O‘zbekiston | 08:21 / 10.07.2021
4691
2 daqiqa o‘qiladi

Murojaatdan keyin Miskin postidagi ikkita «stop» belgisi olib tashlandi

Ijtimoiy tarmoqda Qoraqalpog‘iston hududiga kiruvchi Miskin postida yo‘l patrul inspektorlari «stop» belgisini qo‘yib, haydovchilarga jarima yozishayotgani aks etgan video tarqaldi. Miskin YPX maskani To‘rtko‘l tumani A-380 G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynou yo‘lining 553-554 kmda joylashgan.

Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi voqea sodir bo‘lgan joyga borib vaziyatni o‘rgangan. Boshqarma matbuot xizmati murojaatni yo‘llagan fuqaro bilan suhbatlashgan.

Murojaatni yo‘llagan Sotimov Sanjarning aytishicha, ikki-uch kun oldin YPX maskaniga 2 ta «stop» yo‘l belgisi qo‘yilgan. Ma'lum bo‘lishicha, murojaatdan keyin ikkita belgi ham olib tashlangan. Haydovchilarga jarima bayonnomasi tuzish bekor qilingan.

Boshqarma matbuot xizmati katta inspektori Salavat Kallibekovning so‘zlariga ko‘ra, Miskin YPX maskanida «stop» belgisi o‘rnatilmagani bilan maskanga kirib kelaverishda 80,60,40,20 tezlikni cheklash belgilari o‘rnatilgan. Haydovchilar maskanga kirib chiqishda ushbu tezlik me'yorlariga amal qilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Xo‘jaylida haydovchiga qo‘l ko‘targan YPX xodimi bo‘yicha ma'lumot berilgandi.

Mavzuga oid