O‘qish va ishlash uchun Kanadaga borish, viza masalalari va maoshlar - Torontodagi o‘zbek yuristi bilan suhbat
Kanada ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan dunyo miqyosida qudratli davlatlar qatorida turadi. Tabiiyki, aksar rivojlangan davlatlar qatori Kanadaga ham ishlash va yashash maqsadida borish istagidagi insonlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Kanada ham xorijliklarning mamlakatga kelib ishlashi uchun qator immigratsiya dasturlariga ega. Ushbu dasturlar va Kanadaga borish uchun viza turlari, ularni olish yo‘llari, immigrantlarga qo‘yiladigan talablar haqida esa hamma ham bilavermaydi. Biz shu mavzuda Kanadada o‘z yuridik firmasiga ega o‘zbekistonlik yurist Rahmatjon Sobirov bilan suhbat tashkil etdik.
– Rahmatjon aka, avvalo, o‘zingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz.
– Hozirda Kanadaning Toronto shahrida yashayman. Kanadaga ko‘chib o‘tganimga 15 yil bo‘ldi. Kanadada advokatlik bilan shug‘ullanaman. Shuningdek, Sobirov’s Law Firm yuridik firmasini boshqarib kelaman.
Firmamiz asosan chet ellik sarmoyadorlar va tadbirkorlarga Kanada bozoriga kirib kelishda immigratsiya masalalarida yordam beradi.
– Kanadaga borish uchun viza olishning qanday yo‘llari bor?
– Kanadaning immigratsion tizimi va siyosatini tushunmasangiz, Kanadani boshqa davlatlarga o‘xshatib yuborishingiz mumkin. «Masalan, Koreya yoki Yaponiyaga boryapmiz, nega Kanadaga bora olmaymiz?» deyishadi. Bu xato. Shuning uchun Kanadani tanib olishimiz kerak.
Kanada 37 million aholisi bo‘lgan, dunyoning eng rivojlangan 10 ta davlatidan biri. Yalpi ichki mahsuloti, yashash sharoiti va iqtisodi juda rivojlangan davlat. Shu bilan birga, ayni vaqtda muammolari bor: Kanadada tug‘ilish kam.
Ayrim iqtisodchilarning fikricha, Kanada aholisi 50 millionga chiqishi kerak. Shundagina iqtisod bundanam yaxshi rivojlanadi. Shuning uchun Kanada immigratsion siyosatga katta e’tibor bermoqda.
Kanada hech qachon lotoreya yoki omadga bog‘liq immigratsion dasturlar chiqarmagan. Faqatgina kuchli tanlov ostida ilmli, o‘rta yoshli, tilni yaxshi biladigan, tajribali odamlar kelishi uchun juda ko‘p dasturlar yaratib qo‘ygan.
Eng mashhur dasturlaridan biri – «Express entry», ya’ni Kanadaga tezda kirish dasturi. Bunga o‘xshash 60dan ziyod immigratsion programmalar bor.
Kanadaga kelishga qaror qilgan inson birinchi navbatda o‘zini tanib olishi kerak. Ya’ni qanday muvaffaqiyatlarga erishgan, yoshi to‘g‘ri keladimi, sarmoyasi bormi kabi savollarga javob topishi kerak.
Kanada har yili 350 mingga yaqin insonni qabul qiladi. Bundan tashqari, yiliga 500 mingga yaqin talaba o‘qishga keladi. Kanada keyingi 3 yil ichida 1 millionga yaqin immigrant olishni rejalashtiryapti. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. 1 million immigrant degani bu – tanlovdan o‘tgan, talablarga javob beradigan, tilni yaxshi biladigan insonlar bo‘ladi deganidir.
– Talaba vizasi haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Kanadada 2ta asosiy til bor: ingliz va fransuz tili. Shu 2ta tildan bittasini albatta bilish kerak. O‘zbekiston fuqarosi shu tillardan IELTS yoki TCF olishi kerak. Ko‘pchilik til o‘rganish uchun kelmoqchi bo‘ladi, lekin O‘zbekistonda turib, til o‘rganishga poydevor qo‘ymasdan, til o‘rgangani Kanadaga boraman desa, elchixonadan viza olishi qiyin bo‘ladi.
Kanadaning eng mashhur universitetlari biriga tanlov asosida qabul qilinib, viza olishga kirsangiz, uni olish imkoniyatingiz yuqori bo‘ladi. Tajribamdan kelib chiqib aytaman, obro‘li universitetlarga va fakultetlarga o‘qishga kirgan vatandoshlarimiz kelishmoqda; soni kam, lekin kelishmoqda. Kelganlar orasida to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘zbekistonda o‘qib kelayotganlar emas, balki Yaponiya, Koreya va Yevropada o‘qigan yigit-qizlar ko‘proq.
Talablarga keladigan bo‘lsak, asosiy talablar ikki xil: rasmiy talablar va viza olish talablari. Ba’zilar bor, o‘qishga kiradi, lekin viza ololmaydi. Bu ularning o‘tmishi, shuningdek, talaba sifatida qabul qilingan universitetining mamlakatdagi reytingiga ham bog‘liq.
– Talabalarga Kanadada ham o‘qib, ham ishlash uchun qanday imkoniyatlar bor?
– Kanadada talabalar haftasiga 20 soat ishlashlari mumkin. Ta’til vaqtlarida esa haftasiga 40 soatgacha ishlash huquqiga ega bo‘lishadi. Agar bu yerda bir yil tahsil olgan bo‘lsangiz, bir yillik, agar ikki yil o‘qigan bo‘lsangiz, ikki yoki undan ko‘proq muddatga ishlash huquqiga ega bo‘lasiz.
Kanadada o‘qigan va ishlagan talabalar uchun immigratsiya yo‘llari ochiq bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘qish yoki ishlash mobaynida o‘z oilangizni ham olib kelish huquqingiz bor.
– O‘zbekistonliklar Kanadada ishchi-viza olishlari uchun qanday talablar bor?
– Ingliz yoki fransuz tillarini biladigan aka-uka yoki opa-singillarimiz Kanadaga mos ravishda rezyume tayyorlashlari kerak bo‘ladi. Ayniqsa, IT-yo‘nalishida mutaxassis bo‘lganlar uchun kengroq imkoniyatlar mavjud.
Fransuz tilini biladiganlar asosan ingliz tilida gaplashadigan joylardagi korxonalarga murojaat qilishsin. Sababi – Kanadada ingliz tili ko‘p foydalaniladigan hududlarda 5 foiz fransuz tilini biladigan ishchilar bo‘lishi shart qilib qo‘yilgan.
– Ishchi-vizani qo‘lga kiritish uchun qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?
– Fransuz tilini o‘rganish. Chunki fransuz tilini bilganlarga imkoniyatlar ko‘proq.
– Turistik viza haqida ma’lumotlar bersangiz.
– Tur-vizalarning ko‘plab turlari bor va bunday vizalar berilayotganda ham juda ko‘p jihatlarga e’tibor qaratiladi. Misol uchun, viza oluvchi oldin ham sayohat qilganmi, moddiy ta’minoti yetarlimi, o‘z yurtida ota-onasi, oilasi bormi, mol-mulkka egami, kabi jihatlar o‘rganib chiqiladi. Chunki turistik viza o‘n yil muddatga, ko‘p marotaba foydalanish uchun beriladi.
– O‘zbekiston vatandoshlari Kanadada qanday ishlar bilan shug‘ullanishadi, ularning maoshlari qancha va bizning vatandoshlarga nisbatan munosabat qanaqa?
– O‘zbekistonliklar bu yerda turli sohalarda ishlashadi. Bular – huquq, iqtisod, bank, restoran, turizm sohalari. Lekin o‘zbekistonliklar juda kam, chunki Kanada vizasini olganlar odatda yuqori toifadagi mutaxassislar bo‘lishadi.
– Kanadadagi maoshlar haqida ham ma’lumot bersangiz.
– Maoshlar miqdori hududlarga qarab har xil. Masalan, bizning hududda soatiga eng kam ish haqqi soatiga 15 kanada dollari (taxminan 11,3 AQSh dollari – tahr.). Bu maoshga kafe, restorandagi oddiy xodimlar ishlashadi. Qolgan maosh mutaxassislarning tajriba va mahoratiga ko‘ra oshib boraveradi. Qurilish sohasidagilar maoshi soatiga 25 kanada dollaridan boshlanadi.
– Oylik xarajatlar qanchaga tushishi mumkin?
– Torontoda yolg‘iz ishchi uchun yeb-ichish va ijara bilan 1500–2000 kanada dollari (1130–1500 AQSh dollari) sarflanadi.
Suhbatning birinchi qismini to‘liq Kun.uz'ning YouTube'dagi kanali orqali tomosha qilishingiz mumkin. Tez orada e’lon qilinadigan ikkinchi qismda o‘zbek biznesmenlari Kanada bozoriga qanday kirishi mumkinligi, oylik maoshlar, Kanadaga soxta viza tayyorlab beruvchi firibgarlar kabi boshqa masalalarda ham so‘z bordi.
Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
08:50
Kanadada O‘zbekiston bosh konsulxonasini ochish rejalashtirilmoqda
21:31 / 10.01.2025
“Tramp bezori, Mask esa tentak” – kanadaliklar AQSh tarkibida bo‘lishni xohlaydimi?
17:27 / 09.01.2025
Imperialist Tramp: u ham xuddi Putindek qo‘shnilarning yerlariga ko‘z olaytirmoqda
16:16 / 09.01.2025