«Menga eng katta bahoni xalqimiz berdi» - 9 o‘quvchisi olimpiadada g‘olib chiqqan farg‘onalik muallim
Farg‘onalik o‘qituvchining 9 o‘quvchisi olimpiadada g‘olib bo‘lgani ijtimoiy tarmoqlarda dovrug‘ qozondi. Ustoz Odinaxon Yo‘ldosheva butun O‘zbekistonga tanildi.
Ustozni so‘roqlab, ularning ish jarayonlari bilan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 65-IDUMIga tashrif buyurdik. U maktabda informatika va axborot texnologiyalari fanidan o‘quvchilarga saboq berib keladi. 27 yillik pedagoglik faoliyatiga ega tajribali ustoz, xalq ta’limi a’lochisi. O‘quvchilari har yili viloyat va respublika fan olimiadalari, bilimlar bellashuvlarida doimo g‘oliblar qatorida bo‘ladi.
«Yutuqlarni qo‘lga kiritishda o‘quvchilarimning mehnati ham bor. O‘qituvchi yo‘nalish beradi, yo‘lga soladi. O‘quvchilarning o‘zi harakat qiladi. 2004-2007 yillarda o‘quvchilarim bilan respublika fan olimpiadalarida qatnashganmiz. 2011 yilda «Bilimlar bellashuvi»da respublikada ikkinchi o‘rinni olganmiz. O‘zim xuddi shu yili «Yil o‘qituvchisi» tanlovida respublikada ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganman. Ijtimoiy tarmoqlarda bunchalik mashhur bo‘lib ketishimni kutmagan edim. Xalqimiz ilmga, ilm beruvchi ustozga bunchalar e’tibor berishini ko‘rib faxrlanib ketdim kasbimdan. AKT sohasida o‘quvchilarga saboq berayotganimdan faxrlanaman. Ushbu kasb hozirda dunyo bo‘yicha birinchi raqamli kasblardan hisoblanadi. Oddiy Filippindek davlat ham bu fanni rivojlantirib hozirda dunyoda bu sohada o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda. AKT bizning davlatimizning kelajakda ishsizligini yo‘qotishga qodir fan deb hisoblayman», — deydi ustoz biz bilan suhbatda.
Maktab jamoasining ta’kidlashicha, AKT sohasida ustozning ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan olimpiadachi o‘quvchilaridan boshqa o‘quvchilari ham katta yutuqlarga erishmoqda. Ko‘plab o‘quvchilar «Million dasturchi» loyihasida qatnashib, kurslarni tugatmoqda. Xalq ta’limi vazirligining Coursera onlayn o‘quv platformasida kurslarni bitirishgan. Ushbu kurslarni a’lo baholarga o‘qigan o‘quvchilardan biri Shohrux Rustamov vazirlikdan sovg‘aga noutbuk qo‘lga kiritdi.
«O‘quvchilarimiz darslari tugagan zahoti xonamga yuguradi, bizda maktab internat yotoqli bo‘lib, o‘quvchilarga hattoki tarbiyachi o‘qituvchilar nazoratida kechqurunlari ham kompyuterlarimizni yoqib vazifalar bajarishadi. Kompyuter xonamiz tun-u kun tinmaydi», — deya o‘z o‘quvchilarini olqishlaydi ustoz Yo‘ldosheva.
Shuning samarasi bo‘lsa kerak, o‘qituvchining maktabda tahsil oladigan 9-10-11-sinflardan olib chiqqan 9 nafar o‘quvchisining barchasi viloyat fan olimpiadasida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Reportajni tayyorlash jarayonida Odinaxon opa bilan sobiq o‘quvchilari haqida ham suhbatlashdik. O‘quvchilarning ko‘plari dasturlash bo‘yicha maktabda o‘qib yurgan paytidanoq pul toparkan. IDUMIning 90 foiz bitiruvchilari Oliy o‘quv yurtlariga kirishini faxr bilan aytdi. Dasturlashga qiziqqan o‘quvchilarini ingliz tili va matematika fanlariga alohida e’tibor berishini ta’kidladi, to‘qqizta g‘olib o‘quvchilari orasidagilar ingliz tilidan IELTS xalqaro sertifikatlariga ega ekan.
Ustozga havas qildik. Afsuski, shunday fidoyi ustoz davlat mukofotiga loyiq ko‘rilmagani bizni taajjublantirdi. «Menga eng katta bahoni xalqimiz berdi. Shuning o‘zi men uchun yuksak mukofot», — deydi ustoz biroz xijolat va kamtarlik bilan.
Qahramonimizning ta’limdagi muammolar haqida takliflari bilan qiziqdik. Garchi ular mikrofonga bu xaqida gapirishga tortingan bo‘lsalar-da, eng avvalo ta’limda korrupsiyani yo‘qotish kerakligini bildirdi.
«Ta’limdagi korrupsiya millatni tanazzulga tortadi. Olimpiadalar shaffofligini ta’minlash kerak, bu yil bu borada katta qadam bosildi. O‘qituvchilarimiz o‘z ustida ishlashlari shart, o‘quvchidan albatta bilimli bo‘lishi shart. Ota-onalar bilan o‘qituvchi birligini mustahkamlashimiz kerak», — deydi u.
Ayni kunlarda Odinaxon Yo‘ldosheva o‘quvchilari bilan respublika fan olimpiadasiga tayyorgarlik olib bormoqda. Rag‘bat va e’tibor har bir sohada kerakli bo‘lgan narsa. Chunki ozgina e’tibor ham mehnati qadrlangan insonning o‘z kasbiga bo‘lgan mehrini, ishchanligini oshiradi.
Biz maqolani tayyorlash jarayonida O‘zbekiston tumani hokimligidan ustoz Odinaxon Yo‘ldosheva hamda ularning o‘quvchilarini erishgan muvaffaqiyatlariga qaratilgan e’tibor bo‘yicha munosabat so‘radik.
Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Dilshodbek Jabborovning bildirishicha, o‘qituvchining muvaffaqiyatlaridan so‘ng, tuman hokimi ularning hammalari bilan alohida suhbatlashib, yutuqlarini alohida e’tirof etib tabriklagan. O‘quvchilar fan olimpiadasining respublika bosqichida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritishsa — har bir o‘quvchi uchun shaxsiy kompyuter, ularni tayyorlagan ustozlariga esa eng kami 2 mln. so‘mdan mukofot pullarini o‘tkazib berishni va’da qilgan.
Odinaxon Yo‘ldosheva hamda respublika fan olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan o‘quvchilariga omad tilab qolamiz.
Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
13:52 / 05.01.2025
Farg‘onada bolaning hayotini xavf ostida qoldirgan enaga ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
17:30 / 28.12.2024
“Bir o‘limdan qolgan qizaloq”: Farg‘onada enagaga topshirilgan bola o‘lasi qilib kaltaklandi
16:56 / 22.12.2024
Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan zapravka buzilmoqda - video
22:57 / 21.12.2024