Jahon | 16:58 / 17.04.2020
17781
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropadagi epidemiya o‘chog‘i: Avstriyadagi kurort qanday qilib «koronavirus tarqatuvchisi»ga aylandi?

Taniqli va badavlat insonlar orasida ommalashgan Ishgl tog‘-chang‘i kurorti «koronavirus tarqatuvchisi»ga aylandi. Bu yerda Yevropaning olti mamlakatidan bo‘lgan yuzlab turistlar kasallik yuqtirib olishdi.

Foto: EPA \ TASS

Avstriyadagi Ishgl tog‘-chang‘i kurorti prokuraturaning koronavirus tarqalishi ishi bo‘yicha surishtiruvi markazida qoldi. Prokuratura vakilining so‘zlariga ko‘ra, kurortdagi muassasalardan birining rahbari loqaydlik va odamlarga kasallik yuqtirish xavfini paydo qilganlikda gumonlanmoqda. 

 Patsnauntal vodiysida joylashgan Ishgl qishlog‘ida 1500 kishi yashaydi. Bu yerdagi mahalliy tog‘-chang‘i kurorti kattaligi jihatidan Tirolda uchinchi o‘rinda turadi. U qishloqdan 2872 metr balandlikda joylashgan.

Kurortga har yili 500 ming nafar turist keladi, bu yerda ularni nafaqat chang‘i uchish, balki kurortda o‘tkaziladigan an'anaviy tadbirlar ham o‘ziga jalb etadi. Shu bois kurort «Alp Ibitsasi» deb nom chiqargan.

Ishglda Top of the Mountain musiqa festivali o‘tkaziladi. O‘z davrida unda Thirty Seconds to Mars, Lenni Kravits va The Beach Boys ishtirok etgan.

Foto: EPA-EFE/STR

Ammo bu yilgi bahorda kurort Yevropadagi epidemiya «epimarkazi»ga aylandi, deb yozadi Der Spiegel.

 Ishgl Germaniya, Islandiya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Daniya va Irlandiyadagi koronavirus bilan bog‘liq yuzlab holatlar sababchisi bo‘ldi, deya qayd etadi Business Insider.

2 aprel holatiga ko‘ra, kurort va uning atrofida kasallik yuqtirish bilan bog‘liq 600dan ortiq holat qayd etilgan. Kurortda kasallik yuqtirganlar soni xorijda bundan ikki baravar ko‘p, deb yozmoqda Business Insider. Nashrning yozishicha, Yevropaning olti davlatida yuzlab bemorlar ushbu kurortda bo‘lganligi aniqlanmoqda.

Avstriya sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Ishgl koronavirusga chalinish manbaiga aylanganini aytdi, deb xabar berdi Reuters.

Mart o‘rtalarida Islandiya Ishglni Xitoy, Janubiy Koreya, Italiya va Eron kabi kasallik avj olgan hududlarga qiyoslagandi. Bunga javoban Avstriya hukumati Tirolda koronavirusga chalinganlar bo‘lishi ehtimoli juda kamligini bildirgandi.

 Oradan uch kun o‘tib, Ishgldagi muassasalardan birining barmeni koronavirusga chalingani aniqlandi. U bilan muloqot qilgan 22 kishi karantinga joylashtirildi va ulardan 15 nafari kasallik yuqtirgani ma'lum bo‘ldi. 

Avstriya hukumati barlarni yopishga qaror qildi, ammo kurort bir oz vaqt ishlashda davom etdi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, bugungacha Avstriyada koronavirus yuqtirganlar soni 14500dan oshgan, 410 kishi vafot etgan.

Mavzuga oid