O‘zbekiston | 22:53 / 17.12.2020
14443
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qaror imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Foto: Flickr

Qarorga muvofiq:

  •  Hujjat bilan Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamda keng jamoatchilikning:
  •  Toshkent shahrida “Istiqlol” majmuasini tashkil etish va u yerda mustaqillikning mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiradigan yodgorlik kompozitsiyasini barpo etish;
  •  Toshkent shahrida barpo etilayotgan yer usti metro halqa yo‘lini “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz yilligi” deb nomlash;
  • “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani tashkil etish;
  • o‘tgan davrda erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston” kitob-albomini hamda har bir sohada amalga oshirilgan islohotlar natijalarini yoritib beruvchi kitob-albom va to‘plamlarni nashr etish;
  • 2021 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha xalqaro madaniy-ma'rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, ilmiy konferensiyalar, ajdodlarimiz yubiley sanalarini mustaqillikning o‘ttiz yilligi g‘oyasi va ruhi bilan uyg‘un va hamohang holda tashkil etish;
  • madaniyat va san'atning barcha yo‘nalishlari (musiqa, teatr, kino, tasviriy va amaliy san'at, sirk, xalq ijodiyoti) bo‘yicha respublika miqyosida festival va ko‘rgazmalarni tashkil etish;
  • yurt mustaqilligini tarannum etadigan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari hamda tarixiy va zamonamiz qahramonlari hayoti va faoliyati haqidagi pesalar tanlovlarini tashkil etish;
  • mustaqillik yillarida erishilgan ilmiy yutuqlar asosida yaratilgan innovatsion loyiha va texnologiyalar ko‘rgazmalarini o‘tkazish haqidagi takliflari ma'qullandi.

Madaniyat vazirligi mas'ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbirlarini zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yuqori badiiy saviyada o‘tkazish uchun respublika va xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish choralarini ko‘radi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida respublikada faoliyat yuritayotgan milliy madaniyat markazlarini keng jalb etgan holda bayram tantanalari va xalq sayillari tashkil qilinadi.

Madaniyat va istirohat bog‘larida shartnoma asosida taniqli san'at namoyandalari, badiiy havaskorlik jamoalari ishtirokida konsert dasturlari namoyish etiladi.

 Keyingi yillarda respublikada olib borilayotgan ma'naviy-ma'rifiy ishlar, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri poydevorini yaratishga bag‘ishlangan publitsistik maqolalar va she'rlardan iborat kitobni respublika budjeti mablag‘lari hisobidan chop etiladi.

 Xorijiy mamlakatlarda davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan keng jamoatchilik, jumladan, xorijiy mamlakatlarda yashayotgan vatandoshlarni jalb qilgan holda “O‘zbekiston kunlari” o‘tkaziladi va uning doirasida madaniy-ma'rifiy tadbirlar amalga oshiriladi.

 2021 yil davomida barcha tuman (shahar)lar, qishloq va ovullarda, shuningdek, milliy telekanallarda mustaqillik yillarida yaratilgan eng yaxshi badiiy va hujjatli filmlarning keng namoyishi tashkil etiladi.

 Hujjatda belgilanishicha, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

 Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda homiylik xayriyalari hisobidan;

Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.

Mavzuga oid