tashanov:

— Bizda endi jamoat transporti shakllanyapti. Hali infratuzilma rivojlanmay turib bu narsani qilish qo‘shimcha muammo bo‘ladi. Metroga 600 ming odam kirib chiqar ekan bir kunda. Bu juda katta son emas. Mana shular ichida qanchasi tegajog‘likka uchraydi, qanday holatda degan savollar bo‘yicha aniq statistikalarni o‘rganib, keyin bir qarorga kelish kerak.

Faollarning fikricha jamiyat o‘zi ilgari surayotgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun avvalo o‘zi tayyor bo‘lishi kerak. Harakat qilish faqatgina istak va uni kimdir ro‘yobga chiqarishini kutishdan foydaliroq. Jamoat transportlarida sog‘lom muhitni shakllantirish jamoatchilik nazoratiga ham ko‘p jihatdan bog‘liq. 

Muazzam Ibrohimova:

— Talaba qizlar ko‘p Toshkentda, ko‘pchiligi viloyatdan kelganlar. Ularning poytaxtda himoyachisi, yaqini yo‘q. Ikkita talaba qiz bir voqeani aytib bergandi: metroga chiqishganda bir erkak juda qo‘pol harakatlar qilgan. Bir vagon odam hech narsa demagan, ko‘rib turishsa ham. Tushgandan so‘ng ortidan ta’qib qilib yotoqxonagacha borgan. Shu vaziyatda birorta odam ularni himoya qilmagan.

Abdurahmon Tashanov:

— Jamiyatni o‘rgatish uchun eksperiment qilib ko‘rsa bo‘ladi. Braziliya, Yaponiyadagi kabi bizda aniq statistikalar va shu narsalarni yoritish yo‘q. Hindiston eng ko‘p jinsiy zo‘ravonlik bo‘ladigan davlatlardan biri, Yaponiya tarixida ham o‘tgan asrning 50-60-yillarida juda zo‘ravonlik ko‘p bo‘lgan. Mana shunday narsalarni ko‘rsatib, jamiyat ongini tayyorlab borish kerak oldin.

Aziza Qurbonova:

— Agar jamiyatning o‘zi axloqli, bir-birini tiyib turuvchi bo‘lsa, jamoat transportlarida o‘zlari ajralib o‘tiradi, hurmat qiladi bir-birini. Masalan, vodiyda va boshqa joylarda avtobuslarda ayollar va erkaklar bo‘linib o‘tirar ekan. Avtobusning old tomonida ayollar, orqa tomonida erkaklar. Odamlarning axloqiga o‘rnashgan bu narsa. Metrolarda ham axloqli erkaklar, yigitlar o‘zini chetga olib, ayollar uchun erkinroq joy ajratishsa, yaxshi bo‘ladi. Ya’ni jamiyat tayyor bo‘lishi kerak.

Avvalo farzandlarimizga boshqalarning va o‘zining shaxsiy chegarasini o‘rgatishimiz kerak. Shaxsiy hudud qancha, qayerda tugaydi, yaqinlik qancha, hatto uzoq termilib qolish mumkinmasligi o‘rgatilishi lozim. Bizda bu bo‘yicha ta’lim yo‘q, hech qayerda o‘qitilmaydi. Jazolar ham qat’iyroq bo‘lishi kerak. Chunki bundaylarga 5-15 kunlik qamoq ham ta’sir qilmayotganini ko‘ryapmiz.  

Kamola Aliyeva:

— Adashmasam, 2 yilcha oldin jinsiy va boshqa turdagi zo‘ravonliklarga qarshi kampaniya yo‘lga qo‘yilgandi. Jamoat transportlari va boshqa joylarda turli plakat va bannerlar ilingandi. Chiptalarda ham yozib qo‘yilgandi xabar berish kerakligi haqida. Xalqaro tajribada jamoat transportlarida shunday holatga tushgan va buni ko‘rgan odamlar qanday harakat qilishi kerakligi bannerlarga yozib qo‘yiladi. Ya’ni metro vagonlarida, avtobuslarda bu haqida ko‘rsatmalar berilgan. Hammasi jamiyatni tarbiyalashga bog‘liq.

Kun.uz metro bekatlarida bo‘lib jamoat transportidan foydalanadigan odamlar orasida kichik so‘rovnoma ham o‘tkazdi. So‘rovnomada 30 dan ortiq yurtdoshlarimiz qatnashdi. Har to‘rt ishtirokchidan uch nafari ayollar uchun alohida vagonlar ajratilishi kerak deb hisoblashini aytdi.

Ko‘rsatuvni to‘liq shaklda yuqoridagi videoda tomosha qilishingiz mumkin 

Maqsuda Abduqayumova, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid