“Qurollar qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, milliy g‘urursiz ish bitmaydi” - maktablarga harbiy darslar nega kerak?
Quroldan mahoratli otishni yoki raqibni yakson qilishni ko‘r-ko‘rona o‘rgatish yaramaydi. Balki yoshlarga qurol-aslahalarni vatanparvarlik va yurt sha’ni uchun himoya vositasi sifatida tushuntirish kerak, deydi Mudofaa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi” harakati rahbari Bahrom Zulfiqorov.
7 noyabr kuni rasmiylar bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoyev chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari shtati Mudofaa vazirligiga o‘tishini ma’lum qildi hamda sohada yangiliklarni belgilab berdi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Vatan tayanchi bolalar va o‘smirlar harbiy vatanparvarlik harakati rahbari, polkovnik Bahrom Zulfiqorov ChQBT fanining ahamiyati, maktablarda bolalar o‘rgatiladigan texnikalar va rejalar haqida Kun.uz'ga ma’lumot berdi.
«Bundan bir necha yil oldin maktablarda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani yo‘q edi. Bir vaqtlar bu fan mavjud bo‘lgan, lekin orada uzilish bo‘lib qolgandi. Mana, hozir maktablarga qaytganiga ham qariyb uch yil bo‘lib qoldi.
Bugungi kunda tizim uchun alohida, yagona o‘zining dasturini muvofiqlashtirish ehtiyoji sezildi. Chunki darslar o‘sha oldingi dasturlar talablariga mos ravishda qilingan edi va aniq yagona o‘quv qo‘llanmalari yo‘q edi. Bu fan bo‘yicha vazifa qo‘yildi: o‘quvchilarga va o‘smirlarga qanday o‘qitish kerak, qaysi mavzular bo‘yicha o‘qitishimiz kerak, degan masalalar hal qilinmoqda.
Hozirgi kunda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani bo‘yicha yagona o‘quv qo‘llanmasi va kitoblari ishlab chiqishga kirishilgan. Bunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, shuningdek, Mudofaa vazirligining harbiy kadrlar tayyorlash boshqarmasi bilan birgalikda aniq va mantiqiy dastur ishlab chiqilmoqda.
Bugungi dunyodagi tezkor global sharoitda, har xil tahdidlar rivojlanganda va chegarasiz ta’sirlar dunyosida millatni saqlab qolish va xalqlarning o‘zligini saqlash masalalari dolzarblashdi. Bu dunyoda o‘zini davlat sifatida saqlab qolish uchun avvalo o‘zining tarixini, an’analari va milliy qadriyatlarini saqlash kerak. Bu hammaga ma’lum.
Aynan yuqori sinf o‘quvchilari ertaga jamoatga chiqadi. Ertaga ular talaba bo‘ladi, balki chet davlatlarda o‘qishi mumkin. Butun dunyoga, jahon musobaqalaridan yoki fan olimpiadalaridan chiqqan paytda, ular O‘zbekiston farzandi ekanligini, yurtiga taalluqli ekanligini namoyon qilishi kerak. Shu maqsadda harbiy vatanparvarlik yo‘nalishida kuchliroq ta’sir o‘tkazish nazarda tutiladi.
Ertaga maktablarni tamomlagan ko‘p o‘smirlar milliy armiyamiz saflariga keladi. Bugun davlatimiz va hukumatimiz tomonidan har qancha zamonaviy qurollar va texnologiyalar bilan qurollantirilsak ham, agar uning qalbida vatan va milliy g‘urur bo‘lmasa, bunday yoshlar topshirilgan vazifani to‘liq his qilmaydi. Aslida, kerak bo‘lsa jonini xatarga qo‘yib xizmat qilishga tayyor bo‘ladigan bo‘lishi kerak. Shu maqsadda harakat qilinmoqda.
Bu dunyoda har narsa yoki predmet xohlagan maqsadda ishlatilishi mumkin. Bunda ezgu niyat yo‘lida, ruhan tetik hamda ishonch bilan ishlatishga o‘rgatiladi. Aynan shu fan, vatanparvarlik yo‘nalishidagi suhbatlar yoki ChQBT mashg‘ulotlarida yoshlarga qo‘lida turgan qurolning jangovar tajribalardan o‘tganligi va sinovlarda sinalganligi o‘rgatiladi.
Agar bu qurol dushman qo‘liga tegsa, tinch aholiga talafot yetkazishi mumkin. Biroq himoyachi vatanparvar qo‘lida bo‘lsa, millionlab insonlarning hayotini saqlab qolish uchun foydalanilishi mumkin. Shu orqali yoshlarning ongiga milliy armiyaning mavjud qurol va aslahalariga qanday munosabatda bo‘lish, qanday foydalanish kerakligini va ularni vatan himoyasi uchun vositasi sifatida ishlatishni anglatish kerak. Buni oddiy pichoqning oshxonada foyda keltirish uchun ham yoki boshqalarga zarar keltirish uchun ham ishlatilishi mumkinligidan ko‘rishimiz mumkin.
Shunga ko‘ra, yoshlarning ongiga qurol-aslahalarni vatanparvarlik va yurt sha’ni uchun himoya vositasi sifatida ishlatish tushunchasini singdirib borish kerak. Shunchaki ko‘r-ko‘rona undan mahoratli otishni o‘rganish yoki raqibni yakson qilish tushunchalarini o‘rgatmaslik lozim. Bu juda muhim.
Agar mana shunday darslar bo‘lmasa va unga ham ruhiy, ham ma’naviy mashg‘ulotlarda ma’ruza o‘qilib, to‘g‘ri o‘rgatilmasa, qurolni qo‘liga olgan odam xavfli shaxsga aylanishi mumkin. Shuning uchun biz ularning qalbiga shunday kuchli ishonch va ezguliklarni joylashtiramiz», — deydi Bahrom Zulfiqorov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 7 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktablarda musiqa, jismoniy tarbiya va harbiy vatanparvarlik fanlari sifatini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi.
Uchrashuvda prezident fuqarolarning vatanparvar bo‘lishida harbiy xizmatchilar, chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari o‘rnak bo‘lishlari kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, endilikda chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tishi hamda bu vazifaga Qurolli Kuchlar zaxirasidagi harbiylar ishga qabul qilinishi ma’lum qilindi.
Mavzuga oid
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
16:00 / 11.11.2024
Xavotir bilan boshlangan xayrli ish – Farg‘onadagi maktab olma bog‘idan yaxshigina daromad olyapti
18:23 / 07.11.2024
Chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik o‘qituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga o‘tadi
09:30 / 05.11.2024