Jamiyat | 10:29 / 28.05.2018
54803
4 daqiqa o‘qiladi

Pulni qayerga sarf qilsa ming hissa bo‘lib qaytadi?

Foto: KUN.UZ

Inson o‘zining xulqi, chiroyli amallari bilan nom qoldirsa, u vafot etgach, uni chiroyli xotiralar bilan yodga olishadi. U qoldirgan meros, ya'ni yaxshilik, yaxshi farzandlar, yaxshi ilm to qiyomatga qadar unga savob keltirib turadi. Aksincha bo‘lsa-chi? Unda u bandaga qilgan yomonligi to qiyomatga qadar yetib turadi.

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sizlardan qay biringiz merosxo‘rlarining mol-mulkini o‘zining mol-mulkidan ko‘proq yaxshi ko‘radi?” Sahobalar javoban: “Yo Allohning Rasuli, bizlardan birortamiz yo‘qki, balki o‘z mol-mulkini ko‘proq sevadi”, dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Odamning mol-mulki (ya'ni, unga manfaatli bo‘lgani) u hayotlik davrida Alloh yo‘lida yaxshi amallarga sarf qilganidir, merosxo‘rlarning mol-mulki esa u o‘lgandan keyin qolgan narsadir”.

Ko‘pchilik o‘ziga berilgan boylikni yaxshilik va saxovat yo‘liga sarflashga qo‘rqadi. Go‘yo bu bilan mol-davlati kamayib qoladigandek. Ammo Alloh roziligi yo‘lida qilingan har qanday moddiy yaxshilik o‘rni, hissasi bilan to‘ldirib qo‘yiladi. Bu Yaratgan uchun qiyin emas, chunki u eng boydir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar, “Alloh taolo aytadi: Ey odam bolasi (mening yo‘limda) sarf qilgin, men sen uchun sarf qilaman”. Va yana Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam dedilar, “Allohning qo‘li to‘ladur (ya'ni, Alloh boydur) va uning boyligi uning kunu-tun qilgan sarf-xarajatlaridan ta'sirlanmaydi (ya'ni, kamaymaydi)”, va yana dedilar, “Alloh taolo osmonlaru yerni yaratgandan buyon nimalarni sarf qilganini ko‘rdingizmi? Biroq uning qo‘lida bo‘lgan narsa kamaymaydi va uning Arshi suv ustida turadi va uning qo‘lida adolat mezoni bordur. U bilan Alloh xohlagan odamini ko‘taradi va xohlagan odamini pasaytiradi (ya'ni, obro‘, rizq va boshqa ne'matlarda)”.

Har qanday holatda ham, inson yaxshi amallardan to‘xtamasligi lozim. Taqdirimga bitilgani shu ekan, degan fikr noto‘g‘ridir. Bu haqda payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Biz Boqiy al-G‘arqoddagi dafn marosimida payg‘ambar alayhissalom bilan birga edik. Janob Rasululloh: “Sizlardan birortangiz yo‘qki balki uning joyi jannatda yoki do‘zaxda yozilgandir”, dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, biz bu narsaga ishonib amallarimizni to‘xtatib qo‘ysak bo‘ladimi?” - deyishdi. U zot: “Qilayotgan (yaxshi) amallaringizni davom ettiring, zotan har bir odam o‘zining boradigan joyi uchun qiladigan amallarni osonlikcha topadi (ya'ni, jannatiy odam uchun yaxshi amallar oson bo‘lib qoladi va do‘zaxiy odam uchun yomon amallar oson bo‘lib qoladi)”. So‘ngra ular quyidagi oyatlarni tilovat qildilar: “Va kimki (sadaqa) bersa va Allohga taqvo qilsa, va Allohdan go‘zal mukofotga ishonsa (ya'ni, Alloh yo‘lida sarf qilgan narsalari uchun, Alloh mukofotlashiga). Bas, biz uni osonga muyassar qilamiz. Ammo kimki baxillik qilsa…. Biz u odam uchun yomonlik yo‘lini oson qilamiz” (Al Layl surasi 5-10 oyatlar).

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid