18:30 / 25.05.2020
29519

Haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi guvohnomaga almashtirish muddati uzaytirildi

O‘zbekistonda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga majburiy almashtirish muddati bir yilga cho‘zilib, 2021 yil oxirigacha deb belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 22 maydagi 319-sonli qarori bilan, hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi 25 may kuni ma'lum qildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi guvohnomaga majburiy almashtirish muddati 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi. Bundan avvalgi muddat 2020 yil 31 dekabr etib belgilangan edi.

Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar 2022 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi (ilgari 2021 yil 1 yanvar edi).

Bundan tashqari, avtomototransport vositasini 12 oy mobaynida boshqarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar qatoriga transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari uchun avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tgani to‘g‘risidagi guvohnoma va transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi ham qo‘shildi.

Eslatib o‘tamiz, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalarini berish 2017 yilda boshlangan edi.

Fuqaro haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun doimiy yashash joyidagi davlat xizmatlari markaziga, markazda bunday xizmat mavjud bo‘lmagan hududlarda YHXBning tegishli bo‘linmalariga murojaat qiladi.

Bunda fuqaro pasport, eski haydovchilik guvohnomasi va uning talonini taqdim etishi lozim. Eski guvohnomani yangisiga almashtirish uchun BHMning 70 foizi (hozirda 156 100 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

Top