Jamiyat | 13:56 / 22.11.2024
5124
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi, nega?

Bir o‘quvchining ikkinchisiga tan jarohati yetkazishi, haqoratli so‘zlar ishlatishi va boshqa bezoriliklar bo‘lgani sabab o‘quvchilar maktab hududida o‘zini xavfsiz his qilmaydi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar inctitutiga ko‘ra, bulling turlari orasida tovlamachilik o‘quvchilarning akademik natijalariga eng katta ta’sir qiluvchi holat hisoblanadi. Bu matematika, o‘qish va tabiiy fanlardan oladigan baholar pasayishiga sabab bo‘lishi aytilmoqda. Institut ayni muammoga yechim sifatida o‘z takliflarini ham keltirdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2022 yilda O‘zbekiston maktablari 15 yoshli xalqaro o‘quvchilarning bilimini baholash bo‘yicha dastur – PISA imtihonlarida ilk marta ishtirok etib, 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida esa 80-o‘rinni egallagandi. Unda 202 ta maktabdan 7 293 nafar o‘quvchi ishtirok etgan.

Hozirgi dunyoda deyarli mukammal hisoblangan bu dastur doirasida nafaqat ta’limiy ko‘nikmalar, balki boshqa yo‘nalishlarda ham o‘quvchilarga oid ko‘rsatkichlar, jumladan, bolalarning qay darajada bulling yoki zo‘ravonlikka uchrashi ham e’lon qilingan.

Maktab boshqaruv xodimlari orasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, sababsiz dars qoldirish (26 foiz), spirtli ichimliklar yoki taqiqlangan dori vositalarini iste’mol qolish (26 foiz) hamda o‘qituvchilarning darsga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmasligi (25 foiz) maktabda o‘quvchilarning ta’lim olishiga jiddiy salbiy ta’sir qiladi.

Shuningdek, maktab muhitiga aloqador boshqa omillar, masalan, o‘quvchilarning boshqa o‘quvchilarni qo‘rqitishi yoki zo‘ravonlik qilishi (20 foiz) hamda o‘qituvchilarning o‘quvchilarga nisbatan juda qattiqqo‘l bo‘lishi (8 foiz) ham ta’lim jarayoniga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkinligi aniqlangan.

Maktabda o‘zini xavfsiz his qilish

Maktabdagi muammolardan yana urishqoqlik (31 foiz), bir o‘quvchining ikkinchi o‘quvchiga tan jarohati yetkazishi (21 foiz), haqoratli so‘zlar

ishlatishi (21 foiz) va bezorilikka aloqador boshqa illatlar ham borligi aniqlangan.

O‘quvchilar ko‘proq o‘zlarini maktab hududida xavfsiz his etmasligini aytib o‘tgan. Masalan:

Yo‘lak, oshxona, hojatxonada – 20 foiz (IHTTda o‘rtachasi – 10,1 foiz, PISA o‘rtachasi – 12,5 foiz, Qozog‘iston – 14,2 foiz);

Maktabdan uyga qaytish yo‘lida – 15 foiz (IHTTda o‘rtachasi – 8,5 foiz, PISA o‘rtachasi – 10,2 foiz, Qozog‘iston – 13,5 foiz);

Maktabga borish yo‘lida – 14 foiz (IHTT o‘rtachasi – 8,2 foiz, PISA o‘rtachasi –10,1 foiz, Qozog‘iston – 15,6 foiz);

Maktab sinf xonasida – 14 foiz (IHTT o‘rtachasi – 6,9 foiz, PISA o‘rtachasi – 8,1 foiz, Qozog‘iston – 12,3 foiz).

Mazkur raqamlar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), PISA hamda Qozog‘istonning ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori. Ta’kidlanishicha, har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi va zo‘ravonlik yoki bezorilik guvohi bo‘ladi.

Bulling yoki zo‘ravonlik ko‘rsatkichlari – so‘rovnoma

So‘rovnoma o‘quvchilar o‘rtasida qo‘rqitishlar (19 foiz), maktab hududidagi to‘polonda jarohatlanishlar (16 foiz), maktab buyumlariga zarar yetkazish (14 foiz), maktabda bezorilar to‘dasining mavjudligi (9 foiz), o‘quvchining sovuq qurol bilan qurollanganligi (6 foiz) kabi zo‘ravonlik va bezorilik holatlari kuzatilganini ko‘rsatgan.

Bolalar shuningdek, o‘quvchilarning yomon gaplarni tarqatishi (21 foiz), boshqa o‘quvchilar bilan maktab hududida urishishi (17 foiz) va boshqa bolalar tomonidan ma’lum bir turdagi diskriminatsiyaga uchrashi (16 foiz) kabi holatlarga yilida kamida bir marotaba duch kelgan.

Tahlilda bir oyda bir necha marotaba bullingga duch keladigan

o‘quvchilar:

1. Jinslar kesimida o‘g‘il bolalar qiz bolalarga nisbatan

bullingga 3,7 foiz ko‘proq uchrashi aniqlangan.

O‘g‘il bolalar – 19,1 foiz

Qizlar – 15,4 foiz

2. Muhojir oila farzandlari esa muhojir bo‘lmagan oila farzandlariga qaraganda bullingga 13,6 foiz ko‘proq uchrashi ma’lum bo‘lgan.

Muhojir oila farzandi – 30,6 foiz

Muhojir bo‘lmagan oila farzandi – 17,1 foiz

3. Maktabning joylashuvi bo‘yicha shahardagi o‘quvchilar, qishloqdagi o‘quvchilarga nisbatan bullingga 3,8 foiz ko‘proq uchrashi aniqlangan.

Shahar hududidagilar – 19,4 foiz

Qishloq hududidagilar – 15,6 foiz

Tovlamachilik o‘quvchilarning akademik natijalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi – MHTI

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti PISA so‘rovnomalaridan kelib chiqib ba’zi o‘rganishlarini ma’lum qildi. Institutning repest modeli yordamida qilingan tadqiqot natijasiga ko‘ra, maktabda o‘quvchilar orasida yuzaga keladigan bulling holatlari ularning akademik baholariga jiddiy ta’sir o‘tkazadi. Institut buni turli keyslar kesimida ko‘rsatkichlari bilan bo‘lishgan.

Tadqiqot O‘zbekistonda maktab muhitidagi omillar, xususan, bulling va xavfsizlik o‘quvchilarning ta’lim olishdagi natijalariga salbiy ta’sir qilishini ko‘rsatgan. Institutga ko‘ra, xavfsizlik darajasining pastligi va bulling o‘quvchilarning matematika, o‘qish va tabiiy fanlardan natijalarini yomonlashtiradi. Ayniqsa, tovlamachilik va jismoniy tajovuz eng katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shundan kelib chiqib, natijalar ta’lim sifatini oshirish uchun maktablarda xavfsiz muhitni yaratish zarurligini ko‘rsatgan. O‘zbekistonda bullingni kamaytirish uchun quyidagilar taklif qilingan:

1. Finlandiya tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistondagi maktablarda bullingga qarshi KiVa dasturini amalga oshirish.

KiVa dasturi Finlandiyada Turku universiteti tomonidan bullingga qarshi ishlab chiqilgan va ilmiy asoslangan tashabbus bo‘lib, Finlandiya Ta’lim va madaniyat vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi. Uning samaradorligi keng ko‘lamdagi tadqiqotlar va tasodifiy nazorat qilinadigan sinovlar orqali ilmiy jihatdan tasdiqlangan.

2. Italiyaning “No Trap!” nomli bulling va kiberbullingga qarshi dasturini O‘zbekiston uchun joriy etish.

No Trap! (Noncadiamointrappola!) dasturi Italiyada o‘rta va yuqori maktab o‘quvchilari o‘rtasida bulling va kiberbullingning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan tashabbusdir. 2008 yilda ishlab chiqilgan ushbu dastur tengdoshlar tomonidan boshqariladigan yondashuvni qo‘llab, maktabda ijobiy muhit yaratishni maqsad qilib qo‘ygan.

Bundan tashqari, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning kuchga kirishi O‘zbekistonda bolalarni ular duch keladigan har qanday turdagi zo‘ravonlikdan himoya qilishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, qonunda bolaga nisbatan zo‘ravonlik tushunchasi va jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlikdan tashqari uning yangi shakllari – g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilar ham e’tirof etilgan.

Mavzuga oid