13:00 / 26.06.2024
10479

Haniyaning uyiga tushgan bomba, Netanyahu rafiqasining xavotirlari va Shoygu-Gerasimov juftligi uchun order - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Bugungi kunga kelib G‘azo sektorida ko‘plab infratuzilma obektlari va turar joy binolari vayron qilingan.

Turli insonparvarlik tashkilotlarining ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon G‘azoda vayronaga aylangan uylar soni 10 mingdan oshgan. Minglab odamlar boshpanasiz qolgan.

150 dan ortiq masjidlar vayron qilingan yoki jiddiy talafot ko‘rgan.

Uy va masjidlardan tashqari maktablar, kasalxonalar va tijorat obektlari kabi ko‘plab binolar ham vayron qilingan yoki zarar yetkazilgan. Baholashlarga ko‘ra, bunday obektlar soni 20 mingdan oshadi.

Isroil aviatsiyasi HAMASning siyosiy qanoti yetakchisi Ismoil Haniyaning G‘azo sektori shimolidagi uyiga zarba berdi. Haniyaning qarindoshlaridan kamida 13 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Ular orasida uning opasi ham bor. Haniyaning o‘zi ayni paytda Qatarda istiqomat qilib kelmoqda. Urush boshlanganidan buyon HAMAS yetakchisi 17 nafar qarindoshidan ayrilgan.

Bugunga kelib, G‘azoda o‘lganlar soni 37 ming 658 kishiga yetgan. Yaradorlar soni 86 ming 237 kishini tashkil etmoqda. So‘nggi sutka ichida Isroil yana uchta ommaviy qirg‘in o‘tkazgan. 32 kishi o‘ldirilgan, 139 kishi yarador bo‘lgan.

7 oktyabrdan buyon Isroil tomonidan hisobga olinib, qamoqxonalarda saqlanayotgan falastinliklar soni 9 ming 385 nafarni tashkil etmoqda.

AQShdagilar Isroildan shokda

Isroilliklar falastinliklarga qanday muomala qilayotganidan AQShdagilar shokka tushib qolishdi.

24 iyun kuni AQSh Davlat departamenti Isroil harbiy jipiga bog‘lab sudralgan yarador falastinlik tasvirlangan videoni «shokka tushiruvchi» deb atagan. Vashington tezda surishtiruv o‘tkazib, aybdorlarni jazoga tortishni talab qilgan. Lekin uning chaqiriqlari odatiy tarzda javobsiz qolgan.

«Bu videoda nimalarni ko‘rganimizni aytib beraman. Bu insonni shokka tushiruvchi bir holat edi. Bunday amaliyotga toqat qilib bo‘lmaydi. Insonlardan hech qachon tirik qalqon sifatida foydalanmaslik kerak», — degan Davlat departamenti vakili.

22 iyun kuni Jyenin shahrida uyushtirilgan reyd davomida Isroil harbiylari ismi Mujohid Nazmiy bo‘lgan yarador falastinlikni harbiy jip kapotiga bog‘lab sudrashgan.

Isroilning mudhish rejalari

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelga ko‘ra, Isroil Falastinning G‘arbiy sohildagi yerlarini to‘liq o‘ziga qo‘shib olishga hozirlanmoqda.

«Urush G‘azo sektoridagi falastinliklar o‘z davlatini saqlab qolish-qola olmasligini tekshiruvdan o‘tkazib beradi», — deya qo‘shimcha qilgan Borrel.

Unga ko‘ra, Isroil G‘arbiy sohilni to‘liq anneksiya qilishga intilib kelmoqda.

«Aftidan, kam-kamdan, qadamma-qadam G‘arbiy sohilni anneksiya qilishga ochiq intilish bordek. Bu niyat tushunarli. Va bu tinchlik o‘rnatilishiga xizmat qilmasligi ham aniq», — degan Borrel Lyuksemburgda o‘tgan yig‘ilishda.

«Urush uzoq davom etadimi?» deya berilgan savolga javoban Borrel: «Aftidan, shunday», deb javob bergan.

Diplomatning qayd etishicha, ayni paytda G‘arbiy sohildagi 300 dan ziyod noqonuniy yahudiy manzilgohlarida 700 mingga yaqin aholi yashamoqda. Ularning barchasi xalqaro huquqqa ko‘ra bu yerlarga noqonuniy joylashganlar hisoblanadi. Chunki G‘arbiy sohil va G‘azo sektorini BMT Falastin davlatining okkupatsiya ostidagi hududi deb hisoblaydi.

Bu orada Isroilning ultrao‘ng moliya vaziri Betsalel Smotrich G‘arbiy sohilni yutib yuborish zaruriyati haqida yana og‘iz ochgan. Unga ko‘ra, hukumat ushbu yo‘nalishda faolroq harakat qilishi kerak.

Netanyahuning xotini tahlikada

Isroil armiyasi yahudiylar davlati rahbari Binyamin Netanyahuga qarshi davlat to‘ntarishi amalga oshirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Isroil bosh vazirining rafiqasi Sara Netanyahu HAMAS tomonidan garovga olinganlarning oila a’zolari bilan uchrashuvda bayonot bergan.

Uchrashuvda Netanyahuning rafiqasi oliy martabali harbiylarga ishonmasligini bir necha bor takrorlagan.

Asirlarning oila a’zolari Sara Netanyahuning gapini bir necha bor bo‘lib, armiyadan shubhalanmaslik kerakligi, chunki qarindoshlarining taqdiri armiya harakatlariga bog‘liq ekanligini bildirishgan. Bunga javoban Sara Netanyahu barcha harbiylar emas, oliy rutbali qo‘mondonlarga ishonmasligini bildirgan.

Isroil bosh vaziri rafiqasining bayonotlari uning o‘g‘li Yair Netanyahuning armiyani tanqid ostiga olib qilgan chiqishidan bir necha kun o‘tgach oshkor qilinmoqda. Shanba kuni Yair Netanyahu armiya bosh shtabi boshlig‘i Hersi Halevi, umumiy xavfsizlik xizmati rahbari Ronen Bar va iste’foga chiqayotgan harbiy razvedka boshlig‘i Aaron Xalivani «o‘taketgan omadsizlar» deb atagan.

Shoygu va Gerasimovga order

Haagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiyaning sobiq mudofaa vaziri, Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovni hibsga olishga order berdi.

«II Xalqaro jinoiy sudning sudgacha bo‘lgan palatasi Ukrainada 2022 yil 10 oktyabrdan kamida 2023 yil 9 martiga qadar sodir etilgan ehtimoliy xalqaro jinoyatlar bo‘yicha ikki shaxsni — Sergey Shoygu va Valeriy Gerasimovni hibsga olish uchun order berdi», deyiladi sud bayonotida.

Xalqaro jinoiy sudning aniqlik kiritishicha, «ikki gumondor Rossiya harbiy kuchlari tomonidan Ukraina elektr infratuzilmasiga uyushtirilgan raketa hujumlari uchun javobgar deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud».

Sud Ukraina energetika tizimiga qilingan hujumlarning maqsadga muvofiq emasligi va tinch aholiga ko‘proq zarar yetkazganiga ishonmoqda.

Rossiya Xavfsizlik Kengashi matbuot xizmatiga ko‘ra, Sergey Shoyguga qarshi qaror «umuman e’tiborga arzimaydi» va «G‘arbning Rossiyaga qarshi gibrid urushining bir qismi sifatida» qabul qilingan.

Trampga taqdim etilgan reja

AQShning sobiq prezidenti va yangi prezidentlik saylovlariga hozirlik ko‘rayotgan Donald Tramp Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha o‘z maslahatchilari tomonidan tayyorlangan rejani o‘rganib chiqmoqda, deb xabar beradi Reuters.

Donald Trampning ikki asosiy maslahatchisi agar u prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha rejani taqdim etishgan. Kit Kellogg va Fred Flyaytsning rejalariga ko‘ra, Ukraina tinchlik muzokaralariga kirishsa, AQShdan yanada ko‘proq qurol-yarog‘ oladi, deb yozadi Reuters.

Rejaga ko‘ra, sulh muzokaralari chog‘ida to‘qnashuv chiziqlarida o‘t ochishni to‘xtatish joriy etiladi. Flyayts sobiq prezident bunday strategiyani ijobiy qabul qilganini ta’kidlagan.

Jurnalistlarga ko‘ra, Kellogg va Flyaytsning strategiyasi saylovda g‘olib chiqsa Ukrainadagi urushni tezda tartibga sola olishini ta’kidlagan Tramning hammaslaklari tomonidan ishlab chiqilgan eng batafsil reja hisoblanadi.

Reuters maqolasida yozilishicha, rejaning asosiy elementlari «Amerika barchasidan ustun» siyosiy instituti tomonidan e’lon qilingan ochiq tadqiqot ishida bayon etilgan. Kelloggning qayd etishicha, agar saylovda Tramp g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, Rossiya va Ukrainani muzokara stoliga tezroq o‘tqazish muhim ahamiyat kasb etadi.

«Biz ukrainaliklarga sizlar muzokara stoliga o‘tirishlaringiz kerak, aks holda AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlash yakunlanadi, deymiz. Rossiya prezidenti Vladimir Putinga esa muzokaraga kirishish lozimligi aks holda, Ukrainaga jang maydonida g‘alaba qozonish uchun barcha zarur qurol-yarog‘lar berilishini aytamiz», — degan Kellog.

Flyaytsning qayd etishicha, ularning rejasiga ko‘ra Ukraina formal jihatda Rossiya foydasiga o‘z hududlaridan voz kechishi kerak emas. Biroq, unga ko‘ra, yaqin istiqbolda Kiyev barcha hududlari ustidan samarali nazorat o‘rnata olishi amri mahol: «Bizni ushbu urush yosh yigitlarning butun bir avlodini qirib yuborayotgan holdan toydiruvchi urushga aylanib ketayotgani tashvishlantirmoqda», – degan u.

Kellog va Flyaytsning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun Ukrainaga qo‘shimcha xavfsizlik kafolatlari kerak. Flyaytsga ko‘ra, «tish-tirnog‘igacha qurollangan Ukraina» buning asosiy elementiga aylanishi ehtimoli bor.

Oy tuprog‘i keltirildi

Xitoyning «Changyye-6» zondi Oyning teskari tomonidagi tuproq jinslari namunalari bilan Yerga qaytgan tarixdagi ilk kosmik apparatga aylandi. Oy tuprog‘i namunalari Janubiy qutb-Eytken havzasida to‘plangan.

25 iyun kuni zonddan tushirilgan Oy tuproq jinslari namunalari bo‘lgan kapsula Xitoyning Ichki Mo‘g‘uliston provinsiyasiga qo‘ngan, deb xabar bermoqda «Sinxua».

«Changyye-6» Oy missiyasi 53 kun davom etdi. Namuna olish Janubiy qutb-Eytken havzasida, Oyning teskari tomonidagi eng katta kraterda amalga oshirildi. Materialni ajratib olish uchun zond maxsus burg‘ilash moslamasi va robot qo‘ldan foydalangan, deb yozadi «Sinxua». Muvaffaqiyatli namunalar yig‘ilgandan so‘ng, kraterga XXR bayrog‘i o‘rnatildi.

Tadqiqot olimlarga Yerning sun’iy yo‘ldoshi shakllanishi borasida qimmatli ma’lumotlar berishi mumkin. Mahalliy mutaxassislar tomonidan namunalar o‘rganib chiqilganidan so‘ng, Xitoy materiallarni jahon ilmiy hamjamiyatiga taqdim etishga va’da bergan.

Oyning teskari tomoni, xususan, Janubiy qutb tadqiqotchilarni o‘ziga jalb qiladi, chunki bu mintaqada suv muzlari topilishi mumkin. 

Top