Jamiyat | 09:38 / 12.03.2017
8166
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiyadagi hayvonot bog‘ida karkidonlarning shoxi kesib tashlandi

Belgiyadagi xususiy hayvonot bog‘ida karkidonlarni brakonerlardan himoya qilish maqsadida ularning shoxi kesib tashlandi. Bu haqda "Bi-bi-si" telekanali xabar bermoqda.  

9 mart kuni brakonerlar Fransiyadagi hayvonot bog‘iga kirib karkidonni o‘ldirishgandan keyin, Belgiyada bunday keskin choraga borishga qaror qilindi. Fransiyadagi voqeada jinoyatchilar hayvonot bog‘ining orqa eshigi panjarasini buzib, uchta oq karqidon saqlangan bino ichiga kirib, u yerdagi bitta karkidonni o‘ldirishgan. Politsiyada aytilishicha, jinoyatchilarga barcha karkidonlarni o‘ldirish uchun vaqt yetmagan yoki ularni kimdir cho‘chitib yuborgan. Ta'kidlanishicha, bunday hodisa Yevropada birinchi marta yuz bergan. 

Karkidon shoxidan olinadigan kukun ba'zi davlatlarda ajoyib ta'sirga ega shifobaxsh vosita hisoblanadi. Bunday kukunning bir kilogrammi 75 ming dollargacha turishi mumkin.  

Afrikada karkidonlarni brakonerlar hujumidan himoya qilish uchun ko‘pincha shoxlari kesib tashlanadi. Zoologlarning aytishicha, jonzot uchun bu jarayon og‘riqsiz hisoblanadi va ma'lum vaqtdan keyin shox yana o‘sib chiqadi.

Bir qator davlatlarda brakonerlarga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda. Misol uchun, Hindistonda brakonerlarning o‘zi o‘qqa tutiladi.

Brakonerlarning bunday qabihona faoliyatlari sababli karkidonlarning ba'zi turlari yo‘q bo‘lib ketish yoqasiga kelib qolgan. 2017 yil 6 mart kunidagi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda shimoliy oq karkidonlarning bor-yo‘g‘i uch vakili – ikki urg‘ochisi va bir keksa erkagi qolgan. Ularning atrofida kun bo‘yi qurollangan maxsus kuchlar qorovullik qiladi. 

Mavzuga oid